22:33 / 05.02.2019
5329

Ozarboyjon biznes-iqlim ko‘rsatkichlari bo‘yicha bir yilda 57-o‘rindan 25-o‘ringa ko‘tarildi

Ozarboyjon mamlakatda yaratilgan biznes-iqlim ko‘rsatkichlariga ko‘ra jahon miqyosida bir yilda 57-o‘rindan 25-o‘ringa ko‘tarildi, bu sobiq ittifoq  mamlakatlari orasida 1-o‘rin demakdir. Ozarboyjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Shahin Mustafoyev 5 fevral kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan hukumatlararo uchrashuv doirasida shunday bayonot berdi.

“So‘nggi ikki yilda mamlakatimizda tub islohotlar o‘tkazildi. Jahon bankining DoingBusiness hisobotiga ko‘ra, Ozarboyjon 19-o‘rinda. Mamlakatdagi biznes-iqlim ko‘rsatkichlariga ko‘ra esa, Ozarboyjon bir yilda 57-o‘rindan 25-o‘ringa ko‘tarildi. Bu sobiq ittifoq mamlakatlari orasida 1-o‘rin demakdir”, - deydi u.

Shahin Mustafoyevning ta'kidlashicha, iqtisodiy nuqtai nazardan O‘zbekiston va Ozarboyjon juda katta imkoniyatlarga ega. Mamlakatlar  o‘rtasida 100 dan ziyod hukumatlararo kelishuvlar imzolangan. Tovar aylanmasi esa 50 foizga oshgan.  

“O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi aloqalar rivoji faqat iqtisodiy soha bilan cheklanib qolmaydi. Birodar O‘zbekiston xalqidan Armaniston-Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ hududi bilan bog‘liq ziddiyatni tartibga solishda bizni doim qo‘llab-quvvatlab kelgani, adolatli pozitsiyani tutgani uchun minnatdormiz.

So‘nggi yillarda yurtingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarni ko‘rishdan xursandmiz. Bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda va eng muhimi amaliy natijalarga olib kelmoqda. O‘zbekistonning bugungi yutuqlari bizni ham quvontirmoqda. Bugunga kelib O‘zbekiston ajoyib natijalarni qayd etayotgan turli xalqaro reytinglarga to‘xtalib o‘tirmaymiz, kundalik hayotimizda duch keladigan narsalar haqida so‘zlaymiz. Biz Artel kompaniyasining ajoyib maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarishi bilan tanishdik. U yerda eng zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bizga ma'lum qilinishicha, kompaniyada ishlab chiqarilayotgan maishiy texnikaning 30 foizga yaqini boshqa mamlakatlarga muvaffaqiyatli eksport qilinmoqda. Ta'kidlash joizki, ushbu eksportning katta qismi Ozarboyjon hissasiga to‘g‘ri keladi va bizning iste'molchilar bu maishiy texnikalar sifatini yuqori baholaydi”, - deydi vazir.

Shuningdek, Ozarboyjon vakili xalqaro standartlarga muvofiq keluvchi tekstil fabrikasida bo‘lganini qo‘shimcha qildi. U yerda mehnat qilayotgan yoshlarning zamonaviy texnologiyalardan foydalanishi va xorijiy tillarda so‘zlay bilishi o‘zbek xalqining erishayotgan yutuqlaridan dalolat berishini qayd etdi. Inson kapitalining rivoji bugungi kundagi eng muhim qadriyatlardan biridir.

Ozarboyjon ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga doir islohotlarni amalga oshirmoqda va bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti shiddat bilan o‘smoqda.

“So‘nggi 15 yilda Ozarboyjon iqtisodiyoti 3,3 baravarga oshdi. Neftdan tashqari sektorlar uch baravarga yaqin oshdi. Bu biz uchun muhim ahamiyatga ega, chunki Ozarboyjon iqtisodiy rivojining asosiy maqsadi mamlakat iqtisodiyoti diversifikatsiyasidir, boshqacha aytganda - mamlakatning neftdan tashqari sektorlarini rivojlantirish. Sanoat ishlab chiqarishi - 2,6 baravarga, qishloq xo‘jaligi - 1,7 baravarga, neftdan tashqari mahsulotlar eksporti 5 baravarga oshdi. So‘nggi 15 yilda Ozarboyjon iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar 250 milliard dollarni tashkil qildi, ularning taxminan yarmi xorijiy sarmoyadorlar hissasiga to‘g‘ri keladi va bu juda yaxshi ko‘rsatkich”, - deydi Mustafoyev.

Bundan tashqari, Shahin Mustafoyev o‘z nutqida Ozarboyjon tomon yaqin kelajakda O‘zbekiston Prezidentining Ozarboyjonga tashrifini kutib qolishini ta'kidladi.

“Biz barchamiz yaqin kelajakda hurmatli O‘zbekiston Prezidentining Ozarboyjonga tashriflarini kutib qolamiz. Umid qilamizki, bugungi uchrashuvlarimiz janob Mirziyoyevning Ozarboyjonga tashrifi uchun zamin yasaydi”, - dedi u.

Ozarboyjonning favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyevning Kun.uz muxbiriga bildirishicha, O‘zbekiston va Ozarboyjonning hamkorlik salohiyatidan hali to‘liq foydalanilmagan.

“Ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar yuqori darajada. Mamlakatlarning o‘zaro hamkorlik salohiyatli ulkan, lekin ular hali oxirigacha amalga oshirilmagan. Bu uchrashuv davomida ikki tomondan ham tan olindi. Davlatlarimiz tarixi va o‘zaro aloqalarni inobatga oladigan bo‘lsak, hamkorlik istiqbollari yuqori. O‘tgan yil O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tovar aylanmasi 50 foizga oshgan bo‘lsa, bugungi uchrashuvlardan keyin bu ko‘rsatkich yanada yaxshilanadi. Biz bundan-da samarali, bundan-da yuqori natijalarni ko‘zlab ishlashimiz kerak”, - deydi elchi.

Guseyn Guliyev

Uning so‘zlariga ko‘ra, 5 fevraldagi o‘zaro uchrashuvlar yakunlaridan kelib chiqib ozarboyjonlik alohida ishbilarmonlar O‘zbekistondagi tashrifi davomiyligini uzaytirishi mumkin.

Top