14:37 / 13.03.2023
30433

«Arsenal» «Siti»ga imkon qoldirmayapti, «Barselona»ni VAR qutqardi. Hafta o‘yinlari yakunlari

Yevropa futbolida dam olish kunlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Autsayderlarga qarshi o‘yinlarda «Liverpul» yutqazdi, «MYu» durang o‘ynadi

Bornmut – Liverpul 1:0 
Gol: 1:0 – 28, Billing.
Aniq ijro etilmagan penalti – 69, Saloh
Bornmut – Neto, Smit (Frederiks, 80), Stivens, Senesi, Kelli, Lerma (Kuk, 81), Rotuell, Billing (Kristi, 70), Uattara, Solanke (Semeno, 88), Entoni (Vinya, 88).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold (Milner, 65), van Deyk, Konate, Roberson, Baychetich (Karvalyu, 88), Fabino (Henderson, 65), Elliott (Diogu Jota, 46), Saloh, Gakpo, Nunes (Firmino, 66).
Ogohlantirishlar: Billing (46), Entoni (51), Konate (75).

«MYu» darvozasiga javobsiz yetti gol yo‘llagan «Liverpul» bu turda APLning so‘nggi o‘rindagi jamoasining qattiq qarshiligiga duch keldi. O‘tgan turda «Arsenal»ni qiynab qo‘ygan bu jamoa bu o‘yinda ham ilk daqiqalarda hisobni ochishi mumkin edi, ammo himoyachilardan qochib ketgan va Alissonni aldab o‘tgan Uattar o‘tkir burchakdan aniq zarba yo‘llay olmadi. Lekin mezbonlar forvardi bo‘lim o‘rtalarida assistentlik mahoratini namoyish etdi va Billing gol urishiga yordamlashdi.

Umuman olganda, bu hali natijani kafolatlamasdi, chunki o‘tgan turda «Arsenal» shu stadionda ikki to‘p farqi bilan ortda bora turib, g‘alabani ilib ketgandi. Ammo «Liverpul» bir hafta oldin gollar limitini to‘ldirib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Jamoa hatto penaltidan foydalana olmadi. Aftidan, bu mavsumda ilk bor 11 metrlik jarima zarbasi ishlagan qizillar uni qanday ijro etishni unutishgan - Salohning zarbasi hatto darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Yakunda Klopp jamoasi «Tottenhem»ni kuchli to‘rtlikdan siqib chiqarish o‘rniga Robin Gud rolini bajardi va raqibga turnir jadvalining oxirgi o‘rnidan ko‘tarilish uchun uch ochko taqdim etdi.

Tottenhem - Nottingem Forest 3:1
Gollar: Keyn, 19 (1:0). Keyn, 35 penalti (2:0). Son Hyon Min, 62 (3:0). Uorrell, 81 (3:1).

«Shporlar» liverpulliklarning sovg‘asini qabul qilishdi va kichik inqirozdan chiqib olishdi, jamoa so‘nggi haftalarda Chempionlar ligasi va Angliya Kubogini tark etgan, shuningdek o‘tgan turda «Vulverhempton»ga yutqazgandi. «Tottenhem» bu o‘yinlarning birortasida gol urmagan, ammo shanba kuni Keyn bu noxush seriyani to‘xtatdi va mavsum boshidan buyon sakkizinchi bor bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.

«Ikkinchi qavat»dan berilgan yana bir zarba bilan Harri 25 yil muqaddam Dankan Fergyuson tomonidan o‘rnatilgan rekordni takrorlaydi. Hozircha esa penaltini aniq ijro etib, «Tottenhem» to‘purari APL tarixida olti mavsumda gollari sonini 20 taga yetkazgan uchinchi futbolchiga aylandi. Bunday natijaga erishganlar safida Serxio Aguero ham bor, Alan Shirerda esa bunday mavsumlar soni 7 ta.

