10:13 / 04.03.2023
16218

Metro tagida qolayotgan uylar – aholi “snos”dan umidvor, hokimlik esa “amallashdan”

Sergelida yerusti metrosi qurilayotgan hududdagi uylar ancha yillar oldin “snos”ga tushgan. Ammo hanuzgacha bu xonadonlar buzilishi paysalga solib kelinmoqda. Yangi metro liniyasining o‘tishi esa dard ustiga chipqon bo‘ldi: qurilish ishlarida xavfsizlik talablariga rioya qilinmayapti. Mas’ullarning befarqligi odamlarga qimmatga tushmoqda.

 

Aholi nimadan norozi?

Sergeli tumanining Quruvchi mahallasi, Xonabod 1-tor ko‘chasi bo‘ylab yerusti metrosi qurilishi davom etyapti. Gap shundaki, hozirda mazkur hudud xavfli zonaga aylanib qolgan: chuqurlar qazib tashlangan, maxsus texnikalar esa tun-u kun ishlayapti. Qurilish va aholi yashayotgan punkt oraliq masofasi 5 qadam ham chiqmaydi.

Yashovchilarning Kun.uz muxbiriga ta’kidlashicha, bu ishlar aholini ogohlantirmasdan boshlab yuborilgan.

“Bizni hech kim xat-hujjatlar bilan tanishtirmadi. Fuqarolik, insoniy huquqlarimizni oyoqosti qilib, mensimagan holda transportlarni olib kelib tashlashdi va kavlashni boshlashdi.

Ertalab 5-sinf qizim 1-sinf qizimni maktabga olib ketayotganda, ikkita katta yuk mashinasi orasida qolib ketganini aytdi. Mutasaddilar qachon harakat qilishadi? Nega bizni, inson huquqlarini oyoqosti qilishyapti, qonunlarga amal qilishmayapti”, – deydi mahalladagi xonadon egalaridan biri Nazokat Xoljonova.

“Nimaga ogohlantirmasdan qazib tashlayotganini so‘rasak, “Sizlarni nega ogohlantirishimiz kerak, bu – davlatning yeri, hamma chiqib o‘zi eshityapti. Sizning uyingizni hech kim qazimayapti-ku”, deyishdi. Mayli, kimdir kelsin, tekshirishsin, ko‘raylik, desak, qo‘limizdan telefonimizni tortib olib, 5-6 nafar ichki ishlar xodimi yopishib ketdi.

Qurilayotgan metro bilan uyning oralig‘i qancha bo‘lishi kerak, shunga hech kim javob bermayapti. So‘rasak “Metro yerostidan o‘tsa ustida, yerustidan o‘tsa ostida yashayverasizlar”, deyishdi. Hozir qonun shunaqa ekan”, – deydi fuqarolardan yana biri. 

Yerusti metrosi qurilishi boshlanganiga ancha bo‘lgan. Jarayonning 2-bosqichi uchun 2020 yil dekabr oyida “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi mas’ul bo‘lgan. Hozirda Qo‘yliqdan Sergeligacha olib boruvchi 7 bekatdan 5 tasi bitgan. Yana 2 tasini barpo etish ishlari ketmoqda.

Lekin shu vaqt davomida aynan “Xonobod 1-tor” ko‘chada qurilishning xavfsizlik choralari ko‘rilmagan: “yama”lar atrofi o‘ralmagan, ochiq ahvolda turibdi. Maxsus transport vositalari ishlayotgani sabab atrof changga to‘lgan.

Qazish, kavlash jarayonida xonadon devorlariga shikast yetkazilgan holatlarni ham ko‘rdik. Ba’zilari ichidan, ba’zilari tashqarisidan yorilgan yoki umuman o‘pirilib ketgan.

Vaziyatdan hokim xabardor

Mazkur holatdan Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurovning shaxsan o‘zi xabardor. Ko‘plab shikoyat, noroziliklardan so‘ng u hududga kelib ham ketgan.

