13:22 / 07.12.2018
25162

O‘zbekiston bosh prokurori Qozog‘istonga nega bordi?

Foto: Qozog‘iston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati

Ostonada 6 dekabr kuni mintaqalararo hamkorlikni kuchaytirish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash ishlarini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning tegishli organlari vakillari ishtirok etdi.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, konferensiya ishtirokchilari uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar tajribasi bilan o‘rtoqlashib, yangi chaqiriqlar va xavfsizlikka tahdidlar haqida samarali ogohlantirish barcha manfaatdor davlatlarning huquqni muhofaza qilish organlari sa'y-harakatlari birlashishini talab qilishini ta'kidlab o‘tishdi.

Foto: Qozog‘iston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati

Qozog‘iston bosh prokurori Qayrat Kojamjarov xalqaro hamkorlik sohasida erishilgan yutuqlar haqida ma'lumot berib, Qozog‘iston ishtirokchi bo‘lgan shartnomaviy-huquqiy hujjatlar majmuiga e'tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat jinoyatchilikka qarshi kurash, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi 100dan ortiq ko‘p tomonlama konvensiyalarga teng huquqli a'zo. Ushbu sohada Yevropa, Osiyo va Amerika davlatlari, jumladan, Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya hamda AQSh bilan 60dan ortiq ikki tomonlama bitimlar imzolangan.

O‘z navbatida, konferensiya ishtirokchilari transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashda huquqni muhofaza qilish organlarining muvaffaqiyatga erishishi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bevosita bog‘liq ekanini ta'kidladilar.

Tadbirda BAA federal prokurori Al-Shamsiy, Qirg‘iziston bosh prokurori O‘tkirbek Jamshitov, Tojikiston - Yusuf Rahmon, O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov va Mo‘g‘uliston bosh prokurori o‘rinbosari Erdenebat Ganbat ishtirok etdi.

Top