16:49 / 06.03.2023
14241

«Tahqirlashdi va xo‘rlashdi». Putinga shikoyat yozish safarbar qilinganlarga hech qanday yordam berilmayapti

Rossiyalik safarbar qilinganlar va ularning qarindoshlarining Vladimir Putin, gubernatorlar va mudofaa vazirligiga shikoyatlarini OAVda muntazam ravishda e’lon qilish bir necha oydan beri davom etmoqda. 1 mart kuni ma’lum bo‘ldiki, Irkutsk oblastidan safarbar qilinganlar Putinga hech qanday tayyorgarliksiz va qo‘shimcha himoya kuchlarisiz front chizig‘iga tashlanayotgani haqida bir necha bor shikoyat qilishlariga qaramay, baribir oldingi chiziqqa yuborilgan va ularning aksariyati halok bo‘lgan. BBC nashri rossiyalik safarbar qilinganlar yana nimalardan noroziligini va ular uchun bu qanday tugashini o‘rgandi.

Fevral oyi boshida 1439-polkning safarbar qilingan askarlari prezident Vladimir Putin, mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Irkutsk oblasti gubernatori Igor Kobzevga murojaatnoma yo‘llagan. Videomurojaatda askarlar rahbarlarga shikoyat qilgan. Harbiylarning aytishicha, ularni hududiy mudofaa bilan shug‘ullanish uchun tayyorlashgan, ammo keyinroq ulardan hech qanday o‘quv-mashg‘ulotlarisiz hujumchilar otryadi tuzilgan.

Safarbar qilingan askarlar fevral oyi oxirida Putinga yana videomurojaat yo‘llagan. Unda askarlar ular «DXR»ning birinchi slavyan brigadasi tarkibiga o‘tkazilgani», u yerda esa «bir kun ichida hujumkor bo‘linmaga aylantirilgani va hech qanday yordamsiz Avdiyivka istehkomiga hujum qilishga yuborilgani haqida xabar bergan.

Irkutskdan safarbar qilinganlarning uchinchi videomurojaatini «Baykal odamlari» mahalliy nashriga ularning xotinlari topshirgan.

Ikkinchi videodan so‘ng Irkutsk oblasti gubernatori Igor Kobzev harbiy prokuraturaga ariza bilan murojaat qilganini ma’lum qildi va safarbar qilinganlarni «yangi xizmat joyi»ga ko‘chirishga va’da berdi.

1 mart kuni 1439-polkning 1 va 2-batalonidagi Irkutskdan safarbar qilinganlar Avdiyivka hududiga hujum qilish uchun yuborildi. Bu haqda safarbar qilinganlarning o‘zlari va ularning qarindoshlariga tayanib «Baykal odamlari» nashri xabar berdi.

Foto: LYUDI BAIKALA

Butun polk amalda yo‘q qilingan – bir necha kishi yaralangan, qolganlari halok bo‘lgan, ammo bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Bu safarbar qilinganlar polki umuman boshqa yo‘nalishga o‘zgartirilgan va rus harbiylari «DXR» qo‘mondonligi nazoratiga o‘tgan yagona holat emas. BBC nashri 2023 yilda yozilgan boshqa shikoyatlardan keyin voqealar rivoji qanday kechganini o‘rganib chiqdi.

Davlatning insonlar yuziga tupurishi

25 fevral kuni Orlov ko‘ngillilar bataloni askarlarining qarindoshlari Vladimir Putin, Sergey Shoygu, Mixail Mishustin, Valentina Matviyenko va Vyacheslav Volodinga videomurojaat yo‘lladi. Unda ular bu armiyani obro‘sizlantirish yoki norozilik bildirish harakati emas, balki «qalb faryodi» ekanini ta’kidlashgan.

«Qisman safarbarlik e’lon qilinishidan ancha oldin, bizning yigitlar yurak chaqirig‘i sabab natsizmga qarshi kurashda o‘z vatanlariga yordam berishga qaror qildi», deyiladi rus generali Aleksey Yermolovga qo‘yilgan to‘qqiz metrlik haykal ostida qilingan murojaat matnida. Matnni bir ayol o‘qib bergan.

