12:19 / 25.03.2023
25215

O‘zbek olimlari saratonni 99 foiz davolaydigan dori yaratdimi? O‘zFA izoh berdi

O‘zbek olimlarining saratonni 99 foiz davolaydigan preparat ishlab chiqqani haqidagi ma’lumot noto‘g‘ri talqin qilingan. Dori faqat saratonning bitta turini yuqori samaradorlikda davolashga mo‘ljallangan.

Foto: Getty Images

O‘zbek olimlarining saratonni 99 foizgacha davolash imkonini beruvchi yangi preparat ishlab chiqqani haqidagi intrevyu O‘zAda elon qilingach, bunga jamoatchilikda e’tirozlar paydo bo‘ldi. O‘zbekiston fanlar akademiyasining izoh berishicha, intervyuda aytilgan Lyutetsiy-177 PSMA-617 radiofarmatsevtik dori vositasi saratonning faqat bir turi, ya’ni asosan katta yoshdagi erkaklarda uchraydigan prostata bezi rakini davolashda samarali hisoblanadi.

Shu bilan birga, to‘rtinchi va beshinchi dozalarida tananing boshqa qismlaridagi metastazalarga ham terapevtik ta’sir ko‘rsatishi kuzatilgan. Akademiya axborot xizmati, intervyu boshqa saytlar tomonidan o‘ta qisqartirilgan holda qayta chop etilgani sabab PSMA to‘g‘risidagi ma’lumot tushirib qoldirilgan deya izoh bergan.

“Bu bilan aholi o‘rtasida bu dori vositasi barcha rak kasalliklarini davolaydi degan tushuncha paydo bo‘lgan”, deyiladi munosabatda.

Shuningdek, O‘zFA ommaviy axborot vositalari vakillaridan yangilik va axborot tarqatishda qaysi manbadan olingani, berilayotgan faktlar to‘g‘riligiga alohida e’tibor berishni so‘ragan.

Mavzuga oid
Top