12:00 / 14.10.2018
4430

Parij meri boshpanasizlarni shahar boshqarmasiga joylashtirishni taklif etdi

Foto: AFP / Stephane De Sakutin

Fransiya poytaxti Parij shahri meri, madam Ann Idalgo sovuq kunlar davrida boshpanasiz insonlarni shahar munitsipal hokimiyat organlari joylashgan Otel-de-Vilga joylashtirishni taklif etdi.

«Men ogohlantirish signalini bermoqdaman. Barchamiz yeng shimarib ishga kirishishimiz zarur», — degan Idalgo Journal du Dimanche nashriga bergan intervyusida. Parij shahri rahbarining ma'lumotlariga ko‘ra, uch mingga yaqin boshpanasiz insonlarni joylashtirish uchun joy yetishmayapti, shu sababli u «butunumum mobilizatsiya»ga chorlamoqda.

«Ish boshlanishini kuta turib, bo‘sh yotgan binolardan foydalanish mumkin. Biz shuningdek, munitsipal markazlarni taqdim etamiz», — degan Parij meri. Xususan, Idalgo noyabr oyi oxiridan boshlab boshpanasiz ayollar Otel-de-Vilda qolishi mumkinligini ham aytib o‘tgan.

«Parijdagi Otel-de-Vil boshpanasiz insonlarni har qanday joyda, jumladan, Respublika Saroyida ham qabul qilish mumkinligining namunasi bo‘lmog‘i kerak», — deya qo‘shimcha qilgan u.

O‘tgan qishda Fransiyada to‘rt kishi sovuqdan ko‘chada jon bergan. O‘shanda Parijdagi amaldorlar muzlayotgan boshpanasizlar masalasiga e'tibor qaratish uchun tunda ko‘chada uxlashgan edi.

Mavzuga oid
Top