14:54 / 09.03.2023
16103

​​​​​​​«Rahbarman, deb ayollik vazifalarimdan voz kechib qo‘yganim yo‘q» - tabiat muhofazasi tizimidagi yagona ayol rahbar bilan intervyu

«Hayvonot dunyosini saqlab qolish uchun hech bo‘lmasa, 3 yilga moratoriy joriy qilish lozim» deya ta’kidlaydi Surxondaryo viloyatida rahbarlik qilayotgan ekolog.

Foto: KUN.UZ

Jamiyatimizda xotin-qizlar aksariyat holatda o‘qituvchi, tarbiyachi, shifokor yoki tikuvchi sifatida qabul qilinadi. Ota-onalar qizlarini aynan shu kasblarga yo‘naltirishga harakat qiladi. Qolipdan chiqmoqchi bo‘lgan qizlar esa ko‘pincha to‘siqlarga uchraydi. 

Tabiat muhofazasi tizimida ayollar juda kam. Chunki o‘rmonchilik, ekologlik kasbiga «erkaklarning ishi» deb qaraladi. Suhbatdoshimiz Ro‘zigul Safarova ekologiya fanlari nomzodi, Tabiat resursari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasiga rahbarlik qilib kelmoqda. 

— Ro‘zigul opa, siz Tabiat resurslari vazirligi tizimidagi Ekologiya va atrof- muhitni muhofaza qilish viloyat boshqarmalari rahbarlari ichida yagona ayol rahbarsiz. Nega bu sohani tanlagansiz?

— Tomirimda oqayotgan qon, har bir olayotgan nafasimda ekologiya mujassam. Qishloq xo‘jaligi institutining O‘rmon xo‘jaligi fakultetini bitirib, 1988 yili Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida faoliyatimni boshladim. Bu yo‘nalishini tanlashimga sabab bolaligimdan o‘rmon qo‘ynida ulg‘aydim. 

U yerdagi sokinlik, tabiatning go‘zal manzarasi doimo meni maftun etgan. O‘rmon xo‘jaligi fakultetiga hujjat topshirmoqchi bo‘lganimda, otam «bu qiz bolaning ishi emas, doimo tog‘ma-tog‘ ot minib yurmaysan, turmush qurishing kerak, undan ko‘ra shifokor bo‘l, qiz bolaga shu kasb ma’qul», deganlarida «men fikrimdan qaytmayman, o‘rmonchi bo‘laman», deb so‘zimda qat’iy turganman. 

Maktabni bitirib, Toshkentda Qishloq xo‘jaligi institutiga hujjat topshirib qaytdim. Otam «Medinstitutga hujjat topshirdingmi?» deganlarida jim turavergandim. Chunki yolg‘on gapirsam, otam aybimni bilib qoladi, yolg‘on gapirmasam «hujjatlaringni qaytarib ol» derdi. 

Yurak yutib, «ota, Qishloq xo‘jaligi institutiga hujjat topshirdim», deganimda «mabodo o‘rmon xo‘jaligi fakultetiga emasmi?» deb so‘radi. Tasdiq ishorasini olgach, «eh, qaysarsan, baribir bilganingdan qolmasligingni bilardim», degan. 

Inson o‘zi tanlagan kasbini egallayman desa, hech narsa unga to‘siq bo‘lolmaydi. Yoshligimizdan otam bizga ot minishni o‘rgatgani uchun, amaliyotda ham bemalol toqqa chiqib ketaverardim. Chunki o‘zim holatni ko‘zim bilan ko‘rmasam, ishonmasdim. O‘qishni tamomlab, laboratoriyada ish boshlaganman. Laboratoriyada ishlash, tahlillarni amalga oshirish menga ekologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish imkonini berdi. Laboratoriyadan bo‘lim boshlig‘i, keyin inspeksiya boshlig‘i lavozimlarida ishladim. 1994 yili nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish, ilmiy ishimni davom ettirish uchun Toshkent viloyati Ekologiya qo‘mitasiga ishga kirdim. 

Boshqarma boshlig‘i meni ishga qabul qilayotganida «Qizim, farzandlaringdan kechib, shu yerga kelibsan, maqsading nima?» degan. Men «avvalo ilmiy ishimni yakunlashim kerak. Surxondaryo viloyati Ekologiya qo‘mitasiga rais bo‘lib bormoqchiman», deganman. 

Yillar o‘tdi. Toshkent viloyati Ekologiya qo‘mitasining rahbari Turg‘un aka bir kuni «Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi raisi ishdan bo‘shabdi, ketasanmi?» deb qoldi. Men «ketaman» dedim. «Bu ayol kishining ishi emas», deya qaytardi. Ammo qarorimda qat’iy edim. 

