07:20 / 15.06.2018
43627

Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 14 iyun kuni Moskvaga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari ushbu mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan futbol bayramiga xos ko‘tarinki muhitda kutib olindi.
 
Shavkat Mirziyoyev “Lujniki” olimpiya kompleksida o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining ochilish marosimida ishtirok etdi. 

Mazmunli g‘oyaviy yechim, noyob texnik imkoniyatlar asosida tayyorlangan tantanali tadbir tomoshabinlarga katta zavq bag‘ishladi. Mashhur estrada yulduzlari jo‘rligida jahon chempionatining rasmiy qo‘shig‘i ijro etildi. Butun dunyodan kelgan muxlislar futbol olamining eng nufuzli musobaqasida ishtirok etayotgan mamlakatlar jamoalarini qutladi.

Prezident oliy martabali mehmonlar qatorida Rossiya va Saudiya Arabistoni milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qildi. Xorijiy davlatlar rahbarlari bilan samimiy muloqotlar o‘tkazdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kunning o‘zida Toshkentga jo‘nab ketdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev o‘g‘li va nabirasi bilan “Zabivaka” yonida suratga tushgani xabar berilgandi

Top