Lester - Chelsi 1:3
Gollar: Chiluell, 11 (0:1). Daka, 39 (1:1). Havers, 45+6 (1:2). Kovachich, 78 (1:3).

Aftidan, «Chelsi» ham inqirozdan chiqib oldi. Bu asosan ruhiy muammolar bilan bog‘liq edi, muvaffaqiyatsizliklar yuki futbolchilarni ham, Grem Potterni ham bosim ostida qoldirayotgandi. Ammo jamoa avvaliga «Lids»ni minimal hisobda mag‘lub etdi, keyin Chempionlar ligasida «Borussiya» to‘sig‘idan o‘tildi va endi bir yil oldin «Tottenhem»ni tor-mor etganidan (4:1) buyon qatorasiga to‘rt o‘yinda mag‘lub bo‘lgan «Lester»ning mag‘lubiyatli seriyasi besh o‘yinga yetkazildi. Shu bilan birga, jamoada vaziyatlardan foydalanish bilan bog‘liq muammolar davom etmoqda.

Bu asosan Joau Felish haqida, avvaliga uning zarbasi ustunga tegdi, keyin urgan goli ofsayd tufayli bekor qilindi, nihoyat hisobni tenglashtirgan Dakaning golidagi asosiy aybdorlardan biri bo‘ldi. Ammo «Chelsi»ning boshqa futbolchilari o‘z darajasida o‘ynamoqda. Futbolchilarda o‘ziga ishonch yuqori bo‘lmaganda bunday g‘alaba gollari urib bo‘lmaydi. Gap Enso Fernandesning parashyut uslubida tashlab bergan pasi va hujumni yakunlagan Havers haqida bormoqda, u to‘pni gazonga tushirmasdan darvozabonning ustidan oshirib to‘rga yo‘lladi.

Kristal Pelas – Manchester Siti 0:1
Gol: Holand, 79 penalti.
Kristal Pelas – Guaita, Klayn, Andersen, Gexi, Mitchell, Milivoyevich (Axamada, 61), Shlupp, Lokonga, Olise, Ayyu, Zaa.
Manchester Siti – Ederson, Stounz, Ruben Diash, Akanji, Ake, Gyundogan, Grilish, Bernardu Silva, Rodri, Foden (Alvares, 58), Holand.
Ogohlantirishlar: Milivoyevich (30), Diash (59), Ake (65), Andersen (90+3)

«Kristal Pelas» bosh murabbiyi Patrik Viyeyra «Arsenal»da ham, «Manchester Siti»da ham yulduz futbolchi bo‘lgan. Shunday ekan, shanba kungi o‘yin qanday natija bilan yakunlansa ham, u o‘z sobiq jamoalaridan biriga yordam bergan bo‘lib chiqardi. Xosep Gvardiola esa bir o‘q bilan ikki quyonni urishni ko‘zladi va Chempionlar ligasiga kuch saqlash uchun De Breyne, Mahrez va Uokerni zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi.

Birinchi bo‘limni «shaharliklar» yaxshi o‘tkaza olmadi. Vaziyat faqat tanaffusdan keyin o‘zgara boshladi va «Siti» o‘yinida nihoyat keskinlik paydo bo‘ldi. Mezbonlarni Guaitaning seyvlari qutqarib turdi, ammo uni jamoadoshlari noqulay ahvolga tushirib qo‘yishdi. Olise jarima maydonida Gundo‘g‘anga fol ishlatdi va Holand ikki «quruq» o‘yindan keyin gol urishda davom etdi. Qatorasiga uchinchi turda raqib darvozalari sohasiga aniq zarba bera olmagan «Pelas»da javob qaytarish uchun kuch topilmadi, turnir jadvalining quyi qismiga yaqin joylashgan Viyeyra shogirdlari keyingi turda «Arsenal» mehmoni bo‘ladi.

