13:12 / 02.03.2023
7344

Tibbiyot xodimi kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanyapti

Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Foto: AP

So‘nggi vaqtlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari ko‘payib borayotganligi, bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sog‘lig‘i yomonlashishida yoki o‘limida asossiz ravishda ayblash, hech bir sababsiz shifokorlarga va o‘rta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari yuz berayotganligi qayd etildi.

Qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolarga yechim topish maqsad qilingan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Bunda ushbu noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazosi kiritilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-7-moddasida tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish belgilanmoqda. Kodeksning 305-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish muddati uch sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Top