Qo‘limdagi 8 oylik chaqalog‘im bilan Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasiga rais bo‘lib kelishim uchun buyruqqa ilk marotaba ustozim Xalilulla Sherimbetov imzo chekkan. Keyin ularning tavsiyalari bilan 2001 yili rahbar bo‘ldim. O‘sha paytlari Surxondaryoda Baxtiyor Olimjonov ismli hokim bo‘lardi. 

Baxtiyor aka meni e’tiborsiz qabul qildi. Menga, ya’ni oriqqina qizga qarab, «Sen eplaysanmi?» dedi. «Eplayman» dedim. So‘ng «osmonda nechta qush uchadi?» deb so‘radi. Men «sanab ko‘rib, aytaman» dedim. «Surxondaryoda nechta daraxt bor? Hisob-kitobing bormi?» deb so‘radi. Men «ish boshlasam hisobini olaman, hozir bilmayman», deb javob berdim. «Javob qoniqarli» dedi. «Boshqa savollaringiz bo‘lmasa, ketsam bo‘ladimi?» deganman. 

O‘sha paytlari hokimlar bilan qanday muomala qilish kerakligini ham bilmaganman. U «keting yoki ketmang» ham demadi. Hokimiyat darvozasidan chiqayotganimda, eshik oldida turgan posbonlar «opa, ortingizga qayting, sizni hokim so‘rayapti», dedi. Men gaplashib chiqqanimni aytsam ham, ular meni qaytarishdi. Hokim qo‘l berib, «men siz bilan ishlayman», dedi. 

— O‘zbekistonda aholining tabiatga nisbatan munosabati, afsuski, yaxshi emas. Sohada qanday kamchiliklar bor va ularga qanday qilib yechim topish kerak deb o‘ylaysiz?

— Kadrlar masalasiga keladigan bo‘lsak, 90 nafar xodim hududiy jihatdan katta viloyat uchun aslida kam. Hozirda 1 ta tumanda 1 yo‘nalish bo‘yicha atigi 1 nafar inspektor faoliyat olib boradi. O‘simlik dunyosining bioxilmaxilligi yo‘nalishida tuman miqyosida 1 nafar, viloyat boshqarmasida 2 nafar inspektor ishlaydi. 

Agar 1 tumanning o‘rtacha 40-60 ming gektar yer maydoni bo‘ladigan bo‘lsa, birgina inspektor «Yashil makon» loyihasi bo‘yicha o‘tqazilgan daraxtlar sonini ham aniqlashi, ularning parvarishini nazorat qilishi hamda sug‘orish tizimini ko‘zdan kechirishi kerak. 

Xodimlarni lavozimga tayinlashda har doim bir qoidaga amal qilaman. Ularni darrov bo‘lim boshlig‘i yoki inspektor qilib qo‘ymayman, aksincha, dastlab ularni har bir bo‘limda kichik vazifalarda ishlatib, yo‘nalish bo‘yicha yaxshi tayyorgarlikdan o‘tkazib boraman. Suv, chiqindi bilan ishlash, o‘simlik va hayvonot dunyosi kabi yo‘nalishlarni yaxshi o‘rganib, professional mutaxassis bo‘lgandan so‘ng boshqa mas’ul lavozimga tayinlayman. Buning natijasida 1 tumanda 4-5 nafar inspektor faoliyat olib boradigan bo‘lsa, ularning barchasi turli yo‘nalishlarda muammosiz ishlay oladi.

— Co‘nggi vaqtlarda o‘simlik va hayvonot dunyosiga insoniyatning zarari tobora ortib, oqibatda ularning turlari kamayib bormoqda. Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan sanoqli sirtlon yashashini bilasiz. Ularni cho‘ponlar tomonidan qirib yuborish holatlari ham sodir bo‘lmoqda. Ushbu holatga munosabatingiz qanday? Noyob turdagi o‘simlik va hayvonlarni asrab qolish uchun qanday usullardan foydalanish to‘g‘ri? 

— Qizil kitobga kiritilgan noyob turlarni asrab qolish hozirgi kunda eng og‘riqli nuqtalardan biri. Cho‘ponlar ichida tabiatga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘layotganlari kam emas. Brakonerlar ham ko‘payib ketgan. Ovchilik yo‘llanmasini oladi, ammo unga rioya etmay, amalda tabiatga ziyon yetkazadi, jonivorlarni qiradi. Ularga nisbatan qonuniy choralarni kuchaytirish lozim. Tabiatga zarar yetkazayotgan inson, albatta, qonun oldida javob berishi shart.