Fulhem – Arsenal 0:3
Gollar: 0:1 – 21 Gabriel, 0:2 – 26 Martinelli, 0:3 – 45 Edegor.
Fulhem – Leno, Tete, Rim, Adarabioyo, Robinson, Rid, Pereyra (Uilson, 76), Lukich, Solomon (Jyeyms, 76), Dekordova-Rid, Mitrovich.
Arsenal – Remsdeyl, Uayt (Tomiyasu, 80), Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tirni, 72), Djaka, Parti, Edegor, Saka (Nelson, 72), Trossard (Gabriel Jyezus, 77), Martinelli (Fabiu Viyeyra, 77).
Ogohlantirish: Edegor (74)

«Bornmut» (3:2) va «Sporting» (2:2) bilan kechgan triller o‘yinlardan keyin «kanonirlar» o‘z muxlislarining asablarini sinovdan o‘tkazmaslikka qaror qildi. Gol ofsayd tufayli bekor qilindimi? «Arsenal» bunday yoqimsiz holatga aytarli e’tibor qaratmadi va tezda raqibni nokautga uchratdi. O‘yin masalasi Trossarning assistentlik het-trigi tufayli birinchi bo‘limdayoq hal bo‘lib ulgurdi.

Belgiyalik futbolchi APL tarixiga bunday natijaga tanaffusgachayoq erishgan ilk futbolchi sifatida kirdi. Trossar ikki ideal uzatma bilan boshladi. Burchak zarbasi ijro etilganida Gabriel Magalyaynsning boshini topdi va o‘yindan — Gabriel Martinellini to‘p bilan ta’minladi. Personal benefisini esa Edegorga uzatma bilan yakunladi. O‘yinning ikkinchi bo‘limida e’tiborga molik voqea — Gabriel Jyezusning uzoq kutilgan qaytishi bo‘ldi. Forvard JCh-2022 da jarohat olganidan buyon maydonga tusha olmayotgandi, endi mavsumning eng muhim pallasida Artetaga uning yordami kerak bo‘ladi.

Manchester Yunayted – Sauthempton 0:0 
Manchester Yunayted – De Xea, Uan-Bissaka, Varan, Martines (Maguayr, 90), Shou, Kazemiro, Brunu Fernandesh, Antoni (Pelistri, 74), Vegorst (Maktomini, 44), Sancho (Garnacho 73, Fred 90), Reshford.
Sauthempton – Bazunu, Uoker-Piters, Bednarek, Bella-Kochap, Perro, Uord-Prouz, Alkaras (Armstrong, 55), Sulemana (Armstrong, 76), Lavia, Onuachu, Uolkott, Adams (Mara, 76).
Ogohlantirishlar: Martines (10), Shou (90+6)
Chetlatish: Kazemiro (34).

Yakshanba kunga kelib so‘nggi o‘ringa tushib qolgan «Sauthempton» «Old Trafford»dagi o‘yinning birinchi bo‘limidayoq VAR aralashuvi tufayli bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynay boshladi. Maydon markazida to‘pga o‘ynagan Kazemiro inersiya bo‘yicha butsasi tishlari bilan raqib oyog‘iga zarba berdi, arbitr esa monitorga taklif etilgach, sariq kartochka qizilga aylandi.

Bu hayratlanarli holat, chunki braziliyalik yarimhimoyachi «Real» safida yetti yil davomida biror marta maydondan chetlatilgan, «MYu»da esa bir mavsumning ichida ikkinchi bor kiyim almashtirish xonasiga barvaqt yo‘l olmoqda.

