19:16 / 30.03.2023
10658

O‘zbekistonga gaz yetkazib berishda uzilishga yo‘l qo‘ygan «Turkmengaz» mulozimi hibsga olindi

U gazning muzlashiga yo‘l qo‘ymaydigan reagentlarni sotib olishda korrupsiyaga qo‘l urgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Turkmengaz

18 mart kuni Turkmanistonning «Turkmengaz» davlat konserni raisi sobiq o‘rinbosari Otamurot Choriyev Ashxobodda hibsga olindi. Bu haqda Turkmen.news xabar berdi.

U Vazirlar Mahkamasi binosida ushlangan. Unga qanday ayblovlar qo‘yilgani hozircha noma’lum, biroq hibs «Galqinish» gaz konidagi avariya bilan bog‘liq, deb hisoblamoqda nashr. 2023 yil yanvar oyida yuz bergan avariya oqibatida Turkmanistondan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bir necha kunga to‘xtab qolgan edi.

Turkmen.news nashrining ta’kidlashicha, ushbu hodisa oqibatida Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi Markaziy Osiyo bozoridagi raqobatda g‘alaba qozonib, mavqeini tiklab olgan.

Fevral oyida Otamurot Choriyev «Turkmengaz» kompaniyasi rahbari o‘rinbosari lavozimidan hukumat idoralaridan birida oddiy mutaxassis lavozimiga tushirilgan. Bu Turkmanistonda keng tarqalgan amaliyot: amaldorlar keyinchalik yana katta «kursilarga» qaytish uchun oddiy lavozimlarga o‘tkaziladi.

Biroq, nashr manbalariga ko‘ra, Choriyev «lavozimda pasayish» bilan qutulib qolmagan. 18 mart kuni u Vazirlar Mahkamasi binosidan Bosh prokuraturaga so‘roq qilish uchun qo‘li kishanlangan holda olib ketilgan. Bir necha soatdan keyin unga ayblov e’lon qilingan va hibsga olingan.

Avvalroq «Galqinish» konidan gaz yetkazib berish to‘xtatilishiga quritish datchiklari ishdan chiqqani sabab bo‘lgani xabar qilingandi. «Turkmengaz» rahbariyati sifatsiz datchiklar sotib olgan va Markaziy Osiyoga g‘ayritabiiy sovuqlar kelganida ular bosimni ko‘tara olmagan.

Biroq, hozirda tergovchilar avariyaning asosiy sababi gazning muzlashiga yo‘l qo‘ymaydigan reaktivlar miqdorining yetarli emasligi degan xulosaga kelgan. Manbalar izohiga ko‘ra, aynan Choriyev 2019-2021 yillarda gaz «antifriz»ini sotib olishga mas’ul bo‘lgan. «Turkmengaz»ning o‘sha paytdagi rahbari Murod Archayev qo‘l ostida u bir necha bor yuqori sifatli reagent yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgan, biroq aslida arzon reagentlarni sotib olgan. Choriyev va Archayev ushbu sxemadan tushgan daromadni «arra» qilishgan.

Turkmen.news nashrining qayd qilishicha, sovuq havoda gaz yetkazib berishda uzilish yuz bergani «Turkmengaz» uchun yomon reklama bo‘lgan. Jumladan, mart oyida O‘zbekiston «Turkmengaz» gazini «Gazprom» vositachiligisiz yetkazib berish bo‘yicha sinov shartnomasini yangilamagan.

Shuningdek, yanvar oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha uch tomonlama shartnoma imzolangan paytda Turkmaniston bunga taklif qilinmagan.

Avvalroq «Turkmengaz» konsernining olti nafar xodimi O‘zbekistonga gaz yetkazib berishda uzilish yuz bergani ortidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha hibsga olingan edi. Ular orasida Moddiy-texnika resurslari va jihozlari boshqarmasi rahbari Shuhrat Ajdarov va «Turkmengazaqdirish» («Turkmentransgaz») uyushmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Chopanov bor edi.

Top