16:43 / 17.06.2018
94819

Dunyoning eng maxfiy besh harbiy bazasi

Niqoblangan raketa shaxtalari, jamoaviy punktlar, maxfiy laboratoriya va yer osti bunkerlari - Yer sharida harbiy harakatlarning borishiga kuchli ta'sir o‘tkaza oluvchi tashqi tomondan ko‘rimsiz bo‘lgan harbiy obektlar tarmoqlari talaygina. Bu obektlar haqida kitoblar yozishadi, fantastik filmlar suratga olishadi, kompyuter o‘yinlari ularga bag‘ishlanadi, biroq u yerda aslida nima bo‘layotganini hech kim bilmaydi...

Area 51

Foto: NASA 

AQShning Nevada shtatidagi afsonaviy "Zona 51" harbiy-havo bazasi fantastik-jangari filmlarda bir necha marta namoyon bo‘lgan. Bu yer haqida turli gap-so‘zlar tarqalgan: o‘zga sayyoraliklar texnologiyalarining o‘rganilishi, "uchar likopchalar" yaratilishi, butun insoniyatni yo‘q qila oluvchi jangari viruslar kultivatsiyasi, genetik tajribalar va h.k. Fitna  nazariyalarning tarqalishi Pentagonni ba'zi tafsilotlarni ochishga majbur qildi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, "Zona 51"da tajribaviy uchar qurilmalar va qurollanish tizimlari ishlab chiqilmoqda. Bu yerda Lockheed U2, A-12 va SR-71 kabi razvedka samolyotlari hamda mashhur "ko‘rinmas" F-117 Nighthawk samolyotlari sinovdan o‘tkazilgani ma'lum qilingan. Ularning fyuzelyaji uchburchak shakli tasodifiy guvohlarda noma'lum uchar jismlar (NUJ) bilan bog‘liq tajribalar yuritilayotganiga doir tasavvur uyg‘otgan bo‘lishi mumkin. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, ayni damda "Zona 51"da SR-91 Aurora - o‘ta maxfiy gipertovushli strategik ko‘rinmas razvedka samolyoti ustida ishlanmoqda. Amerika OAV xabar berishicha, bu samolyot soatiga 20 ming kilometrgacha tezlikni rivojlantiradi, biroq Pentagon hozircha bu xabarni tasdiqlamagan.

Guantanamo Bay

Foto:  AFP/ US NAVY / Shane T. McCoy

Guantanamo ko‘rfazi (Kuba)dagi Amerika harbiy-havo bazasi faoliyat yuritayotganiga 100 yildan oshdi. Uning maydoni - 117 kvadrat kilometr atrofida. Baza bandargohi 50 tagacha yirik kemani va hatto aviatashuvchilarni ham sig‘dira oladi. Quruqlikda 1,5 mingdan ziyod xizmat va turar-joy obektlari, mexanizatsiyalashgan port, kema ta'mirlovchi ustaxonalar, suzuvchi dok, oziq-ovqat, o‘q-dori, yonilg‘i-moylash materiallari omborxonalari mavjud. Baza kontingenti - 10 mingga yaqin harbiy personal. Ular uchun barcha qulayliklarga ega maxsus shaharcha qurilgan.

Baza o‘z hududida joylashgan Guantanamo qamoqxonasi sabab salbiy tomondan tanilgan. Amerikaliklar bu yerda 2002 yildan buyon umumiy hisobda sud va tergovsiz mingdan ortiq kishini saqlashgan. Bu yerdagi tartibga doir turli  mish-mishlar matbuotda tarqalgan. Terrorizmda gumon qilingan shaxslarni qiynashgan, uxlashga berishmagan, yarim och rejimda saqlashgan. Shu yo‘llar bilan ularning ayblovlarga iqror bo‘lishlariga erishishgan. 2009 yilda AQSh prezidenti Barak Obama qamoqxonani yopish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan, biroq u bugungi kunda ham faoliyat yuritishda davom etmoqda. Xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining ma'lumotlariga ko‘ra, u yerda 40 ga yaqin mahbus saqlanmoqda.

