11:51 / 17.03.2023
13851

Makron munozarali qonunni ovoz berishsiz qabul qilishga qaror qildi. Parijda – tartibsizliklar

Fransiya hukumati ziddiyatli qadam tashladi va pensiya yoshini oshirish to‘g‘risidagi rezonansli qonunni parlamentning quyi palatasi – Milliy assambleyada ovoz berish jarayonisiz qabul qildi. Parijdagi Kelishuv maydonida tartibsizliklar avj oldi.

Foto: Getty Images

Mazkur qonun fransuzlar tomonidan yaxshi qabul qilinmadi hamda butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar va ish tashlashlar boshlanishiga sabab bo‘ldi. Ammo mamlakat prezidenti Emmanuel Makron bu muhim islohot ekani, usiz mamlakat iqtisodiyotini aholi keksayib borayotgani va pensiya jamg‘armalari taqchilligi oshayotgani tufayli qayg‘uli kelajak kutishini ma’lum qildi.

Qonun qabul qilingach, namoyishlar qaytadan boshlandi. Parijdagi Kelishuv maydoni va uning atrofida namoyishchilar chiqindilar uyumlariga o‘t qo‘yishdi va politsiyachilarni toshbo‘ron qilishdi. Politsiya suv purkagichlar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazli granatalar bilan javob qaytardi.

BBC muxbirlari xabar berishicha, 16 mart kuni Parij vaqti bilan soat to‘qqiz atrofida saflari to‘ldirilgan politsiyachilar namoyishchilarning katta qismini maydondan siqib chiqarishgan. 

Fransiya politsiyasi shu kuni kamida 217 namoyishchi qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Namoyishlar mamlakatning boshqa qator shaharlarida, jumladan Marsel, Dijon, Nant, Renn, Ruan, Grenobl, Tuluza va Nitssada ham bo‘lib o‘tdi. AFP xabariga ko‘ra, Marselda namoyishchilar bir nechta do‘konlarni buzib tashlagan, Nant, Renn va Lionda ham namoyishchilar va huquq-tartibot kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan. 

Payshanba kuni avvalroq Senat qonunni yoqlab ovoz bergandi, ammo Milliy assambleya sessiyasi boshlanishi arafasida prezident Makron Fransiya Konstitutsiyasining hukumatga qonun chiqaruvchi organning roziligisiz bir tomonlama tartibda qonunlar qabul qilish imkonini beruvchi moddasini qo‘llashga qaror qildi. Bungacha OAV parlament quyi palatasida qonunni qo‘llab-quvvatlamasliklari haqida yozgandi.

«Biz pensiya tizimi kelajagiga pul tika olmaymiz, bu islohot zarur», dedi parlamentda chiqish qilgan Fransiya bosh vaziri Elizabet Born.

BBC’ning Parijdagi muxbiri Hyu Skolfildning xabar berishicha, Makron partiyasi vakillari kun davomida parlamentariylarni qonun uchun ovoz berishga ko‘ndirishga uringan, ammo qonun tarafdorlari ustunlikka erisha olmasligi ayon bo‘lgach, Makron qonun qabul qilinishini xavf ostida qoldirmaslik uchun Konstitutsiya 49-moddasi 3-paragrafidan foydalanishga qaror qilgan.

Ammo xuddi shu modda muxolifatga ishonchsizlik votumi taklifi bilan chiqishga imkon beradi, ko‘chalardagi namoyishlar esa, katta ehtimol bilan yanada kuchayadi, chunki mamlakatda ko‘pchilik bu modda qo‘llanishini demokratiyaga zid deb hisoblaydi.

Makronning saylovoldi va’dasi

Rezonansli islohotga ko‘ra, Fransiyada pensiyaga chiqish yoshi 62 yoshdan 64 yoshga oshirilishi ko‘zda tutilgan, qolaversa, pensiyaga chiqish uchun talab etiladigan ish staji – 41,5 yildan 43 yilga oshadi. Bu 2030 yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 

Fransiyadagi ko‘plab keksa odamlar hozirda 62 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, kerakli miqdordagi mablag‘ni to‘ldirish uchun ishlamoqda. Biroq, 67 yoshga to‘lgan fuqarolar, ushbu ajratmalar qaysi davrda amalga oshirilganidan qat’i nazar, to‘liq miqdorda pensiya olish huquqiga ega. Bu pozitsiya saqlanib qolishi kerak. Shu bilan birga, Makron hukumati eng kam pensiya miqdorini oyiga 1200 yevrogacha oshirish niyatida.