«Ko‘ngillilarni insofsizlarcha aldashgan», deya o‘qishni davom etadi ayol. U urush tugagunga qadar harbiylarni qo‘yib yuborishni istamaydigan noinsof qo‘mondonlar borligi va ko‘ngillilar orasida 50 yoshdan oshgan odamlar mavjudligini ta’kidlaydi. Orlovliklar alohida adolatsizlik sifatida ko‘ngillilarning safarbar qilinganlardan ikki baravar kam maosh olishini aytib o‘tadi.

Ayolning ta’kidlashicha, eri urush davomida va’da qilingan 195 ming rublni hech qachon olmagan. Yanvar oyi boshidan beri uning eri Kreminna yo‘nalishidagi katta hujumkor guruhida bo‘lgan, ammo yanvar oyi uchun 77 866 rubl olgan. «Bu davlatning insonlar yuziga tupurishi» degan ayol.

«Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, 14 nafar jangchi 57-motoo‘qchi piyodalar bo‘linmasiga o‘tkazilgan. Askarlar bo‘linma komandiri o‘z vakolatlari doirasidan tashqariga chiqayotgani uchun harbiy prokuraturaga ariza yozmoqchi bo‘lgan. Biroq 3 yanvar kuni ularni hech qanday tayyorgarliksiz hujumga tashlashgan», deya o‘qib bergan ayol. U buni «Ulug‘ Vatan urushi davridagi jazo batalonlari»ga qiyoslagan.

«Jangchilarimizning jismoniy holati juda yomon. Odamlar xizmatni tashlab ketish arafasida», deya ta’kidlaydi norozilik guruhi spikeri va birdan «allaqachon qotillik ham sodir bo‘lgani» haqida qisqacha xabar beradi.

Orlovliklar videomurojaatni Putinga yuzlanib yakunlagan. Ular prezidentdan ko‘ngillilarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlashda yordam berishni so‘ragan.

Orel oblasti gubernatori maslahatchisi Sergey Lejnev 2 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarida post e’lon qildi. Unda u «bugungi kunda Kreminna atrofidagi o‘rmonlarda jang qilayotgan harbiy xizmatchilar» murojaatiga to‘xtalgan va frontga yuboriladigan insonparvarlik yordam paketi haqida gapirgan.

«Yigitlar tom ma’noda yerda, okop va boshpanalarda yashayapti. Biz uchli belkurak, bolta, qo‘l arra, zanjirli arra, generator, gaz ballonlar hamda issiq qoplama, ovqat pishirish uchun bir nechta burjuyka va oddiy pechka sotib olishimiz kerak. Oziq-ovqat mahsulotlarini yig‘amiz (tez tayyor bo‘ladigan taomlar, pechene, vafli, shirinliklar, choy, qahva, suv va boshqalar)», deya odamlarni bu aksiyada ishtirok etishga chaqirgan Lejnev.

Shunday qilib ushbu ko‘ngillilar yoki boshqa harbiylar Lejnevning keyingi xabarlarida ham, shuningdek, Orlov aholisi tomonidan e’lon qilingan boshqa muammolar bayonotlarida tilga olinmadi.

Chitada safarbar qilinganlarning mashg‘ulotlari, 2022 yil noyabr
Foto: YEVGENY YEPANCHINsEV/TASS

Tankistlikdan piyoda jangchilikka

18 fevral kuni 504-tank polkining Omsk oblastidan safarbar qilingan askarlari Vladimir Putin va Omsk oblasti gubernatori Aleksandr Burkovga videomurojaat yo‘lladi. Artilleriyachilarning so‘zlariga ko‘ra, polk tarqatib yuborilgan, artilleriya endi yo‘q va ularning 107 kishidan iborat guruhi «DXR» «xalq armiyasi» tarkibiga o‘tkazilgan.

