07:35 / 03.03.2023
18221

Toshkent havosi haqida odamlar nima deydi? 

So‘nggi paytlarda Toshkent shahri havoning iflosligi bo‘yicha IQAir reytingida dunyoda tez-tez yuqori o‘rinlarda qayd etilmoqda. Kun.uz mavzu yuzasidan shaharliklar fikri bilan qiziqdi.

So‘rovda qatnashganlarning fikricha, Toshkent havosi ifloslanishi son-sanoqsiz daraxtlar kesilgani, changni ushlab qoladigan yashillik kamaygani hamda palapartish qurilishlar bilan bog‘liq. Ayrimlar poytaxt havosining bu iflosligi jamoat transporti kamligi sabab shaharda avtomobillar ko‘payib, ulardan chiqadigan gazlar ortib borayotgani fonida yuz berayotganini ta’kidlashdi. Ba’zi respondentlar esa atrof-muhit va ekologiya muammolari oqibatida turli kasalliklar ko‘payib borayotganini aytishgan.

Poytaxt havosi yaxshi holatda deb baholaganlar ham bor. Ularga ko‘ra, daraxtlar gullab, barg chiqarsa, havo sifati yanada yaxshilanishi va chang kuzatilmasligi mumkin. 

Gidrometeorolog Erkin Abdulahatovning fikricha, havo ifloslanishi tabiiy va antropogen sababga ko‘ra yuzaga keladi:

Toshkent shahrini qaysi moddalar ifloslantirayotganini aniqlash bo‘yicha katta loyiha amalga oshirilmoqda. Bilamizki, hozir qo‘shni Qozog‘iston janubida kuchli cho‘llanish jarayoni kuzatilyapti. Shuningdek, Toshkent shahrida oxirgi paytlarda sharqiy hududlardan esadigan shamol 20 foizga ko‘paygan. Angren, Olmaliq va Ohangaron sanoatlashgan shaharlar hisoblanib, u yerlarda ko‘p zavod-fabrikalar bor. Shu hududlardan esayotgan shamollar hisobiga Toshkent havosi ifloslanayotgan bo‘lishi mumkin. Sharqiy hududlardan shamol ifloslantiruvchi moddalarni olib kelishi bor gap va bu bo‘yicha ilmiy ishlar qilingan.

Oxirgi paytlarda antropogen omillar ta’siri ham ortgan. Yashillikning kamayishi, qurilishlar ekologiya bo‘yicha normativ me’yorlar asosida amalga oshirilmasligi o‘z-o‘zidan sement va boshqa qurilish materiallaridan chiqayotgan moddalar tepaga ko‘tarilishini tezlashtiradi. Mana shu omillar tufayli shahar havosida ifloslanish darajasi ko‘paygan”. 

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi ma’lumot “O‘zgidromet”ning monitoring.meteo.uz va xalqaro IQAir saytida e’lon qilib boriladi.

Baxtiyor To‘xtayev.

Tasvirchi va montaj ustasi: Asror Almuradov.

Top