08:09 / 03.03.2023
6895

Tbilisida «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun loyihalari tufayli to‘qnashuvlar yuz berdi

Gruziya parlament qo‘mitalari «xorijiy agentlar» haqidagi bahsli qonun loyihalarini ma’qulladi. Muxolifat parlament binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazdi, uning ishtirokchilari politsiya bilan to‘qnashdi. Bir necha kishi hibsga olingan.

Foto: RFE / RL

2 mart, payshanba kuni Gruziya parlamentining tashqi aloqalar hamda mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitalari «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi ikkita – «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi va «Chet el agentlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Shu kuni muxolifatdagi siyosatchilar va ijtimoiy faollar bir necha yuz kishi to‘plangan parlament binosi oldida norozilik aksiyasi o‘tkazdi. Bir necha namoyishchi hibsga olingan, deb xabar beradi «Gruziya Online».

Nashrning yozishicha, parlament xavfsizlik xizmati jurnalistlar va jamoat tashkilotlari vakillarini qonun loyihasi muhokamasiga qo‘ymagan. Bir necha muxolifatchi siyosatchilar majlis zalidan majburan olib chiqildi. Bunga javoban bino tashqarisida ham, ichkarida ham namoyishchilar: «Uyat! Sotqin! Rossiya qonuniga -yo‘q!» deya qonun loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan har bir deputatga murojaat qilgan.

Namoyishchilarning bir qismi parlament qo‘riqchilari va politsiya xodimlari bilan to‘qnashgani ham xabar qilinmoqda. Hibsga olishlar namoyishchilar qonun loyihalari mualliflari uchun «uyat yo‘lagi» qurmoqchi bo‘lgan paytda boshlangan. Shundan so‘ng namoyishchilar hibsga olinganlardan biri bo‘lgan patrul politsiyasi mashinasini parlament binosidan uzoqlashishiga yo‘l qo‘ymadi.

Bahsli qonun loyihalari Gruziya parlamentiga «Xalq kuchi» jamoat harakati tomonidan kiritilgan. U mamlakatda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi va maqsadlaridan biri sifatida «liberal mafkura targ‘iboti» va «G‘arbning Gruziyani urushga tortish istagi»ga qarshi kurashni belgiladi. Qonun loyihalarini «Xalq kuchi» bilan birgalikda parlamentdagi o‘rinlarning mutlaq ko‘pchiligiga ega bo‘lgan «Gruziya orzusi» hukmron partiyasi qo‘llab-quvvatladi.

Top