11:51 / 27.02.2023
10136

Transport vazirligi Belarus orqali Polshaga yuk tashish bilan shug‘ullanuvchilarni ogohlantirdi

Transport vazirligi Polsha Belarus bilan chegaradagi nazorat punktini vaqtincha yopgani uchun milliy tashuvchilardan Yevropaga yuk tashuvlari jarayonida ushbu holatni inobatga olishlarini so‘radi.

Foto: Shutterstock

Polsha Ichki ishlar vazirligining tegishli qarori bilan 21 fevral kunidan Belarus bilan Kukuriki – Kozlovichi chegara nazorat o‘tkazish punkti orqali (Yevropa Ittifoqiga va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga a’zo mamlakatlarda ro‘yxatga olingan yuk avtotransport vositalaridan tashqari) barcha yuk avtotransport vositalari harakati ikki tomonlama (kirish-chiqish) vaqtincha to‘xtatildi.

Ma’lum qilinishicha, buning natijasida hozirda ushbu chegara nazorat o‘tkazish punktida xorijiy mamlakatlar yuk tashuvchilarining transport vositalari to‘planib qolgan.

Shu munosabat bilan milliy tashuvchilardan Yevropa mamlakatlariga yuk tashuvlarini amalga oshirish jarayonida ushbu holatni inobatga olish so‘ralgan.

Bildirilishicha, hozirda o‘zbek milliy tashuvchilari yuk transport vositalarini Litva chegara nazorat o‘tkazish punktlari orqali to‘siqlarsiz harakatlanishini ta’minlash yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Yevropa davlatlariga yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan milliy tashuvchilar ushbu vaziyat yuzasidan savollar tug‘ilganda quyidagi telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin: +998 71 202 05 01 (114), +998 97 709 16 00.

Top