01:23 / 13.12.2018
5303

Instagram blogerlar va kontent yaratuvchilari uchun yangicha ko‘rinishdagi profilni testdan o‘tkazmoqda

Foto: Getty Images

Instagram ijtimoiy tarmog‘i mashhur blogerlar, platforma uchun kontent yaratuvchilar, shuningdek, biznes akkauntiga ega bo‘lganlar uchun Creator Accounts deb nomlangan profillarning yangi turini sinamoqda, deb yozmoqda The Hollywood Reporter.

Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, ayni paytda profillarning yangicha ko‘rinishi bir guruh insonlar o‘rtasida sinalmoqda. Creator Accountsʼning to‘laqonli ishga tushishi 2019 yilga mo‘ljallangan.

Creator Accounts egalari nimalar qila olishlari mumkin:

  • Tashqi servislarsiz profilga obuna bo‘lish va obunani bekor qilish tahlillarini kuzatish. Mualliflar qaysi e'lon obunachilar sonining keskin oshishi/pasayishiga sabab bo‘lganini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
  • Shaxsiy xabarnomalarini filtrlash va foydalanuvchilarning qaysi guruhlari ular bilan Instagram orqali bog‘lanishi mumkinligini tanlash (masalan, faqat boshqa brendlar va yaqin do‘stlar).

Instagramʼning mahsulotlar bo‘yicha menejyeri Eshli Yuki The Hollywood Reporter bilan suhbatda blogerlarni ijtimoiy tarmoq hamjamiyatining muhim tarkibiy qismi deb atagan. “Biz Instagram fan-hamjamiyatlar tashkil qilish, shaxsiy brend yaratish va uni rivojlantirish uchun eng qulay joy bo‘lishiga erishmoqchimiz”, — degan u.

Yukining so‘zlariga ko‘ra, ilgari Instagramʼda blogerlar va kontent yaratuvchilarda servis bilan ishlashni osonlashtiruvchi ichki ish qurollari bo‘lmagan, shu sababli ayrimlar 2016 yilda paydo bo‘lgan hamda mahsulot sotuvchilari va xizmat ko‘rsatuvchilar uchun mo‘ljallangan biznes-akkauntlarni ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Endi Instagram buni to‘g‘rilamoqchi, Creator Accounts esa blogerlar uchun ish qurollarini rivojlantirishning birinchi bosqichi bo‘ladi, deb o‘z so‘zlarini nihoyalagan Yuki.

Mavzuga oid
Top