Mavsumdagi ikkinchi qizil kartochka uchun qo‘shimcha diskvalifikatsiya (4 o‘yin) joriy etiladi va u avvalgisi bilan qo‘shib hisoblaganda jami olti o‘yinda jamoasiga yordam bera olmaydigan bo‘lmoqda. U APLning keyingi turlarida «Fulhem», «Nyukasl», «Brentford» va «Everton»ga qarshi o‘yinlarni o‘tkazib yuborib, faqat aprel oyi o‘rtalariga borib safga qaytadi. «Qizil iblislar» safida bunaqasi to‘qqiz yildan buyon kuzatilmagandi — Nemanya Vidich o‘ynagan davrdan buyon. Erik ten Hag jamoasi bir kishi kam holatda g‘alaba qozonishi ham, yutqazishi ham mumkin edi. Bir tomondan Brunu Fernandeshning zarbasi ustunga tegdi, boshqa tomondan darvoza to‘sini mezbonlarni ham goldan saqladi. Shu bilan birga De Xea maydon markazida himoyachilardan qochib ketgan Uolkottning zarbasini bartaraf etdi.

Nyukasl – Vulverhempton 2:1
Gollar: 1:0 – 26 Isak, 1:1 – 70 Xvang Hi Chhang, 2:1 – 79 Almiron.
Nyukasl – Poup, Tripper, Sher, Botman, Bern, Bruno Gimaraes, Longstaff, Uillok, Merfi (Ritchi, 85), Sen-Maksimen (Almiron, 68), Isak (Uilson, 68).
Vulverhempton – Joze Sa, Semedu, Douson, Kilmen, Kastro (Ait-Nuri, 69), Moutinyu (Kollinz, 75), Lemina, Podense (Hvang Hi Chhang, 69), Ruben Nevesh (Mateush Nunesh, 69), Ximenes, Traore (Netu, 46).
Ogohlantirishlar: Podense (44), Semedu (58), Isak (68).

Qatorasiga besh turda g‘alaba neligini bilmagan «Nyukasl» (=3-2) Chempionlar ligasiga yo‘llanma beradigan o‘rindan tushib ketdi, ammo «qarg‘alar»da ikki zaxira o‘yini bor. «Vulverhempton» ustidan g‘alaba — orzuga erishish yo‘lidagi katta qadam bo‘ldi. O‘yindagi asosiy voqea  esa — Eddi Hau mavsum boshidan buyon ilk bor jamoa yetakchilaridan biri Almironni zaxirada qoldirishi bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda u bilan deyarli bir vaqtda maydonga tushirilgan «bo‘rilar» safidagi «joker» Hvang Hi Chhang bir daqiqa o‘tib hisobni tenglashtirdi. Ammo o‘yindagi so‘nggi so‘zni baribir paragvaylik futbolchi aytdi, «Tottenhem» bilan oradagi farq to‘rt ochkogacha qisqardi.

Ispaniya: irodali «Real»

Real Madrid – Espanol 3:1
Gollar: 0:1 – 8 Xoselu, 1:1 – 22 Vinisius Junior, 2:1 – 39 Militao, 3:1 – 90+2 Asensio.
Real Madrid – Kurtua, Karvaxal, Nacho, Militao, Kamavinga, Modrich (Asensio, 72), Kroos (Sebalos, 74), Tchuameni (Ryudiger, 74), Valverde, Vinisius Junior (Rodriges, 90), Rodrigo.
Espanol – Pacheko, Sanches (Puado, 75), Xil (Per-Gabriel, 69), Serdji Gomes, Montes, Kabrera, Aleish Vidal, Gragera (Denis Suares, 75), Vinisius Kosta, Darder, Xoselu, Breytueyt.
Ogohlantirishlar: Kabrera (19), Vinisius Junior (32), Xil (56).

«Real» o‘yinni Xoseludan gol o‘tkazish bilan boshladi. Bu forvard madridliklar darvozasini sakkizinchi bor ishg‘ol etdi va XXI asrda qayd etilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha Eto'O bilan tenglashib oldi. Rekord esa o‘z hisobiga 18 gol yozib qo‘ygan Messiga tegishli, albatta, bu natijaga yetib olish qiyin, ammo Xoselu hozirgi natijasi bilan ham faxrlansa bo‘ladi.

