13:51 / 03.01.2019
40225

Sarsonlikning 20 yili – hazorasplik nochorlar qissasi

Yaqinda juda abgor bir xonada, nochor ahvolda yashayotgan ayolning fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi.

Uysiz qolib, ko‘cha-ko‘yda, metro stansiyalarida, yer osti yo‘llarida kun ko‘rayotgan odamlar borligini eshitgandik, TV orqali ko‘rgandik. Ammo ular faqat xorijda bo‘ladi, degan tasavvurga ega edik. O‘zbekistonda ham shunday ahvolda qolgan odamlar borligi xayolimizga ham kelmagan.

Biz bu oilani izlab, Xorazm viloyatining Hazorasp tumani markazidan topdik. Ayni paytda eski harbiy qo‘mita binosida yashayotgan bu ayolning turmush tarzi bilan tanishdik. Bundan tashqari, uning qo‘shnilari bo‘lmish boshqa oilalarni qiynayotgan muammolarni, ularning taqdiri bir-biriga o‘xshashligini aniqladik.

Voqea 1999 yilga borib taqaladi. Hazorasp shaharchasidagi uylardan biri buzilib, 11ta oila vaqtincha yashab turish uchun Sharof Rashidov mahallasi, Nurli yo‘l ko‘chasidagi eski harbiy qo‘mita binosiga ko‘chiriladi. Ularga 1 – 1,5 yil ichida yangi uy berilishi va'da qilinadi.

64 yoshli Shukurjon Tillayeva va'daga ishonib, eski harbiy qo‘mita binosiga ko‘chib o‘tganlardan biri, u 44 yoshli o‘g‘li Rashid va 29 yoshli o‘g‘li Hamdam bilan qariyb 20 yildan beri 1 xona va dahlizdan iborat joyda yashamoqda.

«1999 yilda uyimiz buzildi. O‘rniga yangi uy berishni va'da qilib, bizni mana shu eski binoga ko‘chirib, olib kelishdi. 1 – 1,5 yilda yangi uyga ko‘chib o‘tishimizni aytishdi. Ammo, mana 20 yildirki xarobada yashayapmiz.

Ikki o‘g‘limni katta qilish uchun og‘ir kunlarni boshimdan o‘tkazdim. Hozir qandli diabet bilan xastaman, qon bosimim ham yuqori. Yaqinda insult bo‘ldim, shundan keyin, o‘rnimdan turolmay, to‘shakka mixlanib qoldim. O‘tirish-turishim, yeyish-ichishim, yotog‘im-turarim hammasi mana shu xonada.

Ikki o‘g‘limni oilali, bola-chaqali bo‘lishini istayman, biroq sharoit imkon bermaydi. Bir paytlar kattasini uylantirgan edim, ammo, kelin bu sharoitga chidamay, ketib qoldi», - dedi Shukurjon Tillayeva.

Onaxonning katta o‘g‘li Rashid bozorda aravakashlik qiladi, kichik o‘g‘li esa unga qarab, uyda o‘tiribdi. Og‘ir xasta onasini yolg‘iz tashlab ketolmaydi, chunki u alohida parvarishga muhtoj.

«Bozorda aravakashlik qilaman, shuni orqasidan kun ko‘ramiz. Topgan-tutganimdan orttirib, onamning dorisiga, davolanishiga sarflayman. Juda ham og‘ir sharoitda yashayapmiz. Ukam ishga chiqolmaydi, chunki onamga qarab o‘tirishi kerak, insult bo‘lganidan keyin, u parvarishga muhtoj bo‘lib qolgan», - dedi Rashid.

Eski harbiy qo‘mita binosiga ko‘chirib olib kelingan yana bir oilaning taqdiri ham ularnikiga o‘xshash.

51 yoshli Salomat Madaminova voyaga yetgan o‘g‘li va qizi bilan 1 xonali uyda yashayapti. Ular ham qariyb 20 yildan beri shu yerda.

«1999 yili uysiz qoldik. O‘sha paytda eski uyimizni buzib, o‘rniga yangisini qurib berishni va'da qilib, bizni mana shu binoga ko‘chirishdi. Oradan deyarli 20 yil o‘tgan bo‘lsa-da, uydan darak yo‘q. Yangi qurilgan uy esa boshqa odamlarga berib yuborildi.

1 xonali va dahlizli uyda o‘g‘lim va qizimni katta qildim. Kelin ham olgan edim, ammo u sharoit og‘irligi tufayli, ketib qoldi. Bunday ahvolda kim ham yashashni istardi deysiz... O‘g‘lim Rossiyada ishlab, uyga pul yuborib turardi, ammo deportatsiya bo‘lgach, uch yil sarson bo‘ldi», - dedi Salomat Madaminova.

Ularga qo‘shni bo‘lgan Furqat Ro‘zmetov oilasidagi vaziyat ham havas qilgudek emas. U 1987 yilda tug‘ilgan, qurilish sohasida ustachilik qiladi. 2 xonali uyda xotini, 2 nafar farzandi, akasi va ukasi bilan yashamoqda. Akasida 2-guruh nogironligi bor.

