11:55 / 08.03.2023
39713

«Umid ber» operatsiyasi. AQSh 90-yillarda sobiq SSSR davlatlariga qanday yordam ko‘rsatgandi?

Fotokollaj / Kun.uz

Sobiq ittifoq davlatlari, jumladan O‘zbekiston aholisi 1990-yillardagi oziq-ovqat inqirozini yaxshi eslaydi. «Qizil imperiya» o‘zining so‘nggi yillarida chuqur iqtisodiy inqiroz ichida qolgan, insonlar oddiy kundalik oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish uchun ham maxsus talonlar olib, soatlab navbatda turardi. SSSR tarqalib ketgach esa possovet davlatlari yanada o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga duch keldi. Asosiy zaxiralar 1987-1991 yillarda tugatilgan, respublikalar o‘rtasidagi bog‘lamlar uzilgan, ko‘plab sanoat sohalari noaniqlik, iqtisodiy tanglik, tartibsizliklar sabab ishlashdan to‘xtagandi. Deyarli barcha possovet respublikalarida qattiq tartibli oziq-ovqat siyosati joriy etilgandi. Shunday pallada dunyoning ko‘plab mamlakatlari yosh respublikalarga yordam qo‘lini cho‘zdi. Eng katta yordamni esa SSSRning asosiy raqibi hisoblangan – AQSh ko‘rsatdi.

Ocharchilik xavfi

1980-yillardan boshlab SSSRning «rejali iqtisodiyot» moduli o‘z asoratlarini ko‘rsata boshladi. Davlat mahsulotlar narxini nazorat qildi va sun’iy pasaytirib turdi. Bu esa mahsulotdan daromadlilikni kamaytirdi va tovarlar yetishmovchiligini yaratdi. Sovet iqtisodchilari iqtisodning oddiy qoidalarini tan olmadi. Ular «bozor iqtisodiyoti»ni rad qilishda davom etdi.

1980-yillardayoq SSSRda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi boshlandi. Moskva neft eksportidan tushgan pullar evaziga oziq-ovqatni chetdan sotib oldi. Biroq 1985 yildan boshlab neft narxi pasaya boshladi. Shu yili SSSR birinchi marta budjet taqchilligiga duch keldi. Oradan uch yil o‘tib budjetdagi kamomad yalpi ichki mahsulotning 10 foizini tashkil qildi. Defitsit xalqaro kreditlar va oltin zaxiralari hisobiga yopilib turdi.

Bu vaqtda sovet ittifoqi Afg‘onistonda urush ham olib borayotgan edi. Hukumat harbiy xarajatlar uchun budjetdan katta mablag‘ ajratdi. Bu esa vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.

Bularga qo‘shimcha ravishda mamlakatda alkogolga qarshi aksiya boshlandi va hukumat aksiz solig‘ini kamaytirishga majbur bo‘ldi. SSSRning asosiy tovarlaridan bo‘lgan alkogol mahsulotlaridan tushadigan daromad kamayishi ham budjetga yaxshigina zarba bo‘ldi.

Budjetdagi taqchillik ortib bordi, davlat qarzi ko‘paydi, oltin zaxiralari tugadi. Importga pul ajratilmadi va oqibatda do‘konlarda javonlar bo‘shab qoldi.

SSSR tarqab ketishi iqtisodiy inqirozni kuchaytirdi. Respublikalar o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘lamalar jiddiy uzildi. Korxonalar davlat mulki bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, aloqalarning uzilishi sabab xomashyosiz qoldi, davlat dotatsiyasidan ayrildi. Giperinflatsiya va kreditlashning qisqarishi ularni xonavayron qildi.

Bizneslarning bir qismi (asosan eksport qiluvchi) yashirin iqtisodiyotga o‘tdi va soliq to‘lashni to‘xtatdi. Bu esa makroiqtisodiy beqarorlikni kuchaytirdi.

Respublikalar shaharlarida oziq-ovqat uchun turnaqator navbatlar yuzaga kela boshladi. Oziq-ovqat mahsulotlari kishi boshiga oylik va kunlik limitlar asosida sotila boshlandi. Katta shaharlar mahsulotlar bilan yaxshiroq ta’minlanishi sabab qishloqlardan shaharlarga «oziq-ovqat» karvonlari bora boshladi. Jinoyatchilik avj oldi.

Insonlarda umidsizlik va anarxizm kayfiyati kuchaydi.

«Provide hope» — «Umid ber»

Dunyoning bir qancha davlatlari va xalqaro tashkilotlar yosh possovet davlatlariga yordam bera boshladi.

AQSh’ning Rossiyadagi elchisi Robert Strauss Sheremetevo aeroportiga tushirilgan humanitar yuk bilan

Xususan, AQSh «sovuq urush» davrida o‘zining asosiy raqibi bo‘lib kelgan sobiq sovet davlatlariga eng katta yordamni ko‘rsatadi. 1992 yil yanvar oyida Vashingtonda o‘tkazilgan Xalqaro muvofiqlashtirish konferensiyasida AQSh Davlat kotibi Addison Beyker III possovet mamlakatlariga humanitar yordam ko‘rsatish rejasini e’lon qildi. Yordam yo‘naltiriluvchi nuqtalarni Davlat departamenti xodimi Richard Armitij va mudofaa vazirligi vakili Robert Voltheys belgiladi.