Lekin «Espanol» ustunligini saqlab qola olmadi va mehmonlarning tezkor goli chempionlarni faqat g‘azablantirdi, Vinisius Junior o‘z solosi bilan hisobni tenglashtirdi. Bo‘lim davomida bosim oshirib borildi va Tshuameni «shvedka» uslubida to‘pni Eder Militaoning boshiga yetkazib berdi. Aftidan, Karlo Anchelotti jamoasi Benzema yo‘qligida ham maromida o‘ynay boshladi.

Vinisius esa 19 gol bilan joriy mavsumdagi eng ko‘p gol urgan (barcha turnirlar doirasida) braziliyalikka aylandi, u jarohat olgan Neymarni ortda qoldirdi. Shu bilan birga, «Real» forvardining sariq kartochkalari soni sakkiztaga yetgan va bu kreativ futbolchi uchun ajablanarli statistika hisoblanadi.

Malorka – Real Sosedad 1:1 
Gollar: 0:1 – 3 Fernandes, 1:1 – 50 Li Kan In.
Chetlatish: Merino (90, RS).

Yaqingacha ta’qibchilarini katta farq bilan ortda qoldirib borgan «Real Sosedad» bir oydan buyon g‘alaba neligini bilmayapti. Natijada — jamoa nafaqat to‘rtinchi o‘ringa tushib ketdi, balki YeChLga yo‘llanma beruvchi kvartetdagi o‘rnini ham yo‘qotishi mumkin. Bu turda basklarga tezkor gol ham yordam bermadi, chunki mudofaadagi qo‘pol xato Li Kan In javob golini urishiga olib keldi. Qo‘shimchasiga o‘yin oxirida «Real Sosedad» maydon markazidagi muhim figurasidan ayrildi. O‘z jamoasi jarima maydoni atrofida to‘pni yo‘qotgan Merino uni qaytarib olishga harakat qilib, raqib oyog‘iga butsasining ost qismi bilan zarba berdi va maydondan chetlatildi.

Vilyarreal – Betis 1:1
Gollar: 0:1 – 38 Iglesias, 1:1 – 55 Pino.

San-Sebastyandagilar uchun yupanch — jamoani ta’qib qilib kelayotgan «Betis» ham durang o‘ynashi bo‘ldi. Andalusiyaliklar bu turda o‘z raqobatchisi bilan uchrashdi, shunday ekan bu natija hech bir tomonni qoniqtirmaydi. Ikkinchi bo‘limda javob golini urgan «Vilyarreal» oradagi 4 ochkolik farqni qisqartira olmadi, «sariq submarinalar» va to‘rtinchi o‘rin orasidagi farq esa yetti ochkoni tashkil etmoqda. «Betis» safidagi gollarini 35 taga yetkazgan Borxi Iglesisas klubning la liga tarixidagi to‘purarlari qatorida o‘ninchi o‘ringa chiqib oldi. Manuel Pellegrini jamoasi «Real Sosedad»ni aprel oxiriga qadar uzoqlashtirib yubormasligi talab etiladi, o‘shanda basklar Sevilyaga tashrif buyuradi. Gap shundaki, Ispaniyada ochkolar soni teng kelgan taqdirda, muhim ko‘rsatkich o‘zaro o‘yinlardagi natija hisoblanadi, «Betis» esa birinchi davradagi o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan.

Atletik – Barselona 0:1
Gol: 0:1 – 45 Rafinya.
Atletik – Agirresabala, De Markos (Kapa, 84), Martines, Vivian, Balensiaga (Berchiche, 70), Raul Garsiya (Muniain, 64), Dani Garsiya, Vesga (Sarraga, 64), Uilyams, Berenger (Guruseta, 84), Uilyams.
Barselona – ter Stegen, Serdji Roberto (Fati, 83), Kristensen, Kunde, Balde, Buskets, de Yong, Gavi (Galiot, 90), Levandovski, Rafinya (Alonso, 83), Ferran Torres (Kessie, 68).

