00:11 / 17.01.2019
24356

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yangi lavozim kiritildi

Prezidentning "Ta'lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi, deya xabar berdi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Kun.uz'ga. Bu vazifalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

·      O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalari reytingini tuzish va rasman e'lon qilish;

·      o‘quvchilarning bilim darajasini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va tadqiqotlarda O‘zbekiston Respublikasining ishtirokini ta'minlash;

·      yetakchi reyting tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va milliy oliy ta'lim muassasalarining dunyoning yetakchi reytingiga kirishiga har tomonlama ko‘maklashish.

Shuningdek Bosh vazirning xabar berishicha, Milliy oliy ta'lim muassasalari faoliyatini o‘rganish hamda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ushbu muassasalarda kadrlar tayyorlash sifatini, jumladan xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish orqali oshirish yuzasidan takliflar kiritib borish uchun javobgar bo‘lgan Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritildi.

"Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi hamda maqomi, tibbiy va transport ta'minoti sharoitlari bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi", - deydi Aziz Abduhakimov.

Bundan tashqari, hujjat bilan Davlat inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 108 nafardan iborat yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanadi.

Davlat inspeksiyasining boshlig‘iga, zarur holatlarda, xodimlarning o‘rnatilgan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Davlat inspeksiyasi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Top