Jamiyatning o‘simlik va hayvonot dunyosiga bo‘lgan munosabatini, ularning bu boradagi madaniyatini o‘zgartirishimiz, o‘simlik va hayvonot dunyosiga bo‘lgan mehr-muhabbatni oshirishimiz kerak. Lekin faqat bu orqali ijobiy natija kutish qiyin. Masalan, bioxilmaxillik borasida tadqiqotlar o‘tkazayotgan olimlarimiz judayam kam. Bu borada ilmiy tadqiqotlarni ko‘paytirish zarur. 

Tajribamga tayangan holda ko‘pchilikka ma’qul bo‘lgan va juda ko‘p insonlar qo‘llab-quvvatlagan ishga qo‘l urdim. 2001-2010 yillarda ishlagan vaqtimda ikki yuz nafar jamoatchi inspektorimiz bo‘lardi. Masalan, g‘alla o‘rim-yig‘imi paytida don yig‘ishtirib olingan maydondagi somonga olov qo‘yilsa, ishonch telefonlarimiz orqali bizga xabar berishardi va biz hokim yoki fermerdan oldin voqeadan xabar topib, olovni o‘chirishga kirishardik. Maqsadimiz yong‘in uchun fermerga jarima solish emas, balki ana shunday yong‘inlarning oldini olish bo‘lgan. O‘shanda birorta viloyatda bu kabi jamoatchi inspektorlarni faoliyatga jalb qilish tajribasi yo‘q edi.

Hozir jamoatchilik inspektorlari faoliyatini qayta tiklashga kirishdim. Noyabr oyidan beri asosan jamoatchi inspektorlar bilan ishlayapman. 

Yaqinda Muzrabot tumanidan bir guruh ovchilar hayvonlarni ovlayotgani haqida xabar keldi. Kechqurun tezkor guruhni jo‘natdim. Milliy gvardiya bizga yordam berdi. 7 nafar brakonerni ushladik. Ov mavsumi boshlanishidan oldin televideniye, radio, gazeta va saytlar orqali to‘liq tushuncha va ma’lumotlarni beramiz, nima mumkin-u, nima taqiqlanishini tushuntiramiz. 

Ovchilarga «noqonuniy xatti-harakat qilmang, ruxsatnoma bilan ishlang, yo‘qsa, chora ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi. Keling, bir-birimizni hurmat qilaylik va qo‘llab-quvvatlaylik, jonzotlarni asraylik», deb murojaat qilamiz. Lekin tan olish kerak, murojaatlarimiz hammaga ham birdek yetib bormayapti. Ov mavsumi boshlanganidan beri tabiatga, jonzotlarga zarar yetkazilishi bo‘yicha 7-8 ta holat aniqlanib turibdi.

— Surxondaryodagi Payg‘ambar oroli bioxilmaxillikka boy. Ekologuzʼga kelgan xabarga ko‘ra u yerda ichki ishlar va boshqa kuch tuzilmalari xodimlari Qizil kitobga kiritilgan Buxoro xongulini (bug‘u) ovlayotgani kuzatilayotgan ekan.

— Payg‘ambar oroli chegara hududi hisoblanadi. Orolning naryog‘i Afg‘oniston. U yerga borsangiz, narigi tomondagilar tandir yoqyaptimi, ovqat pishiryaptimi shundoq ko‘rinib turadi. Chegara hududi bo‘lgani uchun bizga u yerga kirishga ruxsat yo‘q, biz u hududda ishlay olmaymiz. Agar harbiy prokuratura bizdan mutaxassis so‘rasa, kirishimiz mumkin. 

— Harbiy prokuraturaga sizlarning o‘zingiz brakonerlik holatlari bo‘yicha ariza bersangiz bo‘lmaydimi?

— Buning uchun qo‘limizda aniq dalil bo‘lishi kerak, fakt bo‘lmasa arizamiz qabul qilinmaydi, u bo‘lishi uchun biz avval ichkariga kirgan bo‘lishimiz, ko‘rishimiz lozim. Masalan, orolda xongullarning soni 860 ta. U yerda sodir bo‘layotgan brakonerlik holatlarining oldini olish uchun harbiy prokuratura tarkibida kichik ekologik guruh, ya’ni o‘sha joyning hayvonot olamiga ham, o‘simlik dunyosiga ham mas’ul bo‘lgan jamoa shakllantirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. 

