12:16 / 11.03.2023
17149

“Maktabda yuzaga kelgan nizoli holat bo‘yicha o‘quvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan” – vazirlik

Yashnobod tumanidagi maktabda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida yuzaga kelgan holatni o‘rganish maqsadida vazirlik ishchi guruhi tuzildi. Mas’ullarga ko‘ra, o‘rganish natijalari jamoatchilikka ma’lum qilinadi.

Foto: Videodan kadr / Millar

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning topshirig‘i bilan Yashnobod tumanidagi 152-maktabda pedagog va 8-sinf bolasi o‘rtasidagi janjalli voqea hamda muassasadagi ta’lim va tarbiya jarayonlari o‘rganiladigan bo‘ldi.

“Ayni damda o‘qituvchining maktabdagi nosog‘lom muhit bo‘yicha ijtimoiy tarmoq faollariga murojaati keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Shu o‘rinda jamoatchilik vakillaridan har ikki tomonni o‘rgangandan so‘ng xolis axborot tarqatishlarini so‘raymiz, shuningdek ular ham vazirlik ishchi guruhi bilan birgalikda o‘rganish jarayonlarida ishtirok etishlari mumkin. 

Shu o‘rinda o‘qituvchilardan ham o‘quvchilar bilan ziddiyatli vaziyat yuzaga kelganda, pedagogga xos bo‘lgan ta’sir choralarini qo‘llashi lozimligini, har qanday holatda o‘zini qo‘lga olib, bolaning ota-onasi bilan birgalikda muammoga yechim topishi zarurligini yana bir bor eslatib o‘tamiz”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Shuningdek, vazirlikka ko‘ra, maktabda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida yuzaga kelgan nizoli holat bo‘yicha o‘quvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Sud qarori bilan o‘quvchining onasi va maktab o‘qituvchisiga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, 152-maktabda ishlab kelgan va shu holatdan keyin ishdan bo‘shatilgan o‘qituvchi Gulchehra Mamajonova tarqatilgan videodagi ayrim holatlar kesib tashlangani, provokatsion qismlari qoldirilib, ataylab tarqatib yuborilgani haqida yozgandi. Shuningdek, u yozgan postida o‘zi ishlagan ta’lim muassasasida nosog‘lom muhit borligini qayd etib o‘tgan.

Top