Bu qonun Makron uchun o‘ta muhimdir. Uning o‘tgan yilgi saylovoldi kampaniyasi mamlakat iqtisodiyotini global miqyosda yanada raqobatbardosh qilish va’dasiga, jumladan Fransiya «ko‘proq ishlashi kerakligi» degan da’volarga asoslangan edi.

2022 yil iyunidagi saylovlarda kichik farq bilan g‘alaba qozongan Makronning partiyasi parlamentda ko‘pchilik ovozga ega bo‘la olmagandi va hozir prezident boshqarayotgan hukumat ozchilik vakillaridan iborat. Uning mamlakatdagi avtoriteti mustahkam emas va parlamentdagi muvaffaqiyatsizlik Makron uchun kuchli siyosiy zarba bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, pensiya islohoti mamlakat aholisi orasida mashhurlikka erisha olmadi. Jamoatchilik so‘rovlari ko‘rsatishicha, fransuzlarning uchdan ikki qismi unga qat’iyan qarshi.

So‘nggi bir yarim oy davomida Fransiyada davlat xizmatchilari, transport ishchilari, neftchilar, o‘qituvchilar va portlar xodimlarining ish tashlashlari to‘lqini bo‘lib o‘tdi.

Fransuzlarning aksar qismi pensiya yoshi oshirilishiga qarshi

Nisbatan eng jiddiy namoyishlar 7 mart kuni o‘tkazildi, o‘shanda fransuz shaharlari ko‘chalariga jami 1,3 mln atrofida odam chiqdi.

Parijda obodonlashtirish xizmati xodimlarining davom etayotgan ish tashlashlari tufayli ko‘chalarda olib ketilmagan chiqindilarning ulkan uyumlari hosil bo‘lgan, bu esa yoqimsiz hidlar manbayiga aylanib, kalamushlarni o‘ziga jalb qilgan.

Argumentlar va e’tirozlar

62 yosh – Yevropa g‘arbidagi eng past pensiya yoshi hisoblanadi.

Fransiyada pensiyaga chiqish yoshi 64 ga ko‘tarilsa ham bu Yevropadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qoladi. Taqqoslash uchun – Italiya va Germaniyada pensiya yoshi 67, Buyuk Britaniyada – 66, Ispaniyada esa – 65.

Maslahatchilarning pandemiyadan ko‘p o‘tmay bunday islohot amalga oshirilishi jamoatchilikda keskin reaksiya uyg‘otishi to‘g‘risidagi ogohlantirishlarga qaramay, yanvarda qonun loyihasi parlamentga kiritildi.

Shundan keyin so‘llar partiyasi loyihaga 7000 dan oshiq tuzatishlarni muhokamaga kiritdi, bu esa uning parlamentdan o‘tishini sekinlashtirdi. Avvaliga Makron pensiya yoshini 65 ga ko‘tarishni taklif qilayotgandi, ammo muhokamalardan keyin bu 64 yoshga tushirildi.

Parij ko‘chalarida chiqindi uyumlari hosil bo‘lgan

Qonun loyihasi tanqidchilari uni ijtimoiy adolatsizlik deb atashadi, xususan, oliy ma’lumot talab qilmaydigan kasblar vakillari ish boshlashdan oldin bir necha yilni ta’lim olish bilan band bo‘ladiganlarga qaraganda ko‘proq ishlashiga to‘g‘ri kelishiga e’tibor qaratishadi.

Kasaba uyushmalari va muxolif partiyalar vakillari pensiya yoshini oshirish o‘rniga pensiya jamg‘armalari taqchilligini korporativ foydadan olinadigan soliqlarni oshirish evaziga qoplashni taklif qilmoqda.

Top