13:06 / 11.03.2023
18610

Nukusdagi portlashda vayronalar ostidan olib chiqilgan 5 yoshli qizcha vafot etdi

Shifoxonada davolanayotgan qizcha o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi sabab 8 mart kuni olamdan o‘tgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2023 yil 29 yanvar kuni tunda Nukus shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida gaz portlagan va uning bir qismi vayron bo‘lgandi. Qutqaruv ishlari davomida vayronalar ostida 4 kishining jasadi va 5 yoshli qizcha jarohatlangan holda topilgandi.

Gazeta.uzʼning xabar berishicha, 2023 yil 8 mart kuni 5 yoshli Elvira Tirnakova ham shifoxonada vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, E.Tirnakova 30 yanvar kuni vayronalar ostidan olib chiqilib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog‘iston filialiga yotqizilgan. 8 mart kuni unda biologik o‘lim holati qayd etilgan. Bunga o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.

Marhuma qizchaning tibbiyot varaqasida yopiq miya shikastlanishi, miya chayqalishi, burun, yuqori labda ko‘karishlar, ikkala oyoqning pastki qismi shikastlanishi yozilgan. Bundan tashqari, davolash davomida qizchada anuriya bosqichida o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, og‘ir endogen intoksikatsiyasi, sepsis, toksik miokard, toksik gepatit, organlarning yetishmovchiligi kuzatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra Nukusda uy vayronalari ostida qolib halok bo‘lganlarning to‘rt nafari bir oila a’zolari, keksa yoshdagi ayol, uning kelini va ikki nafar nabirasi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni soat 16:15 atrofida Nukus shahri «Temir jol» MFYda joylashgan 4 qavatli uyda havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgandi. 30 yanvar kuni FVV vayronalar tagidan 5 yoshli Tirnakova Elvira qutqarib olinganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq ushbu oilada yana ikki kishi — qizchaning onasi va 100 kunlik chaqaloq ham portlash oqibatida vafot etgan.  

Top