14:05 / 26.02.2023
9492

Uch viloyatda elektrdan noqonuniy foydalanganlar 711 mln so‘m zarar yetkazdi

Qibray tumanida ko‘p qavatli uylarni isitishga mo‘ljallangan qozonxona qurishda katta miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati

Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida elektrdan noqonuniy foydalanganlar 711 million so‘m zarar yetkazdi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi

Bosh prokuratura huzuridagi departament organlari tomonidan Elektr ta’minoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, tabiiy resurs tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari fosh etildi.

Xususan, departamentning Qibray tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «G.S.» MChJ rahbari J.N. va boshqalar «Yuqori yuz» MFY hududida ko‘p qavatli uylarni isitish uchun mo‘ljallangan qozonxonani qurishda 533,7 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan. 

Shuningdek, departamentning Zafarobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «P.» MChJ rahbari A.Z. va boshqalar elektr energiyasi to‘lovlaridan 259,2 million so‘mlik qarzdorligi mavjud bo‘lishiga qaramasdan, tosh maydalash uskunalarini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, 441,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan. 

Departamentning Zomin tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «S.-I.» fermer xo‘jaligi rahbari M.A. va boshqalar fermer xo‘jalikka qarashli yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasosini soxta hujjatlar orqali umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, 342,9 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan. 

Bundan tashqari, departamentning G‘allaorol tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, «F.-T.» xususiy korxonasi rahbari Sh.K. va boshqalar ushbu korxona g‘isht zavodida 400 kVt/s quvvatga ega transformatorni umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, 131,1 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan. 

Shu bilan birgalikda, departamentning Yangiyer shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda shahar qurilish bo‘limi mas’ul shaxslari va boshqalar qurilish bo‘limiga qarashli ma’muriy binoni umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, 73,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan. 

Ushbu qonunbuzilish holatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga jami 711 million so‘m zarar yetkazilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish), 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid
Top