12:47 / 25.03.2023
23731

O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilda olti marta 6-8 balli zilzila sodir bo‘lgan

So‘nggi 10 yilda respublikada olti marotaba 6-8 balli zilzila sodir bo‘lgan. Iqtisodiy zarar 84 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar, Qurilish vazirliklari, Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston geologik joylashuviga ko‘ra, O‘rta Yer dengizi - Osiyo seysmik kamarida joylashgan. Shu boisdan, respublika va unga chegaradosh hududlarda tez-tez zilzilalar sodir bo‘lib turishi tabiiy hol sanaladi. 

Mamlakat hududlarida 1900 yildan shu kunga qadar 60 dan ortiq kuchli va halokatli (magnitudasi 5 dan yuqori bo‘lgan) zilzilalar sodir bo‘lgan.

So‘nggi 10 yil mobaynida esa respublikada jami olti marotaba 6-8 balli zilzilalar sodir bo‘lgan, natijada qurbonlar soni 16 kishini, jabrlanganlar soni 54 kishini, iqtisodiy zarar esa 84 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Ulardan eng kuchlilari: Kon zilzilasi - 2011 yil (8 ball), Tuyabo‘g‘iz zilzilasi - 2013 yil (7 ball), Marjonbuloq zilzilasi - 2013 yil (8 ball), Kitob va Baxmal zilzilalari - 2016-2017 yillar (7 ball), Boysun zilzilasi – 2022 yil (6 ball).

Bildirilishicha, Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda 2023 yil 1 yanvardan bugungi kungacha magnitudasi (M= 2.8-6.8) bo‘lgan 250 dan ortiq zilzila qayd etildi.

Top