«Mana shu eski binoning 2ta xonasida 6 jon bo‘lib, bir amallab yashayapmiz. Bu bino ham juda eskirib ketgan. 60-70 yil oldin qurilgan bo‘lsa kerak. Turar joy uchun moslashmagan, suv, kanalizatsiya yo‘q. Uyimizga temir yo‘l yaqin. Har safar poyezd o‘tganida, shift va devorlar tebranib, xuddi ustimizga qulaydigandek tuyuladi.

Uy-joyga juda muhtojmiz, biz ham odamlarga o‘xshab yaxshi yashashni istaymiz. Bu masalada arzonlashtirilgan uy-joylarni olish uchun Hazorasp tuman hokimligiga ariza bergan edim. Komissiya xulosasini bilish uchun borsam, men bergan ariza yo‘qolib qolganini aytishdi. Hafsalam pir bo‘lib qaytib keldim», - dedi Furqat Ro‘zmetov.

Eski binoda yashayotgan Fayzulla G‘afurov, 1987 yilda tug‘ilgan, xotini, 2 nafar farzandi va onasi bilan 2 xonali uyda yashaydi. 53 yoshli Sharofat Iskandarova qizi Shahribonu bilan 2 xonali uyda yashayapti. O‘g‘li Qozog‘istonda ishlab yurgan paytida hayotdan ko‘z yumgan. 52 yoshli Xushnud Ahmedovning 1-guruh nogironligi bor, oilasi, opasidan qolgan kichkina bolalar bilan 2 xonali uyda yashayapti. Uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji bor.

Nurli yo‘l ko‘chasidagi eski harbiy qo‘mita binosida yashayotgan oilalar muammosi bo‘yicha Hazorasp tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zebiniso Karimovadan izoh oldik.

«Hazorasp tumani hokimligining bu oilalarning ahvolidan xabari bor. Biz ularning yashash sharoitini o‘rgandik. U yerda 11ta oila yashamoqda, shulardan 3tasi uy-joyga muhtoj ekani aniqlandi. Endi ularni Hazorasp tumani va Pitnak shaharchasidagi bo‘sh obektlardan biriga ko‘chirmoqchimiz. Hozirda bu obektlar ta'mirlanyapti. Elektr energiyasi va gaz tarmog‘iga ulanganidan so‘ng, bu oilalarni yangi joyga ko‘chiramiz», - dedi Zebiniso Karimova.

Oilalarning yangi binoga qachon ko‘chib o‘tishi haqida so‘raganimizda, Zebiniso Karimova bunday ma'lumotga ega emasligini aytdi.

Hazorasp tumanidagi bu oilalarning 20 yildan beri nochor ahvolda yashayotgani bilan shu paytgacha hech kim qiziqmagani, ularning taqdiriga befarq bo‘lgani ajablanarli hol. Mahalliy hokimiyat, mahalla qo‘mitasining bundan bexabar bo‘lganiga ishonish qiyin. Agar xabardor bo‘lsa, ularga yordam qo‘lini cho‘zishga urinmagani yanada taajjubga soladi. Nahotki, ehtiyojmand, nochor oilalarga yordam berilishi uchun ularning ahvoli ijtimoiy tarmoqlarda ovoza bo‘lishi, matbuotda yoritilishi shart bo‘lsa? 20 yil oldin bu oilalarga berilishi kerak bo‘lgan uylar qanday asos bilan boshqa odamlarning qo‘liga o‘tib ketgan, nima uchun haqiqiy egalariga yetkazilmagan?

Hazorasp tumani mahalliy byudjyetida kam ta'minlangan, ehtiyojmand oilalarga yordam berish uchun mablag‘ bor yoki yo‘qligini bilmaymiz, ammo tumanni zinhor «qoloq va kambag‘al hudud», deb bo‘lmaydi.

Shaharchada juda katta ulgurji va chakana bozorlar, yuzlab do‘konlar bor - bu yer tijorat qaynab turgan joy. Hazorasp ulgurji bozorlarida viloyatning barcha shahar va qishloqlaridan, hatto qo‘shni viloyatlardan kelib savdo qilishadi. Agar byudjyet mablag‘larining tanqisligi imkon bermasa, mulozimlar tadbirkorlarni, baquvvat homiylarni jalb qilib, oilalarning ijtimoiy ahvolini yaxshilashga ko‘mak berishi, muammoning qandaydir boshqacha yechimlarini topishi mumkin edi. Savob ilinjida yurgan, ehtiyojmandlarga yordam qo‘lini cho‘zishga harakat qiladigan saxovatgo‘y odamlar yurtimizda yo‘q emas.

Ijro hokimiyati organlari vakillarini ko‘proq xalq dardi bilan yashashini, uni qiynayotgan muammolarini yechishga harakat qilishini, ehtiyojmand oilalarga nisbatan munosabatni o‘zgartirishini istar edik. Shunda oramizda bunday nochor odamlar qolmagan bo‘lardi.

Nurmuhammad Said
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top