08:33 / 29.03.2023
14051

Turkiya muxolifati Erdo‘g‘anni prezidentlik saylovlaridan chetlashtirishni talab qildi

Uch partiya Turkiya saylov komissiyasiga Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning bo‘lajak prezidentlik saylovlarida nomzodi ko‘rsatilishi ustidan shikoyat qildi. Muxolifat fikricha, u ikki marta saylangan va yana o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.

Foto: AFP

28 mart, seshanba kuni Turkiyadagi uch muxolifat partiyasi vakillari Oliy saylov komissiyasiga amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni may oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari uchun nomzodlar ro‘yxatidan chiqarib tashlashni talab qilib, ariza topshirdi.

Uning nomzodi konstitutsiyaga ziddir, chunki "Yaxshi partiya", "Demokratiya va yutuq" partiyasi hamda "Vatan partiyasi"ga ko‘ra, Erdo‘g‘an allaqachon ikki marta prezident etib saylangan. 2014 va 2018 yillardagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Erdo‘g‘an Turkiya parlamenti muddatidan oldin saylovlar e’lon qilgan taqdirdagina uchinchi marta nomzodini qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi, deya ta’kidlaydi muxolifatchilar. Ammo 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan ovoz berish prezident farmoni bilan belgilandi.

O‘z navbatida, hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi spikeri O‘mer Chelik 28 mart kuni Erdo‘g‘anning saylovlarda ishtirok etishiga hech qanday to‘siq yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, 2018 yilda konstitutsiya o‘zgartirilgandan so‘ng u birinchi marta yangi prezidentlik tizimida saylangan, shu bois uning avvalgi prezidentlik muddati hisobga olinmagan. Konstitutsiyaviy huquq sohasidagi turkiyalik ekspertlar qonun normalari Erdo‘g‘anga yana nomzodini qo‘yishga imkon beradimi yoki yo‘qmi, bu borada bir fikrga kela olmayapti. Bu yilgi saylovlarda Turkiya prezidentligiga nomzodlarning yakuniy ro‘yxati 31 mart kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Mavzu
Turkiya-2023
14 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Asosiy kurash mamlakatni 20 yildan buyon boshqarib kelayotgan Rajab Erdo‘g‘an va muxolifatchilar nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘rtasida kechadi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top