11:57 / 31.03.2023
12723

Moskva Pxenyanga qurol evaziga oziq-ovqat taklif qilmoqda - AQSh

KXDR bungacha ham Rossiyaga Ukrainadagi urushni davom ettirishi uchun qurollar va o‘q-dori yuborgan.

AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Pxenyanga rasmiy delegatsiya yuborib, Ukrainada urush olib borish uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ evaziga Shimoliy Koreyadagi rejimga KXDR muntazam ravishda ehtiyoj sezadigan oziq-ovqat mahsulotlari taklif qilmoqchi.

Bu haqda Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi ma’lum qildi, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi har qanday kelishuv, jumladan qurol-yarog‘ bo‘yicha kelishuv ham BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi buzilishi hisoblanadi.

AQSh avval ham KXDRni rossiyalik harbiylar va «Vagner» XHK yollanma askarlari uchun qurol yetkazib berishda ayblagan, Pxenyan esa ayblovni qat’iyan rad etgandi.

Jon Kirbi matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, endi AQShda Moskva va Pxenyan o‘rtasida tuzilishi mumkin bo‘lgan kelishuv haqida yangi ma’lumotlar bor.

«Bizga ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Shimoliy Koreyaga delegatsiya yuborib, ularga o‘q-dorilar evaziga oziq-ovqat taklif etmoqchi», degan u.

Kirbining so‘zlariga ko‘ra, AQSh voqealar rivoji va kutilayotgan kelishuv jarayonini diqqat bilan kuzatib boradi.

Avvalroq, payshanba kuni AQSh moliya vazirligi Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilgan Slovakiya fuqarosi Ashot Mkrtichevni qora ro‘yxatga kiritgandi. Vazirlik vakilining tasdiqlashicha, Mkrtichev allaqachon qator kelishuvlar va sotuvlarni tashkillashtirgan, natijada Shimoliy Koreya 2022 yil oxiri va 2023 yil boshida Rossiyaga valuta, fuqarolik samolyotlari, tovarlar va xomashyo evaziga qurol jo‘natish imkoniga ega bo‘lgan.

Rossiya G‘arb tomonidan kiritilgan qat’iy sanksiyalar tufayli Ukrainadagi urushni davom ettirishga zarur bo‘lgan bo‘lgan qurol va o‘q-dorilar yetkazib bera oladigan tomonlarni qidirishga majbur. Shu bois, Moskva o‘ziga do‘stona kayfiyatda bo‘lgan KXDR va Eron kabi mamlakatlarga yordam so‘rab borgan sari ko‘proq murojaat qilmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top