14:02 / 13.03.2023
4855

Xitoyda qurultoy YaIM o‘sishini 5 foizga ta’minlash haqida qaror qabul qildi

AQSh bilan keskinlik kuchayishi fonida Xitoy mudofaa xarajatlarini 7,2 foizga oshiradi. Shu bilan birga, Xitoy Davlat kengashining yangi Bosh vaziri Li Tsyan AQSh bilan hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini aytyapti.

Foto: VCG

Xitoyda 13 mart, dushanba kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi (BXVK) sessiyasi delegatlari hukumatning mamlakat yalpi ichki mahsulotini besh foizga oshirish va mudofaa xarajatlarini ko‘paytirish bo‘yicha rejalarini ma’qulladi. AQSh bilan keskinlik kuchaygani fonida Xitoyning harbiy xarajatlari umumiy xarajatlardan 7,2 foizga oshiriladi. 

Shu bilan birga, Xitoy Davlat kengashining yangi Bosh vaziri Li Tsyan AQSh bilan hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi. «Tiyib turish va bosim hech kimga foyda keltirmaydi. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-biriga juda bog‘langan, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yili yangi rekord darajadagi 760 milliard dollarga yetdi. Bularning barchasi Xitoy va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zaro hamkorlik qila olishidan dalolat beradi», dedi Li Tsyan. 

Xitoy hukumati lokdaunlar va karantinlar bilan koronavirusga qarshi nol toqat siyosatini tugatgandan so‘ng, Xitoy iqtisodiyotining tiklanishiga umid qilmoqda. Kon’yunkturani rag‘batlantirish uchun o‘tgan yilga nisbatan yuqoriroq yangi qarzdorlik ko‘zda tutilgan. Xitoyda budjet taqchilligi hajmi taxminan 3 foizni tashkil qilishi kerak (o‘tgan yili 2,8 foiz). 

Hukumatning BXVK sessiyasida qabul qilingan hisobotida ham joriy yilda 12 million yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan bir millionga ko‘pdir. Hukumat ishsizlikni 5,5 foiz, inflatsiyani esa 3 foiz darajada maqsad qilib qo‘ygan.

Hukumatning ish yuzasidan hisoboti 2946 ovoz bilan qabul qilindi, bir delegat betaraf qoldi, rahbariyatning harbiy dasturi 2912 delegat tomonidan ma’qullandi, 30 nafari qarshi chiqdi, 20 nafar delegat betaraf qoldi. 1954 yildagi birinchi sessiyadan beri BXVK delegatlari XXR hukumati rejalarini doim ma’qullab keladi. Barcha eng muhim qarorlar Kommunistik partiya rahbariyati tomonidan tor doirada qabul qilinadi. 

Mavzuga oid
Top