15:59 / 08.08.2018
14240

Toshni teshgan tomchilar: Yuksak martaba sari

Men oy tomonga yo‘l oldim, yo‘ldan adashgan chog‘imda ham yulduzlar orasiga tushaman.  

Shunga o‘xshashroq manzarani baliqchilarning hayotida ko‘rganman. Baliq ovlovchilar to‘rlarini suvga tashlarkan, tavakkal bilan to‘rni uzoqroqqa otadilar. Ular to‘rlariga nimadir ilinishiga ishonadilar va shunday bo‘ladi, to‘rga bir qancha baliqlar ilinadi. Ya'ni, inson bu hayotda uzoqroqni mo‘ljal olishi lozim. Uch yuz metrga yugurishi kerak bo‘lgan sportchi besh yuz metrni mo‘ljal qilsa, albatta kerakli bo‘lgan uch yuz metrlik marraga yetishi oson kechadi. Dunyo hayoti qisqa. Bu qisqa umrda ezgu amallar marrasini qanchalik uzoqroq belgilasak, shunchalik ko‘p uxroviy natijalarga zamin hozirlagan bo‘lamiz. Qolaversa, bunday yo‘l tutishimiz biz gunohkor bandalarga ayni yarashadigan ishdir. 

Ato etilgan hayotini so‘nggi damigacha diyonat bilan yashab o‘tish inson uchun bu dunyodagi eng sharafli maqom bo‘lsa, Oxiratdagi oliy maqom jannatdir. Jannat juda ham balandda, unga yetish uchun tinimsiz harakat qilish lozim. Har bir ezgu amalimiz pog‘onama-pog‘ona bizni balandga olib chiqaveradi. Johillar otgan toshlarning ulug‘ maqomga intilgan zotlar qadar yetib bormasligining siri mana shundadir. Jaholatga jaholat bilan javob qaytardingizmi, demak siz hali ham pastda turibsiz. Chunki siz pastdagilarni ko‘rib, uning har bir pichirlagan gaplarini eshityapsiz. Agar siz ezgu amallar qurshovida balandga ko‘tarilib, yuksak maqom sari intilsangiz, pastdagilarning gap-so‘zlari qadrini yo‘qotadi. Chunki siz yuqorilab ketganingiz sayin pastdagilarning ovozi tugul o‘zlari ham ko‘rinmay qoladi. Siz ro‘parangizda faqat o‘zingizga o‘xshagan maslakdoshlaringizni ko‘rasiz, ularning so‘zlarini eshitasiz. Bu dunyoda bundan ortiq saodat bormi?! 

Zahiriddin Mansur

Mavzuga oid
Top