09:04 / 23.03.2023
25638

XOQ rahbari yana Rossiya va Belarus sportchilarini musobaqalarga kiritishga chaqirdi

Fuqarolik asosida sportchilarni chetlatish «kamsitish» bo‘ladi, deydi Tomas Bax. Uning nutqi norozilik aksiyasi bilan kechdi.

Foto: Reuters

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Tomas Bax 23 mart kuni Essen shahrida so‘zlagan nutqida rossiyalik va belaruslik sportchilarning musobaqalarga kirishi uchun sharoit yaratish tarafdori ekanini aytdi. XOQ rahbarining so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar va belarusliklarning faqat fuqaroligi bo‘yicha chetlatilishi «diskriminatsiya» bo‘ladi, Olimpiya o‘yinlari esa «qisqa vaqtda muloqotga hissa qo‘shishi mumkin».

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshida XOQ Rossiya va Belarusni musobaqadan chetlashtirishni tavsiya qilgan bo‘lsa, endi Tomas Bax boshchiligidagi tashkilot 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari arafasida neytral bayroq ostida sportchilarni qabul qilishni yoqlamoqda.

Bax «sportga siyosiy ta’sir ko‘rsatish» va ruslarga «go‘yo ular jamoaviy aybdordek» munosabatda bo‘lish haqidagi har qanday taklifga qarshi ekanligini aytdi. Avvalroq XOQ yakuniy qarorni sport federatsiyalariga qoldirgan holda, «urushni faol qo‘llab-quvvatlovchi» sportchilarga ruxsat berishni istamasligini bildirgan edi. Tomas Bax o‘z nutqida aniqlik kiritdiki, qo‘mita boshqa narsalar qatori, sportchilarning Z harfi bilan ramzlarni taqishini va ijtimoiy tarmoqlardagi postlarini urushni faol qo‘llab-quvvatlash sifatida baholaydi.

Baxning Rossiya va Belarus sportchilariga nisbatan pozitsiyasi keskin tanqid qilindi. XOQ rahbari ishtirokida tadbir o‘tkazilgan Essen filarmoniyasi oldida 150 ga yaqin namoyishchilar yig‘ildi. «Opora» Ukraina-Germaniya assotsiatsiyasi tomonidan Rossiya va Belarusdan sportchilarning Olimpiadaga kiritilishi mumkinligiga qarshi norozilik aksiyasi tashkil etildi. «Biz bu bosqinchilik urushi tugaganidan keyingina sportchilarga ruxsat berilishini talab qilamiz. Men Tomas Baxdan nima uchun u Vladimir Putinga bunchalik ixlos qo‘yganini so‘ragan bo‘lardim», - deydi assotsiatsiya a’zosi, sobiq sport rasmiysi Tomas Shimann.

Mavzuga oid
Top