Ya’ni bizga axborot berishmasa ham, o‘sha joyni saqlab qolish uchun o‘zlari harakat qilsin, degan masala bilan chiqqan edik. Ammo natija bo‘lmadi. Agar ruxsat berish imkoniyati bo‘lsa, bir oyda bir marotabami, bir yilda ikki martami inspektorlarimiz orol hududiga kirsin. Shu orqali hayvonot va o‘simlik dunyosi saqlanib qolingan bo‘lardi.

— Bu bergan taklifingizga javob keldimi?

— Yo‘q, hali javob kelmadi. Chegara qo‘shinlarigayam bu bo‘yicha xat chiqardik, o‘sha siz eshitgan xabarlar bizniyam qulog‘imizga chalinib turadi, lekin isbot yo‘q. Agar bo‘lsa, biz uni chegara qo‘shinlariga yuboramiz, chegara qo‘shinlari baribir bizdan mutaxassis so‘raydi, chunki o‘zlarida yo‘q. Shunda biz kira olamiz, holatni o‘rganib chiqamiz. Har qanday holatdayam ularning tarkibida ekologiya bo‘yicha guruh ochilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. 

— O‘zbekistonning hayvonot dunyosini saqlab qolish uchun hech bo‘lmasa, 3 yilga moratoriy joriy qilish lozim deb o‘ylayman, chunki ayni paytda hayvonlarimiz qirib tashlanyapti. Bu borada siz qanday fikrdasiz?

— Ko‘nglimdagi gapni aytdingiz, men hayvonot dunyosiga ham, o‘simlik dunyosiga ham uzluksiz moratoriy berish kerak, deb hisoblayman. Agar moratoriy bo‘lsa, biz otiladigan hayvonmi, otilmaydigan hayvonmi, anchasini asrab qolamiz. 

— Boshqarmaning tuman bo‘limlarida boshqa ayol rahbarlar bormi? 

— Yo‘q, agar, yaxshi ayol rahbar bo‘ladigani bo‘lsa, jon deb olardim ishga. Tumanlarda ayol rahbar bo‘lishini juda istardim. Chunki ayol ichmaydi, chekmaydi, qolaversa, o‘zimdan qiyos, bolalarimni qanchalik yaxshi ko‘rsam, qanday munosabatda bo‘lsam, ekologiyaga, hayvonot dunyosiga ham shunday muomalada bo‘laman. 

Men ularni asrash uchun hamma narsaga tayyorman. Bitta daraxt kesilsa, ayamayman, zarur bo‘lsa prokuraturagacha olib boraman. Qo‘l ostimdagi odamlarga nisbatan juda ham qattiqqo‘lman. Albatta, bu narsa ko‘pchilikka yoqmaydi. O‘zim ayol bo‘lsam ham oldimga qo‘yilgan barcha vazifani bajaraman. Bir martada iloji bo‘lmasa, uni oxiriga yetkazmagunimcha, qayta-qayta urinaman. 

Bir yig‘ilishda, oldingi hokimimiz bilan «Yashil makon» bo‘yicha sal kelishmovchilik bo‘ldi, bir majlisga borganimda oldiga kirmoqchi bo‘lsam, opa siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q, dedi. Yurib ketayotganida, shunday oldiga chiqdim-da, «gaplashasiz, siz hokim bo‘lsangiz, men boshqarma boshlig‘iman, mening ham muammolarim bor, mening ham siz bilan hal qiladigan ishlarim bor. Hokim bo‘lsangiz, vazifangizni bajaring», dedim. Oldimdagilar, «opa, siz hokimga shunday dedingizmi, juda qattiq gapirib qo‘ydingiz», deyishdi. Men qattiq gapirmasligim uchun u meni eshitishi kerak edi. Ha, mening ham uyimda, mol-holim, qo‘yim bor, sigirim bor, sut sog‘aman, bolalarimga non pishirib beraman, uyda ham ayollik vazifamni bajarishim kerak. Rahbarman deb, ayolligimdan voz kechib qo‘yganim yo‘q, men shunday yaratilganman. 

— Ayni paytda ekoinspektorlarga berilishi kerak bo‘lgan vakolatni ichki ishlarga berildi. Ular hozir o‘zlarining vazifalarini to‘liq bajara olmayapti, faqatgina jarima undirishyapti. 

— Ko‘pchilik, shunday deb o‘ylaydi, lekin men shu sohaning boshida yurganim uchun aytaman, maqsad jarima undirish emas bizda. Biz bitta daraxt kesilib, jarima undiradigan holat bo‘lishini kutmaymiz. Jamoatchilik inspektorlarimiz yaxshi ishlashadi, masalan, siz borib bir daraxtni kesmoqchi bo‘lsangiz, shubha ostiga olib, nazorat qilishadi. Men bu yerga ishga kelganimdan buyon, yuqoridan ham bunday topshiriq bo‘lgani yo‘q.

