10:30 / 21.03.2023
6974

2022 yilda AQShdan Yevropa Ittifoqiga suyultirilgan gaz eksporti 2,5 barobar oshdi

Oq uy tahlilchilari Rossiya yetkazib berishni cheklaganidan keyin 2022 yilda AQShning Yevropa Ittifoqiga suyultirilgan gaz eksporti keskin oshgani haqida xabar berishdi. 

Foto: Reuters

2022 yilda AQShdan Yevropaga suyultirilgan gaz eksporti 2,5 barobarga oshib, 117,4 million kubometrni tashkil qildi, deyiladi Oq uydagi Iqtisodiy maslahatchilar kengashining 21 mart, seshanba kuni e’lon qilingan hisobotida. 

Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yili Yevropaga 47,8 million kubometr suyultirilgan gaz eksport qilgan va bu keskin o‘sish Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq, deb yozadi hisobot mualliflari. «AQShdan suyultirilgan gaz va xom neft eksporti 2021 yildagi darajadan sezilarli oshdi. Suyultirilgan gaz bo‘yicha, AQSh eksporti Yevropa mamlakatlariga ham keskin o‘zgardi, chunki Rossiya o‘zining bir vaqtlar hukmron bo‘lgan tabiiy gaz ta’minotini qisqartirdi», deyiladi hisobotda. 

2022 yil oxirida Yevropa Ittifoqi Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyani ortda qoldirib, dunyoda suyultirilgan gazning asosiy xaridoriga aylandi, deb yozadi Financial Times yanvar oyida. Xalqaro energetika agentligining ta’kidlashicha, o‘tgan yilning iyun oyida AQShdan suyultirilgan gaz yetkazib berish birinchi marta «Gazprom»ning Yevropaga eksporti hajmidan oshib ketdi. Noyabr oyida Davlat departamenti Yevropaga eksport Amerika kompaniyalari tomonidan barcha ta’minotning 70 foizini tashkil qilganini ta’kidladi.  

2023 yil yanvar oyida AQShdan suyultirilgan gazning birinchi partiyasi Germaniyaga – Quyi Saksoniyadagi Vilxelmsxafenev yangi suzuvchi terminaliga yetib keldi, u o‘tgan yilning dekabr oyida bir qator shunga o‘xshash obektlar bilan birga ochilgandi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va Rossiyadan tabiiy gaz yetkazib berilishi to‘xtatilishi fonida Germaniya hukumati suyultirilgan gaz importi uchun infratuzilma yaratishni tezlashtirdi. Shlezvig-Golshteyndagi Brunsbyutteleda yana bir terminal ochildi. Bundan tashqari, Lyubminda yana bir xususiy loyiha foydalanishga topshirildi. 

Mart oyida Germaniya kansleri Olaf Shols CNN telekanaliga bergan intervyusida Germaniya Rossiyadan gaz, ko‘mir va neft yetkazib berishdan mustaqil bo‘lganini aytdi. «Bir yil avval biz Rossiyadan Germaniyaga va Yevropaning ko‘plab qismlariga gaz yetkazib berilmaydigan vaziyatga iqtisodiy jihatdan osonlik bilan bardosh bera olamiz deb hech kim kutmagan edi, lekin biz buni G‘arbiy Yevropa orqali suyultirilgan gaz yetkazib berishni ko‘paytirish, Germaniyaning shimoliy qirg‘og‘ida yangi portlar qurish orqali amalga oshirdik», dedi Shols. 

Mavzuga oid
Top