«Provide hope» (Umid ber) humanitar operatsiyasi 1992 yil 10 fevralda boshlandi. Shu kuni Germaniya va Turkiyadan havoga ko‘tarilgan AQSh harbiy-havo kuchlarining 12 ta Lockheed C-5 Galaxy va Lockheed C-141 Starlifter harbiy transport samolyotlari sobiq SSSRning 12 ta shahri: Moskva, Sankt-Peterburg, Kiyev, Minsk, Kishinyov, Yerevan, Olmaota, Dushanbe, Ashxobod, Boku, Toshkent va Bishkekka oziq-ovqat va dori-darmonlarning birinchi partiyasini yetkazib berdi. Shu kuni yetkazib berilgan humanitar yuklarning umumiy og‘irligi 500 tonnani tashkil qilgan.

AQSh hukumati humanitar yuklarni yetkazishda Sealand kompaniyasi xizmatlaridan foydalangan

Fevral oyi oxirigacha davom etgan operatsiyaning birinchi bosqichida AQSh harbiy-havo kuchlari possovet mamlakatlariga 65 ta parvozni amalga oshirdi (Rossiyaga 22 marta, Armaniston va Qozog‘istonga 7 martadan, Ukrainaga 5, Turkmaniston, Ozarboyjon, Tojikiston, O‘zbekistonga 4 martadan, Qirg‘iziston, Moldovaga 3 martadan, Belarusga 2 marta) va 2274 tonna insonparvarlik yuklari yetkazib berdi.

Grozniy shahridagi humanitar yuk tarqatish jarayoni

«Umid ber» operatsiyasida AQSh harbiy-havo kuchlarining C-5, C-130 va C-141 samolyotlari, shuningdek, AQSh mudofaa vazirligi tomonidan ijaraga olingan fuqarolik avialaynerlari ishtirok etgan. Dastlab, insonparvarlik yordami Fors ko‘rfazi urushidan qolgan zaxiralardan ajratilgan.

1993 yil avgustigacha 282 ta humanitar reys amalga oshiriladi va 7012 tonna yuk Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlariga olib kelinadi. 1997 yilda «Umid ber» operatsiyasi doirasida 500 samolyot havoga ko‘tariladi.

Operatsiya nofaol tarzda 2012 yilgacha davom etgan bo‘lsa-da, 1994 yilda «Umid ber» operatsiyasi asosan yakunlangandi.

Buyuk Britaniya, Yaponiya va Germaniya ham AQShning MDH davlatlariga yordam ko‘rsatish dasturida qatnashadi.

Sankt-Peterburg aholisi humanitar dastur doirasida tarqatilayotgan bepul nemis konserva sho‘rvasi va kashasini olmoqda

«Umid ber» operatsiyasi haqiqatda umid berdimi?

Rossiyaning yangi davrdagi (2000 yildan keyingi) rasmiylari va ularga tegishli OAV AQShning «Provide hope» operatsiyasini eslashni yoqtirmaydi. Ular bu yordamning ahamiyatini tan olishdan bosh tortadi.

Biroq aslida, yordam ayni vaqtida kelgan edi. O‘sha paytda, «Umid ber» dasturi doirasida eng ko‘p yordam qabul qilgan Rossiyada ahvol tobora yomonlashib borayotgan edi. Hatto poytaxt Moskvada ham oziq-ovqat tanqisligi oxirgi darajaga yetib kelgandi.

Buni o‘sha vaqtdagi inqirozning guvohi bo‘lgan insonlar ham tasdiqlaydi.

«Sut uchun soat yetti yarimda navbatda turdim. Taxminan yigirmanchi bo‘ldim. Soat sakkizlarda do‘kon ochildi. Bu vaqtda navbatda ikki yuzdan ko‘proq inson bor edi. Eshik ochilishi bilan olomon kassaga yugurdi.

Oldindagilardan kimdir nogiron qo‘shnisi, kimdir ikki yoshli bolasi uchun sut olayotganini aytdi. Navbatdagilardan biri «Sizlarni hammangizning qo‘shningiz nogiron, hammangizda yosh bola bor» deya norozi to‘ng‘illadi.

Soat 8:30 larda peshtaxta ortidan kimdir qichqirdi «Sut uchun mushtlashmang!»

Men uyga qaytdim, bo‘sh sumkani burchakka tashladim. O‘g‘limga baqirdim. Keyin radioni yoqdim va bildimki, man endi sovet ittifoqida yashamayman. Belovej Pushchasi bitimlari imzolangandi», deya 1991 yil oxirlaridagi voqealarni eslaydi moskvalik.

