16:12 / 06.02.2019
48187

Qirg‘iziston parlamentida yana O‘zbekistonga suv sotish masalasi ko‘tarildi

Toktogul suv ombori

Qirg‘iziston parlamenti suv resurslaridan foydalanganlik uchun O‘zbekiston va Qozog‘istonga nisbatan to‘lov prinsipini joriy etish masalasini ko‘tarib chiqdi.

Qirg‘iziston parlamenti «Qirg‘iziston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini (Suv kodeksi, «Suv to‘g‘risida»gi qonun) ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqmoqda. Uning asosiy maqsadi suv resurslari va suv obektlaridan foydalanganlik uchun to‘lov prinsipini joriy qilishdir. Muhokamalar chog‘ida ayrim deputatlar O‘zbekiston va Qozog‘istondan suv uchun pul olishni talab qilish taklifi bilan chiqishdi.

- Qirg‘iziston suv omborlaridan har yili taxminan 22 milliard kub metr suv O‘zbekiston va Qozog‘istonga yetib boradi. Ya'ni, suvning 80 foizidan ko‘prog‘i qo‘shnilarga berilmoqda. Yaqinda Toktogul suv omborini ta'mirlash uchun 450 million dollar ajratish masalasini ko‘rib chiqdik. Nima uchun hukumatimiz qo‘shnilardan to‘g‘on uchun pul to‘lashni so‘ramayapti? - deya ta'kidlab o‘tdi deputat Umbetali Qidiraliyev.

Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirining o‘rinbosari Janibek Kerimaliyev ma'lum qilishicha, agar parlament Suv kodeksi va Suv to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlarni ma'qullasa, unda bu qo‘shni mamlakatlardan to‘lov talab qilishga imkon yaratadi.

Kerimaliyevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston avval suvdan foydalanganlik uchun 75 million tenge (197 474 dollar) to‘lagan, hozir esa 119 million tenge (taxminan 313 326 dollar) to‘layapti.

Moliya vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Karimshakovning aytishicha, qo‘shni davlatlar hozirda suv uchun emas, balki suv omborini ta'mirlash uchun to‘lashmoqda.

Bundan avval, 2000-yillarda parlament a'zosi bo‘lgan va Qirg‘izistonni 24 yil davomida, 1961 yildan 1985 yilgacha boshqargan Turdakun Usubaliyev ham qo‘shni mamlakatlardan suv uchun to‘lov joriy etish to‘g‘risidagi masalani ko‘targandi.

Biroq, o‘sha paytda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov suv transmilliy mulk ekanini ta'kidlagan va bunga qat'iy qarshi chiqqan.

Suvdan foydalanish shartlarini tartibga solish muammosi 2007-2008 yillarda qo‘shni mamlakatlar ishtirokida ko‘tarilgan bo‘lsa-da, bu masala Qirg‘iziston foydasiga hal qilinmagan, deyiladi xabarda.

Qirg‘izistonning «Suv to‘g‘risida va Qirg‘iziston Respublikasining «Suv haqida»gi kodeksi» qonuniga taklif etilgan tuzatishlar suvdan foydalanganlik uchun to‘lov majburiy bo‘lishini nazarda tutadi. 

Top