08:42 / 08.03.2023
4242

Borrel: Gurjiston ning «chet el agentlari» haqidagi qonuni YeI standartlariga javob bermaydi

Jozep Borrel Gurjistonni «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi harakatlar nuqtayi nazaridan demokratiyaga sodiqligini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Politsiya avvalroq Tbilisidagi namoyishchilarni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlar bilan tarqatib yuborgan edi.

Foto: Reuters

Gurjiston parlamenti birinchi o‘qishda qabul qilgan «tashqi ta’sir» to‘g‘risidagi qonun loyihasi Yevropa Ittifoqi qadriyatlari va standartlariga mos kelmaydi, bu esa Tbilisining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish maqsadiga ziddir. Bu haqda Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning 7 mart, seshanba kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

«Hozirgi shakldagi qonun loyihasi fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, bu ularning ishidan foyda ko‘rgan ko‘plab gruziyaliklar uchun salbiy oqibatlarga olib keladi», dedi Borrel va hujjatning yakuniy qabul qilinishi Gurjiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlarida «jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin» ekanini ta’kidladi.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Tbilisini demokratiya, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga sodiqlikni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi, shuningdek, xalqning tinch namoyish o‘tkazish huquqini eslatdi.

Avvalroq Tbilisida «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinishi fonida keng ko‘lamli norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Parlament oldidagi maydonga bir necha ming kishi yig‘ildi. Gurjiston maxsus kuchlari miting ishtirokchilarini tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan.

Gurjiston Ichki ishlar vazirligi bayonot bilan chiqib, unda namoyish zo‘ravonlik xarakteriga ega bo‘lib, uning ishtirokchilari politsiyaga qarshi «turli xil narsalar, jumladan, tez yonuvchi narsalar» qo‘llaganini da’vo qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, aksiya davomida uning ishtirokchilari ham, huquq-tartibot idoralari xodimlari ham jarohatlangan.

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi. U hujjatga veto qo‘yishga va’da berdi. «Gurjistondagi barcha hokimiyat institutlari va birinchi navbatda men mamlakatimiz Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun hamma narsani qilishga majburman, shunda biz Yevropa integratsiyasiga yo‘l ochamiz», dedi u. «Ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan» va unga ovoz berganlar «konstitutsiyani buzgan bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Top