1992 yilda AQSh samolyotlari sobiq SSSR shaharlariga qo‘nganda sovet aholisi birinchi marta «temir parda» ortidagi haqiqiy Amerika samolyotlarini ko‘radi. Insonparvarlik yordami birinchi navbatda, eng og‘ir ahvoldagi joylarga — kasalxonalar, qariyalar va mehribonlik uylariga tarqatiladi. Yuklarni tez tushirish va manziliga yetkazish uchun nafaqat aeroport xodimlari, balki harbiy bilim yurtlari kursantlari va harbiy qismlar shaxsiy tarkibi ham jalb qilinadi.

Humanitar yuklarni tashish jarayoniga jalb qilingan harbiy kursantlar
Humanitar yuklarni tashish jarayoniga jalb qilingan harbiy kursantlar

Insonparvarlik yordami, ayniqsa, oddiy oilalar uchun haqiqiy najotga aylangan. Oddiy mahsulotlar, kiyimlar va asosiy gigiyena vositalari millionlab odamlarni qutqaradi.

Ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan manzilli yordam ko‘rsatish uchun ro‘yxatlar tuzilgan, ular asosida oziq-ovqat paketlari va gigiyena vositalari tarqatilgan. Qoida tariqasida, to‘plamga go‘sht konservalari (tushyonka, kolbasa yoki sosiska), un, pechene, sariyog‘, konfetlar, shokolad, shakar, o‘simlik moyi, murabbo, bolalar sutli bo‘tqasi, sovun, shampun, tagliklar, tozalash vositalari (sovet odamlari uchun notanish bo‘lgan narsa) va boshqalar kirgan.

Dori-darmon va tibbiy jihozlar bevosita tibbiyot muassasalarga yetkazib berilgan.

Mehribonlik uyi tarbiyachilari Germaniyadan kelgan yuklarni taqsimlamoqda

Katta ehtimol bilan sovet davlatlarida o‘sha paytda bu yordam paketidan olmagan oila bo‘lmagan.

AQSh’ning humanitar yordamni qabul qilayotgan qirg‘izistonliklar

Ammo afsuski, G‘arbning mutlaqo bepul va sifatli mahsulotlari yillar davomida korrupsion sxemada yashagan sovet davlatlarida adolatli taqsimlanmaydi. O‘sha vaqtlarda insonparvarlik yuklari tarqatilishi jarayoniga qo‘shilish juda omadli ish edi. AQSh va Yevropaning soliq to‘lovchilari pullari hisobiga to‘plangan bu yordam paketlari possovet davlatlarining ochko‘z amaldorlari qo‘lida qolib ketadi.

Insonparvarlik yordami eski sovet an’analariga ko‘ra ochiqchasiga talon-toroj qilinadi.

Qolaversa, yordam asosan Rossiyaga yuborilgandi. Rossiyaga berilgan yordam qolgan possovet mamlakatlariga ko‘rsatilgan yordamdan bir necha barobar ko‘proq edi.

Shunday bo‘lsa ham, «Umid ber» operatsiyasi possovet mamlakatlari uchun juda muhim voqea bo‘ldi. To‘g‘ri, bepul humanitar mahsulotlarning katta qismi aholiga sotildi. Biroq agar ular bo‘lmaganda, sotishga ham hech nima qolmagandi. Chunki SSSRda oziq-ovqat tanqisligi anchadan beri davom etayotgan, yosh respublikalar ularni sotib olishi uchun mablag‘ga ham, diplomatik kanallarga ham ega emas edi. Shu sabab operatsiya yosh mustaqil davlatlarning ahvolni o‘nglab olishiga salmoqli hissa qo‘shdi.

«Umid ber» operatsiyasidan asosiy maqsad demokratik islohotlarni va yosh mustaqil davlatlarning bozor iqtisodiyotiga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan. Chunonchi, 1992 yil 24 oktyabrda AQSh prezidenti Jorj Bush «Erkinlikni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Keyinchalik, AQSh Davlat departamenti ushbu qonun asosida nafaqat gumanitar yuklarni yetkazib berish, balki savdo, moliya, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va korrupsiyaga qarshi kurash kabi iqtisodiyotning turli tarmoqlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkonini beruvchi tashqi yordam dasturlarini ham muvofiqlashtirdi.

Biroq AQSh ko‘zlagan maqsadiga deyarli erisha olmadi. Rossiya va ba’zi sovet mamlakatlari qiyin vaqtda cho‘zilgan bu yordam qo‘lini tezda unutdi. 2008-2015 yillarda AQSh va ko‘pgina sobiq sovet davlatlari munosabatlari yomonlashdi. AQShning «Umid ber» operatsiyasi yordamida amalga oshirmoqchi bo‘lgan «ta’sir ilgagida ushlab turish» rejasi amalga oshmadi.

«Umid ber» operatsiya umumiy miqdorda 41 milliard dollarga tushdi. AQSh va G‘arb davlatlari bu humanitar operatsiyadan siyosiy maqsad ham ko‘zlagan bo‘lsa-da, uning oddiy aholi uchun keltirgan ijobiy natijasini rad etish imkonsiz. Garchi bu yordam keyinchalik hukumatlar tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan va unutilgan bo‘lsa ham.

Muhammadqodir Sobirov

Mavzuga oid
Top