“Yaqinda Sergeli tumani hokimi kelganda murojaat qildik, shunda u uylar buzilmasligini aytdi. Lekin 2 yil oldin hokimiyatdan vakillar kelib, uylarimiz buzilishini aytib, hujjatlarni yig‘ib ketgandi. Uylarimizni baholatgan edik ham o‘shanda. Endi hozir bizga shu uyda yashayverasizlar deyishyapti. Bu chang-to‘zonlarda qanday o‘tiramiz? Qizimning changga allergiyasi bor.

Hokim kelgan kuni tez tibbiy yordamni chaqirdim, u ham uyimizga kirolmasdan yo‘lning narigi tomonida qabul qildi.

Orqadan yo‘l qilib beramiz, deyishdi. Orqada qo‘shnilarim bor, ko‘chaga chiqish uchun endi qo‘shnimga aytib o‘tiramanmi? Holatni o‘rganib, keyin qaror chiqarish kerakmasmi?! Bizni qiynamasdan xonadonlar ichiga kirib, surishtirish ishlarini olib borib, keyin shu qurilishlarni qilsa bo‘lar edi”, – dedi Xonobod 1-tor ko‘chasida yashovchi Dildora Kalimbetova.

Holat yuzasidan avvaliga yangi metro qurilishi buyurtmachisi hisoblangan Toshkent shahar hokimiyati bilan bog‘landik. Shahar hokimiyati bu masalada Sergeli tumani hokimligi bilan gaplashishimiz kerakligini aytdi.  

Sergeli tuman hokimiyati matbuot xizmati esa masala yuzasidan Toshkent shahar hokimiyati javob berishini bildirdi. Mas’ullarning bu sansolarligi borib-borib, oddiy aholi yelkasiga tushmoqda. Buzilishga tushgan qizil hududdagi uy egalariga na kompensatsiya berilyapti va na xavfsiz yashashi uchun sharoit yaratilyapti.  

Qurilish normalariga zid ishlanmoqda

Shaharsozlik kodeksining 9-moddasiga ko‘ra, har bir fuqaro qulay hayot faoliyati muhitiga bo‘lgan huquqqa ega. Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitiga bo‘lgan huquqi shaharsozlik faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishi ta’minlanishi qayd etilgan.

Shuningdek, kodeksning 10-moddasida shaharsozlik faoliyatiga doir asosiy talablar sifatida hududlar va aholi punktlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siridan himoya qilish belgilangan. 67-moddada esa muhandislik va transportga oid infratuzilma zonalari qulay hayot faoliyati muhitiga transport, aloqa inshootlari, kommunikatsiyalari hamda muhandislik uskunalari zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olish, bunday obektlardan to turar joylar, ijtimoiy-amaliy, rekreatsiya zonalari hududlariga qadar zarur masofa bo‘lishiga, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalari, qurishning maxsus normativlari hamda qoidalari talablariga rioya etilishi orqali ta’minlanishi qayd etilgan. Foydalanilishi fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri zararli ta’sir ko‘rsatadigan transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalarini hamda muhandislik uskunalarini aholi punktlari doirasida joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Quyidagi savollar ochiq qolmoqda: 

– yerusti metro liniyasi o‘tayotgan hududlarda nechta uy buzilishga tushgan va shuning qanchasi buzilib, uy egalariga kompensatsiya to‘lovlari undirilgan?;

– nima sabab hanuzgacha Quruvchi mahallasi, Xonobod 1-tor ko‘chasidagi 22 ta xonadon buzilmay kelmoqda? Qaysi hujjatga ko‘ra, odamlar yashayotgan hududda qurilish boshlab yuborilgan? Bu qanchalik to‘g‘ri?;

– jarayonda qurilish me’yorlariga amal qilinyaptimi? Bunday holatda qurilish va odamlar yashaydigan joylar oralig‘i qancha masofani tashkil etishi kerak?;

– hududda nega xavfsizlik choralari ko‘rilmagan, bunga qanday izoh beriladi?

 Umuman olganda, yerusti metrosi qurilishi davom etishidan ko‘plab insonlar manfaatdor. Jamoat transportlari orasida metro liniyasi kengayishi insonlar farovon yashashi uchun xizmat qiladi.

Ammo jarayonda xalq xavfsizligini ta’minlash, ularning roziligini olish ham ahamiyatga ega.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi – Javohir G‘ayratov.

Top