15:30 / 25.02.2023
11276

Mahalla va ko‘chalarga boshqa nom berish uchun aholi qayerga murojaat qilish kerak?

Geografik obektlarga nom berishda aholi fikri albatta inobatga olinadi. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar bilan buning tartibi aniqlashtirildi. Kadastr agentligi mas’ullari bunday takliflar qanday taqdim etilishi haqida so‘zlab berishdi.

24 fevral kuni milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kadastr agentligi boshqarma boshlig‘i Ixtiyor Ergashev «Geografik obektlar nomlari to‘g‘risida»gi qonunda obektlarni nomlashda mahalliy aholining fikrini hisobga olish belgilangan bo‘lsa-da, uning tartibi ochib berilmaganiga urg‘u berdi.

«Natijada, amaliyotda turli muammolarga duch kelingan. Amalda aholi punktlariga nom berish tuman, shahar deputatlari kengashlariga berilgani sababli tarkibida bir nechta tumanlar bo‘lgan Toshkent, Namangan kabi shaharlar, Tuman va shahar nomi o‘xshash bo‘lgan Shahrisabz va Kattaqo‘rg‘on kabi shaharlarda ikki va undan ortiq tumanlarni kesib o‘tgan geografik obektlarga nom berish yoki qayta nomlash uchun har bir shahar/tuman kengashi qaror chiqargan. Shuning uchun bitta hudud ikki xil nomlanib qolgan holatlar ham kuzatilgan», – dedi Ixtiyor Ergashev.

Endi esa geografik obektlarni nomlashda aholi fikrini inobat olish tartibining aniq mexanizmlari belgilandi. 2022 yilda qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, geografik obektlarni nomlash uchun aholi mahalla fuqarolar yig‘inlariga murojaat qilishi yoki Kadastr agentligining «Geografik obektlarning davlat reyestri» veb-portali orqali taklif berishi mumkin.

«Asosiy masala shundaki, takliflar tumandagi hududiy komissiya, ya’ni tuman hokimligiga kelib tushadi va u yerda ko‘rib chiqiladi. Keyin [taklif qilingan] nomni qabul qilish bo‘yicha viloyat komissiyasiga yuboriladi va davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi. Bu ketma-ketliklar qonunda belgilab o‘tilgan. Qonun qo‘shimcha hujjatlarsiz va to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan normalar belgilangan», – dedi agentlik mas’uli.

Mavzuga oid
Top