«Barselona»da Levandovski safga qaytdi, ammo, aftidan, pauza vaqtida u gol sezish qobiliyatini yo‘qotib qo‘ygan. Polyak hujumchisi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo to‘pni o‘zidan uzoqlashtirib yubordi va darvozabon bilan duelni boy berdi. Lekin yil boshidan buyon 12 (7+5) samarali ball yig‘gan Rafinya qatorasiga ikkinchi o‘yinda gol urdi, uning bu goli avvaliga xatolik tufayli bekor qilingandi. Vaziyatga VAR aralashdi, chunki bu hujum davomida ofsaydda qolib ketgan Ferran Torres epizodga ta’sir ko‘rsatmagandi.

Biroq katalonlar jamoasi himoyasida muammolar saqlanib qolmoqda. Kunde yana qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, faqat Berengerning noaniq zarba berishi jamoani goldan qutqarib qoldi. O‘yin oxirida esa himoya chizig‘i qattiq xatoga yo‘l qo‘ydi - Inyaki Uilyams Balde va Kristiansenni quvib o‘tib, to‘pga yetib oldi va darvozani ishg‘ol etdi. «San-Mames» xursandchilikdan portladi, ammo bir daqiqa o‘tmay arbitr monitorga yo‘l olganida xursandchilik o‘rnini hushtakbozlik egalladi.

Referi hujum boshlanish bosqichida to‘p Muniainning qo‘liga tekkanini qayd etdi va golni bekor qildi. Ammo «Atletik» uchun asosiy drama qo‘shib berilgan daqiqalarda bo‘ldi, Niko Uilyams akasining uzatmasidan keyin darvozabon hududida turib darvozani ishg‘ol eta olmadi, uning zarbasini Ter Shtegen qaytarib qoldi. Ko‘k-anorranglilar o‘zining sevimli 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va klasikoga bir hafta qolganida «Real» bilan oradagi 9 ochkolik farqni saqlab turibdi.

Kun statistikasi

  • Italiyalik yarimhimoyachi Dzaniolo «Galatasaroy» safidagi debyut o‘yinida 1-golini urdi.
  • «Everton» Shon Daych bosh murabbiylikka tayinlanganidan buyon 3 o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. APLda bu davrda boshqa hech bir jamoada bunday natija bo‘lmagan.
  • «Aston Villa» hujumchisi Uotkins qatorasiga 4 safar o‘yinida gol urdi. Bu birmingemliklar jamoasida 1998 yildan buyon qayd etilgan ilk shunday seriya, o‘tgan asr oxirida bunday natijaga Duayt York erishgandi.
  • «Real» o‘zi hisobda ortda borgan o‘yinlarida vaziyatni o‘zgartirib, 10 ochko jamg‘argan. La Ligada bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat «Jirona»da yaxshiroq natija (12).
  • «Tuluza» hujumchisi Dallinga 10 gol urdi. U kuchli beshlik chempionatlaridagi eng yaxshi niderlandiyalik to‘purar bo‘lib turibdi.
  • La ligada «Sevilya» yarimhimoyachisi Okampos penaltidan 10 gol urdi. Bu asrda u andalusiyaliklar jamoasida faqat Kanute (13) va Negredo (11)dan ortda.
  • Uill Still «Reyms»ga bosh murabbiy etib tayinlanganidan buyon qatorasiga 17 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi. Bu joriy asrda kuchli beshlikda Tito Villanova «Barselona»da qayd etgan seriyadan keyingi eng yaxshi ko‘rsatkich.
  • «Anjye» 21 bor mag‘lub bo‘ldi — bu klubning liga 1 dagi eng yomon natijasi takrorlanishidir.
  • «Napoli»ning Italiya chempionati joriy mavsumidagi gollarining 51 foizi (84 tadan 43 tasi) Kvaratsxeliya va Osimhen ishtirokida urilgan.

 

Top