«Ular bizni poligonga olib borib, piyoda askar sifatida qayta tayyorlashni boshladi. Poligonga bir necha marta borganimizdan keyin bizdan benzin uchun pul talab qila boshlashdi. Agar benzin uchun pul bermasak, bu bizga tayyorgarlik kerak emasligi, oldingi chiziqdagi janglarga qatnashishga tayyor ekanimizni anglatarkan», degan harbiylardan biri kameraga. U o‘z guruhini rus zobitlari qo‘mondonligi ostidagi Rossiya armiyasi tarkibiga o‘tkazishni so‘ragan.

O‘sha kuni Omsk oblasti gubernatori Burkov o‘z telegram-kanalida vaziyatni o‘rganayotganini ma’lum qildi. 1 mart kuni Rossiya davlat nashrlari gubernator tankchilarni piyodalar qo‘shinidan artilleriya qo‘shinlariga qaytargani va safarbar qilingan hamda ularning qarindoshlari o‘rtasida onlayn konferensiya tashkil qilgani haqida xabar berdi.

«Batya»

6 fevral kuni Tuva respublikasidan safarbar qilinganlar hudud rahbari Vladislav Xovalig va respublikaning sobiq rahbari, hozirda Davlat dumasi vitse-spikeri bo‘lgan Sholban Kara-oolga «DXR» harbiylari va harbiy politsiyaning do‘q-po‘pisalari va kaltaklari yuzasidan shikoyat qilgan.

«2023 yilning 4 fevralida DXR harbiylari keldi. Ular bizni avtomatdan o‘qqa tutib, «otjimaniya» olishga majbur qildi. Bu yerdan tirik chiqmasligimizni aytishdi. Biz ularga, DXRga tegishli ekanimizni ta’kidlashdi... Harbiy politsiya yetib keldi va bizni kaltakladi», deyiladi tuvalik harbiylar videomurojaatida.

Video oxirida harbiylar nimadir so‘ray boshlaganda tasvir uzilib qoladi. Umumiy kamera o‘rniga yashirin kamera tasvirlari chiqa boshlaydi. Unda harbiy formadagi odam boshqa bir qurolsiz harbiyni tahqirlashi va kaltaklashi aks etgan.

«Tayga.Info» nashri videoyozuvni qabul qiladi va nashr qiladi. Ularning taxminlariga ko‘ra, safarbar qilinganlar «DXR» militsiyasi tomonidan kaltaklagan. «Rossiyskaya gazeta» nashri esa audioyozuvdagi «Batya» deb aytilgan inson podpolkovnik Vyacheslav Gubin ekanini yozgan.

«Tayga.Info» ma’lumotlariga ko‘ra, audioyozuvda «Rossiyskaya gazeta» ta’kidlagan «Batin»ga juda o‘xshash ovozli inson shunday deydi: «O‘rtoq general men bu yerga kelayotgan paytimda mening xarakterimni bilib, mendan yig‘lab so‘radi: Bat, iltimos, ularni o‘ldirma. Ularning barchasi Shoyguning qarindoshlari. Hozir sen ularni tinchitasan, keyin ularning ota-onalari Shoygu amakiga arz qiladi».

Murojaatdan ikki kun o‘tib, respublika rahbari Vladislav Xovalig o‘z telegram-kanalida «Mudofaa vazirligi safarbar qilingan askarlarimizni DXR qo‘shinlaridan 55-brigadaga o‘tkazish haqidagi so‘rovimizga ijobiy javob berdi» deb yozdi. Safarbar qilinganlar haqiqatan ham ko‘chirilganmi yoki yo‘qmi noma’lum, ammo 22 fevral kuni harbiy prokuratura tekshiruvi paytida «DXR»dagi tuvalik harbiylar sog‘ligiga zarar yetkazilgani to‘g‘risida hech qanday dalil topilmagani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

«Tahqirlashdi va xo‘rlashdi»

Tarqatib yuborilgan 346-polkning Orlov, Lipetsk va Vladimir oblastlaridan safarbar qilingan askarlari qarindoshlari yanvar oyi oxirida Vladimir Putin, Sergey Shoygu, bosh prokuror Igor Krasnov, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, hududlar gubernatorlariga va boshqa «vakolatli organlar»ga videomurojaat yo‘llagan.

