14:48 / 11.01.2019
12643

Davlat bojxona qo‘mitasi tanlov haqida e'lon qildi

Davlat bojxona qo‘mitasi chegara bojxona postlari hududlariga tutash joylarda zamonaviy bojxona terminallarini qurish bo‘yicha tanlov e'lon qildi.

Tanlov prezidentning “Bojxona ma'muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 24 noyabrdagi PF-5582-son farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida, “Yallama” va “S.Najimov” (Toshkent viloyati), “Do‘stlik” (Andijon viloyati), “Olot” (Buxoro viloyati), “Daut-ota” (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), “Madaniyat” (Andijon viloyati), “O‘zbekiston” (Farg‘ona viloyati), “G‘ishtko‘prik” va “Oybek” (Toshkent viloyati) bojxona postlari hududlariga tutash joylarda zamonaviy bojxona terminallarini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida qurish bo‘yicha e'lon qilindi.

Tijorat takliflari 2019 yil 21 yanvar kuni soat 12:00ga qadar qabul qilinadi. Tanlov bo‘yicha taklif berish vaqtida tanlov qatnashchisi uchun zakalat summasi 5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Tanlovga tijorat taklifining kelib tushish muddati Davlat bojxona qo‘mitasida ro‘yxatga olingan kuni hisoblanadi. Tijorat taklifi zamonaviy bojxona terminalini qurish bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan texnik topshiriq asosida taqdim etilishi lozim. 

Bojxona terminallarini qurish bo‘yicha tanlovda qatnashadigan investor va uning affillangan shaxslari bilan birga quyidagi asosiy shartlar (dastlabki malaka tanlovi) asosida tanlanadi:

bojxona terminallarini qurish 100 % investor hisobidan amalga oshirilishi;

takliflarni ko‘rib chiqishda ushbu yo‘nalishdagi amaliy tajribasi, ya'ni kamida 2 ta bojxona terminali va bojxona omborlarini qurganligi, 
shu jumladan xorijiy davlatlarda;

so‘nggi ikki yillikdagi moliyaviy ahvoli, xalqaro nufuzi, menejment standartlariga javob berishi kabi ko‘rsatkichlariga alohida e'tibor qaratilishi;

ustav fondi 80 mlrd. so‘mdan kam bo‘lmasligi (ekvivalent);

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi PF-5582-son farmoni bilan tasdiqlangan tarmoq jadvaliga muvofiq, dastlabki bosqichda, 2019-2020 yillarda “Yallama” va “S. Najimov” (Toshkent viloyati), “Do‘stlik” (Andijon viloyati), “Olot” (Buxoro viloyati) chegara bojxona postlariga tutash joylarda barpo etiladigan bojxona terminallari qurilishini amalga oshirilishi kafolatlanishi, shuningdek 2020-2021 yillarda qolgan  5 ta bojxona terminallarini qurish imkoniyati bo‘lishi lozim; 

bojxona terminallarida faoliyat olib boruvchi davlat organlariga bino, inshoot va boshqa turdagi vositalar bepul asoslarda taqdim etilishi;

O‘zbekiston Respublikasida bojxona ombori faoliyatini amalga oshirishga litsenziyaga ega bo‘lishi;

logistika terminallari va bojxona omborlarini boshqarishda kamida 5 yillik tajribaga ega bo‘lishi.

Bojxona terminalini qurish bo‘yicha eng yaxshi takliflar Davlat bojxona qo‘mitasining tanlov shartlariga mosligini tasdiqlovchi taqdim etilgan hujjatlar asosida  tanlash yo‘li bilan aniqlanadi.

Qo‘shimcha ma'lumotlar olish uchun +99878 120-76-00 (ichki raqam 57-09 va 53-17) telefon raqamiga murojaat qilish mumkin.

Hujjatlar quyidagi manzilda qabul qilinadi: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi 3 uy, indeks 100003.

Top