Yulin

Foto: DigitalGlobe

Xitoyning Xaynan oroli qirg‘oqlaridagi yirik Yulin harbiy-dengiz bazasi haqida nisbatan yaqinda xabar topildi. 2008 yilda Amerika razvedka xizmatlari Xitoy xalq-ozodlik armiyasi tog‘li hududda o‘zining yadro qurollantiruvchi kuchlarining dengiz komponentlari uchun ulkan obektni qurganidan guvohlik beruvchi suratlarni tarqatishdi. Sun'iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarga ko‘ra, Yulin bazasida qit'alararo ballistik raketalar joylashgan 20 tagacha suv osti qayiqlari sig‘adi. Yonida esa ikki aviatashuvchi zarba guruhlari joylashishi mumkin.

Maxfiy tarzda va qisqa muddatlarda barpo etilgan bu baza Xitoy mudofaa tizimi uchun juda muhim. G‘orlarda yashiringan suv osti raketa tashuvchilari o‘ta kuchli yadroviy zarbaga bardosh berib, sezdirmay dengizga chiqish va raqibga hujum qilishga tayyor. Bazaning chiqish joyi nechta ekani hanuz noaniq. Uning ichki qurilmasi haqida ham ma'lumot yo‘q. Eng asosiysi: Xitoyning yana bunday bazalari bor yoki yo‘qligi haqida hech qanday ma'lumot mavjud emas.

Mount Cheyenne

Foto: Public domain

AQSh milliy xavfsizligining yuragi Kolorado-Springs shahri atrofidagi uch kilometrli  Shayyenn tog‘i va uning ostida yashirin NORAD (Shimoliy Amerika harbiy-kosmik mudofaasi qo‘shma qo‘mondonligi markazi)  yer osti kompleksi jamoa punkti hisoblanadi. Bu tuzilma Amerika va Kanada raketa hamda havo mudofaasini bir butun tizimga birlashtiradi. Yadro urushi ro‘y bergan taqdirda, mamlakatning siyosiy va harbiy rahbariyati harbiy kuchlarni aynan Shayyenn tog‘idagi bunkerdan boshqaradi.

Yer osti bazasining qurilishi 1961 yilda boshlangan. Shayyenn tog‘i tubida uch yil ichida sun'iy g‘orlar tizimi yaratilgan. Uch tunnel (uzunligi - 180 m, balandligi - 20 m, kengligi - 15 m) yana to‘rt tunnel (uzunligi - 100 m, balandligi - 17 m, kengligi - 10 m) bilan kesishib, o‘ziga xos panjarani hosil qiladi.

Bu kameralarda 15 metall kontruktsiya joylashtirilib, ulardan 12 tasi uch qavatli binolarni hosil qiladi, qolgani - 1-2 bosqichli. 9,5 metrli qalinlikdagi past uglerodli po‘lat qatlamlarning tashqi tomoni ichki po‘lat karkas bilan qo‘llab-quvvatlangan. Konstruktsiyalarning barchasi maxsus prujinalarga o‘rnatilgan bo‘lib, bu kompleksni zilzilalar va yadroviy zarba asoratlariga chidamli qiladi. Shayyenn tog‘idagi bunker hozirda ham faoliyat yuritadi.

Olavsvern

Foto: AFP/ Bjornbakk, Jan-Morten / NTB SCANPIX

Norvegiyadagi Olavsvern dengiz bazasi sovuq urush yillarida Tromsyo shahri janubidan 15 kilometr masofada,  Ramforden va Balls fordlari qo‘shilgan nuqtada qurilgan. Konstruktiv jihatdan bu - to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga olib chiquvchi quruq dok. Bazaning umumiy maydoni 25 ming kvadrat metrga yetadi, uning fortifikatsiyasi bilan Norvegiyaning NATO bo‘yicha ittifoqdoshlari shug‘ullanishgan. Sovuq urush yillarida kompleks asosan Shimoliy Muz okeanini nazorat qilgan Amerika submarinlari tomonidan foydalanilgan. Ularning vazifasi Sovet ittifoqining suv osti raketa tashuvchilarini kuzatishdan iborat bo‘lgan.

SSSR tarqalganidan keyin baza uzoq vaqt ishsiz qoldi va 2011 yilda uni sotuvga qo‘yishdi. Oxir-oqibat Olavsvernni ishbilarmon Gunnar Vilgelmsen sotib oldi va Rossiya ilmiy-tadqiqot kemalari bazasiga ijaraga berildi. U bugunga qadar ushbu maqomda qolmoqda.

Mavzuga oid
Top