17:52 / 11.03.2023
48747

“Eski kalish va ikki dona “perashki”- hayotimni o‘zgartirgan ikki voqea”: chekka bir qishloqdan chiqqan professor hikoyasi

Akam bilan maktabga bitta etikni almashib kiyardik. U tushgacha, men tushdan keyin o‘qirdim. Bir kuni darsi cho‘zildimi, akam hech kelavermadi. Uchratib qolarman degan umidda eski kalishda yo‘lga tushdim. Maktabga yetib kelganimda ham akamni ko‘rmadim. O‘shanda sinf xonasiga kirishga uyalib, ancha vaqt eshik orqasida turib qoldim...

Foto: KUN.UZ

(Hikoyamiz qahramoni o‘tmishini o‘zgalar bilishini istamagani uchun ismi-sharifi o‘zgartirib berildi.)

Sochlariga oq oralagan, o‘zi munkillab qolganiga qaramay, universitet binosiga kirishi bilan yoshlardek g‘ayratga to‘lib ketuvchi Yusuf Qobilovni bilimidan ham ko‘proq insoniy fazilatlari uchun qadrlashadi.

Talabalariga kasbiy bilim berish bilan birgalikda, hayotiy saboqlar berishdan ham erinmaydi. Shuning uchunmi shogirdlari uni nafaqat ustoz, balki otasidek ko‘rishadi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashi, o‘qishga rag‘batlantirishi, o‘zi ham shunday o‘qituvchi sabab taqdiri yaxshi tomonga o‘zgarib ketganidan bo‘lsa, ajab emas.

“1945 yil ayni urush tugab, odamlarning sillasi qurigan, qishda ochdan o‘lmagan aholining yolg‘iz umidi tut pishig‘iga yetish bo‘lgan davrlarda dunyoga kelgan ekanman.

Oilada 5 farzand edik. Onamni eslolmayman, men yoshligimda vafot etib ketganlar. Otam yo‘qchilikda yana bir tomoqni ko‘paytirmaslik uchunmi, yoki bizni o‘gay onaning qo‘liga qaratmaslik uchunmi bilmayman, xullas boshqa uylanmagan edilar.

Otam kolxozda ishlar, topgani yeyishimizga yetsa, kiyimimizga yetmasdi. Ikkitamiz qiz, uchtamiz o‘g‘il edik. Mendan oldin akam va opam bo‘lib, akamning fikr-u xayoli tezroq sakkizni tugatib, otamning yoniga kirish edi. Opam esa butun uy yumushlarini qilar, kiyimlarimizni yamab, imkon boricha yo‘g‘imizdan bor qilishga urinardi.

Ertalab, tushlik va kechqurun hammamizga bir burdadan non bo‘lib berardi. Uyimizda hamma narsa o‘lchog‘lik edi. Bu faqat bizda emas, o‘sha paytda ko‘pchilikning ro‘zg‘ori shunday edi. To‘yib-to‘ymay ovqatlanardi hamma. Tushlikda to‘yib non yesa, kechqurun och qolishini tushunmagan bolalar yana deb xarxasha qilardi.

Onam yo‘qligigami yoki otamning bizni qiynalib boqayotganini ko‘rganimiz uchunmi ko‘p ham narsa so‘rab otamni qiyin ahvolga solmasdik. Akam bilan maktabga bitta etikni alishib kiyardik. Akam tushgacha men esa tushdan keyin o‘qirdik (bu ham bizning baxtimiz).

U vaqtda hozirgidek maktablar qayerda, poli loyshuvoq qilingan, yomg‘ir yog‘sa, etiklarimizga ilashib kirgan loy bilan qo‘shilib bir qarich loy bo‘lib ketardi sinf xonalar ham.

Shunday kunlarning birida darsi cho‘zildimi, akamdan darak bo‘lavermadi. Dars boshlanishiga esa oz vaqt qoldi. Qishloq maktabi bo‘lgani uchun masofa ham yaqin emas. Maktabgacha yarim soatlar yurish kerak.

Uchratib qolarman, degan umid bilan tavakkal eski kalishimda yo‘lga tushdim. Lekin baxtga qarshi akamni ko‘rmadim. Maktabga yetib kelganimda ham akamni topolmadim. Darsga qo‘ng‘iroq chalingan, baxtimga hovlida hech kim yo‘q. Lekin darsga shu ahvolda kiramanmi?

Kirishga uyalib ancha vaqt eshik orqasida turdim. Sinfdagi shovqindan hali o‘qituvchi kirmaganini anglash qiyin emas edi. Bir ko‘nglim qaytib ket deydi, yana biri kir deydi. Nima qilishimni bilmay ikkilanib turganimda o‘qituvchimiz kelib qolibdi.

Salomimga alik olib nega kirmayotganimni so‘radi. Nima deyishimni bilmay yerga qaradim. O‘qituvchimiz gap nimadaligini bildi chog‘i, o‘zi vaziyatni o‘nglab ketdi. Ha, darsga shoshganingdan oyoq kiyimingni alishtirishni unutdingmi, dedi.

Bahona topilganidan xursand bo‘lib ketdim. Darsga tayyormisan, deb so‘radi o‘qituvchim. Ha, dedim. Doimgidek barakalla, deb sinf eshigini ochdi ustoz. Orqama-keyin xonaga kirdik. Shovqin tinib, hamma o‘rnidan turib salom berdi.

Yo‘qlamadan so‘ng bir-bir uy vazifasini so‘radi ustoz. Doimgidek darsga tayyor edim. Sharillatib javob berdim. Dars qilishga ko‘p vaqt ajratmasdim, lekin bitta o‘qiganimda esimda qolib ketardi.