25 kishidan iborat guruhga ellik yoshlardan oshgan ayol notiqlik qilgan.

«Bizning bolalarimiz va erlarimiz dezertir, qo‘rqoq yoki sotqin emas, lekin hozir qanday harakat qilish to‘g‘ri bo‘lishini bilishmaydi. Ular atigi ikki marta otish mashqini bajargan, kimdir esa umuman otib ko‘rmagan. Faqatgina televideniye kelganda qo‘liga qurol ushlagan. Ammo komandirlar ularni «to‘p yemi» kabi oldingi chiziqqa tashlagan. Biz askarlarni orqa chiziqqa qaytarish, ularni qayta tayyorlash va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishingizni so‘raymiz. Shuningdek, ularga ta’til olish imkoni berishingizni ham so‘rab qolamiz», degan ayol.

Videomurojaatda qarindoshlari safarbar etilganlarning boshiga tushgan musibatlarni sanab o‘tgan — harbiylar o‘rmonga olib kelingan va tunni ochiq osmon ostida o‘tkazish uchun shu yerda qoldirilgan, ularga ovqat berilmagan. O‘zini tanishtirmagan komandirlar ularni «tahqirlagan va kamsitgan», «jinoyat ishi ochish bilan qo‘rqitib, shartnoma imzolashga majburlagan», shuningdek, ular askarlar Ukraina qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinuvchi hududga hujum qilish uchun jo‘natilishini e’lon qilgan.

Gubernatorlar bu videomurojaatga turlicha munosabat bildirdi. Vladimir oblasti rahbari Aleksandr Avdeyev safarbar etilganlarning oila a’zolari bilan «ochiq suhbat» o‘tkazdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga muntazam ravishda frontdan ijobiy xabarlar joylashtirib boruvchi Orlov oblasti gubernatori Andrey Klichkov safarbar qilinganlarning muammolari haqida hech narsa yozmadi. Lekin o‘zining «VKontakte» sahifasidagi jonli efirda u va huquq-tartibot idoralari bu masala bilan shug‘ullanayotgani haqida qisqacha to‘xtaldi.

Lipetsk oblasti rasmiylari o‘z delegatlarining Ukraina tomonidan «bosib olingan» hududlarga safari haqida xabar berdi. Ular go‘yoki u yerda harbiy prokuratura bilan birgalikda safarbar qilinganlar bilan uchrashgan. Delegatsiya oziq-ovqat bilan bog‘liq hech qanday muammo topmagan. «Qo‘mondonlik jangchilarga ta’til berish tartibini, shuningdek, yangi joyda xizmat qilish qoidalari va xususiyatlarini tushuntirdi», deya xabar berdi Lipetsk oblasti hukumati matbuot xizmati. Xabarlarda safarbar qilinganlarning yaqinlari tomonidan aytilgan haqorat va tahdidlar haqida hech narsa deyilmagan.

Bit va kanalar

394 va 143-polklarning Ussuriysk shahridan safarbar qilingan askarlarining rafiqalari va onalari 31 yanvar kuni Putinga murojaat qildi. Ayollar front chizig‘idagi yomon sharoitlardan shikoyat qilgan, ularning so‘zlariga ko‘ra, harbiylarda bit va qo‘tir qo‘zg‘atuvchi kanalar paydo bo‘lgan. Ularning kiyim-boshlari esa yaroqsiz holga kelgan. Qarindoshlarning aytishicha, «ularni hech kim eshitmaydi» va Primorsk o‘lkasi gubernatori Oleg Kojyemyakoning telegram-kanalida esa ularning xabarlari bloklangan.

Gubernatorning aytishicha, hech qanday bloklash bo‘lmagan, harbiy prokuratura bu masala bilan «allaqachon shug‘ullanyapti».

Ayni vaqtda BBC nashri safarbar qilinganlar parazitlardan qutulgani haqida ma’lumotga ega emas.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top