12:29 / 07.12.2018
12561

O‘zbekiston va Ukraina savdodagi kelishmovchiliklarni hal qildi - Stepan Kubiv

Foto: UNІAN

Ukraina farmatsevtika mahsulotlari eksporti O‘zbekiston bilan savdo sohasida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu haqda mamlakat bosh vaziri birinchi o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri Stepan Kubiv ma'lum qildi, deb yozmoqda «Interfaks».

«O‘zbekiston bilan savdoning ustuvor yo‘nalishlaridan biri - aynan farmatsevtika sanoati», - dedi u Kiyevda «Farmak» OAJning yangi ishlab chiqarish maydonchasi ochilish marosimida.

Shu bilan birga, Kubivning xabar berishicha, Ukraina va O‘zbekiston so‘nggi vaqtlarda savdo munosabatlarida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi.

«Biz O‘zbekiston bilan iqtisodiy munosabatlarimizni qisqartirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan barcha kelishmovchiliklarni hal qildik», - dedi u.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abdualiyev Ukraina farmatsevtika mahsulotlari yuqori sifat va samaradorlikka ega ekani hamda ularga O‘zbekistonda talab kattaligini qayd etdi.

«Stepan Kubiv bilan ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildik. Savdoda ba'zan qandaydir hal etilmagan masalalar bo‘ladi, ammo biz bir-birimizni tushunamiz», - dedi u.

«Farmak» kuzatuv kengashi raisi Fili Jyebrovskaya so‘zlariga ko‘ra, farmatsevtika kompaniyasi har yili O‘zbekistonga 20 million dollar miqdorida mahsulot eksport qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulla Aripov Stepan Kubiv bilan suhbatlashgani, Ukrainaga savdoda cheklovlar yo‘qligi bildirilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top