O‘qituvchimiz, darsga shoshganidan oyoq kiyimini alishtirishni ham unutibdi. Fanni shu daraja yaxshi ko‘rish kerak. Darslarga shunday shoshish kerak, barakalla Yusufjon, deb sinfdoshlarim ichida maqtagani o‘rtoqlarimga nisbatan kalishlarimdan uyalish hissini ham yo‘q qildi.

Shu kuni men kimyo fani o‘qituvchimni faqat darsni yaxshi o‘tadigan o‘qituvchi emas, yaxshi inson sifatida kashf qildim. Mehr qo‘ydim.

Akam sakkizni tamomlab texnikumga o‘qishga kirdi. Shu bilan birga ishlay boshladi. Otamning og‘iri oz bo‘lsa-da yengilladi. Akamga havas qilardim. Men ham tezroq sakkizni tamomlab, akamning yoniga kirsam, otamga foydam tegsa derdim. Lekin kimyo fani o‘qituvchim bilan bo‘lgan suhbat hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi.

Darsga ertaroq kelgan ekanman. Maktab hovlisida aylanib yursam oshxona derazasini ichkaridan kimdir urdi. Yaxshiroq tikilsam kimyo o‘qituvchim ekan. Qo‘li bilan meni imladi. Kirdim. Ikkita “perashki” olib kel, deb pul berdi. “Bufetchi”dan ikkita perashki olib o‘qituvchimning oldiga qo‘ydim. O‘tir dedi.

Likopchani oldimga surdi. Ol, Qobilov, uyalma. Qani ayt-chi, kelajak rejalaring qanday, deb gapga tutdi. Issiqqina bo‘g‘irsoqlar biram mazali ediki, ta’mi hali ham og‘zimdan ketmaydi. Chaynalib-chaynalib rejalarimni aytdim.

Unday qilma, dedi ustozim. Hozir otamga yordam beraman deb o‘ylashing mumkin. Lekin ishlaganing sari, ulg‘ayganing sari o‘zingning ham muammolaring, ehtiyojlaring ortib boradi. Oilangga chin dildan yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, to‘qqiz-o‘nni ham o‘qi.

Shu biliming bilan to‘g‘ri institutga kirasan. O‘qishni tamomlaganingdan so‘ng oilangga chinakamiga foydang tegadi. Otang sen bilan faxrlanadi. Bolalaring maktabga bir oyoq kiyimni alishib kiyishga majbur bo‘lmaydi. Biliming uvol ketmaydi.

Uyalganimda yuzim qizarib ketdi, buni ikki betim qiziganidan sezdim. Demak o‘qituvchim hammasini bilar ekan-da, o‘shanda meni xijolat qilmaslik uchun o‘zi bahona to‘qigan ekan. Qanday shunchalar bag‘rikeng bo‘lishi mumkin.

O‘sha vaziyatda o‘zimni o‘qituvchimdan qarzdor his qilardim, hammasi uchun. Bularni qaytarishning birgina yo‘li o‘qish va o‘quvchilarimga ustozim kabi g‘amxo‘rlik qilish bo‘lib ko‘rinardi.

Universitetga kirgunimcha qiynaldim. Ishlashni rejalashtirgan ikki yilimda o‘qish oson kechmadi. Opamni uzatdik. Otam bilan akam ancha qiynalib qolishdi. Lekin menga o‘qishni qo‘y, ishla deyishmadi.

O‘qishga kirganimni eshitganda otamning ko‘zlarida yosh ko‘rdim. O‘qituvchim to‘g‘ri aytgan ekan. Bolam katta odam bo‘ladi, deb otamning quvonchi cheksiz edi. O‘qish mobaynida nonim ham, ovqatim ham kitoblar edi. Kutubxonadan chiqmay o‘qirdim.

Qiynalib qolgan damlarimda akam doim yordam qo‘lini cho‘zdi. O‘qishni tamomlab kimyogar bo‘lib chiqdim. Oilamizda mendan boshqa hech kim o‘qimadi, lekin hammalari men bilan o‘zlari o‘qigandek faxrlanishardi.

Birma-bir ilmiy ishlarimni yoqladim. O‘qiganim sari darajam ko‘tarilib, dars soatlarim kamayib, oyligim oshib boraverdi. Professor Qobilov darajasiga yetishishimda doimo oilamning, akamning mehnatlarini, otamning ko‘zlaridagi yoshni hamda o‘qituvchimning so‘zlarini poydevor deb bilaman.

Bilim meni ulug‘ladi. Men ilmda o‘zimni topdim. Oila a’zolarim: ayolim, bolalarim, nabiralarimni ham o‘qitdim. Hozir nabira kelinlarimni o‘qityapman. Kelajakda o‘ziga, farzandlariga yaxshi”, deya so‘zlarini yakunladi professor.

Suhbat davomida o‘qituvchining o‘quvchi hayotida nechog‘lik muhim rol o‘ynashiga yana bir bor amin bo‘ldim. O‘quvchisining iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirgan, yo‘l-yo‘riq bergan o‘qituvchi nafaqat bir insonning, balki butun jamiyatning ertasi uchun o‘z hissasini qo‘shgan bo‘ladi.

O‘qituvchida nafaqat kasbiy bilimlar, balki insoniy fazilatlar ham shakllangan bo‘lishi, bolaning faqatgina bilimiga emas, ruhiyati, yashash tarziga ham razm sola bilishi qanchalar muhimligiga ushbu hayotiy hikoya yorqin misol bo‘la oladi.

Charos Mannonova suhbatlashdi.  

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Mavzuga oid
Top