— Ammo boshqa viloyatlarda inspektorlar bilan gaplashganimizda «shuncha jarima olib kelasan», deb ularning zimmalariga qo‘yishlarini aytishgan.

— Ularda shunday bo‘layotgandir, lekin bizning tizimda bu narsa yo‘q. Masalan, mening oldimdan chiqindi chiqib qolsa, uni ko‘rib turib, ko‘rmaslikka ola olmayman. Inspektorlarni shunga tayyorlayman. Lekin ko‘p jarima solinmoqda, chunki daraxt kesilish holatlari juda ko‘p. Biz tinimsiz OAV bilan ishlaymiz. Aynan ommaviy axborot vositalaridagi tanqidlar ortida muvaffaqiyat yotadi. Chunki ular bizning mehnatimizni xalqqa ko‘rsatib berishadi.

— Ekoinspektorlarning vakolatlarini kengaytirish kerakmi?

— Albatta. Ekopatrul joriy etildi, ammo ular hozircha deyarli ish qilishgani yo‘q, nazoratni ham, jarimani ham o‘zimiz qilamiz. Ekologiyani asrashga fidoyi insonlar kerak. Ichki ishlar boshqa narsaga jon kuydirishi mumkin, biroq ekologiyani asrash uchun jon qayg‘uradiganlari kam. Buning uchun tabiatni sevish kerak. Bizning uchta migratsiya zonamiz bor. Har yili u yerga qushlar kelib, bolalab, uchib ketadi. Hozir shularga don sochib chiqyapmiz, chunki sovuqda ularni asrashimiz lozim. Agar men fidoyi bo‘lmasam, jonim achimasa o‘shalar uchun men bu narsani qilmayman-ku, to‘g‘rimi? 

— Inspektorlar ichida xotin-qizlar ham bormi? 

— Bor, uch nafar ayol ekoinspektorim bor. 

— Ularning sonini ko‘paytirish tarafdorimisiz, ko‘paytirishga harakat qilyapsizmi?

— Ayollar o‘z oilasidagi yumushlarni bajarishi, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishga ham ulgurishi lozim. Oilamdagi vazifalarimni ado etib, shu bilan birga juda katta jamoani ham boshqarishim kerak. Ayollarni ham bir joyga ishga olish uchun shu masalani o‘rtaga qo‘yaman. Ro‘zg‘oring, oilang senga birinchimi, yoki ishingmi? 

Agar ikkalasini teng qilaman desang, baribir bittasini yo‘qotasan. Yo‘q, ulguraman, desang, sen kechasi bir soat uxlashing kerak. Shunga tayyormisan qizim, deyman. O‘ylanib qolishadi. Bir harakatchan, chaqqon qizni bo‘limga rahbar qilmoqchi bo‘ldim. Chaqirtirdim. «Qizim, oilalimisiz, nechta bolangiz bor, eringiz ishingizga xayrixohmi?» dedim. 

Jim qoldi. Bir taklifim bor. Sizni bir bo‘limga rahbar qilmoqchi edim, desam: «opajon, yo‘q, erim qo‘ymaydi, kechasi 1 soat kech borsam, janjal boshlanadi», deydi. Ayollarni rahbar qilib tayinlashda aynan qiyinchilik ana shu yerda. Ularni oilasi qo‘llab-quvvatlamasligida. Agarda men ularni rahbar qilib qo‘ysam, oilasini yo‘qotishini xohlamayman. 

Shuning uchun ham ayol rahbarlar kam. Ayollardan rahbarlar bo‘lishini juda ham xohlayman. Ammo rahbarlikka kelganda, ularning ikki tomonni ham birdek olib borishi qiyin kechadi, chunki jamiyatimizda uy-ro‘zg‘or tashvishlari barchasi ayollar zimmasiga yuklatilgan. Aksariyat holatda esa ishdan kech qolsa, boshi tashvishdan chiqmaydi. Ayol rahbarlar, ayniqsa, tabiatni muhofaza qilish tizimida juda ham zarur. Chunki ular tabiatga mehribon bo‘ladi. Azaldan ayoldagi onalik, ya’ni farzandi, oilasini himoya qilish instinkti aynan tabiatga ham ko‘chadi. Bular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq masala. 

Ekolog Nargis Qosimova suhbatlashdi.

Top