11:00 / 01.03.2019
10751

Chiqindiga to‘lgan «Nurafshon» yoxud Kattaqo‘rg‘on shahridagi bir mahalla muammolari

Kattaqo‘rg‘on shahridagi «Nurafshon» mahallasi aholisi Kun.uz tahririyatiga bir necha muammo yuzasidan murojaat qildi.

Murojaatda yozilishicha, mahalla aholisini tabiiy gaz yo‘qligi, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar, ichimlik suvi, mahallaga yaqin joylashgan bozordan chiqayotgan chiqindilar, zovurlarga suv to‘planishi kabi muammolar qiynab kelmoqda.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida «Nurafshon» mahallasida bo‘ldik va aholining yuqoridagi masalalar bo‘yicha e'tirozlarini tingladik.

«Mahallamizdan «Siplon» arig‘i oqib o‘tgan. Shu ariqqa suv to‘plangandan keyin uylarga zaxi uradi. Beton poydevor va devorlar ko‘chib tushyapti. Yerlar sho‘rlanganidan tomorqamizda hech narsa unmaydi. Ko‘chalarimiz abgor. Elektr toki kuniga o‘n ikki soatlab o‘chadi. Ichimlik suvini 3-4 kilometr naridan olib kelamiz. Tabiiy gaz yo‘q. Sotib olinayotgan ko‘mir esa sifatsiz. Mahalla aholisi shunday muammolardan qiynalib yashamoqda. Qolaversa, mahalla yaqinidagi bozordan chiqqan chiqindilar zovur yaqiniga to‘kiladi. Uning hidiga chidab bo‘lmaydi. Yozning issiq kunlarida chiqindilar tufayli pashsha-yu chivinlardan ham ozor ko‘ramiz. Shahar markazida joylashgan mahalladagi ahvolni ko‘rib turibsiz», – deydi mahallaning bir guruh faollari biz bilan suhbatda.

Aholi e'tirozlari asosida ushbu holatlarni ko‘zdan kechirdik. Mahalla yaqinidan oqib o‘tgan «Siplon» arig‘ida qazish ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ayni vaqtda ishlar to‘xtab qolgan. Ayrim fuqarolar tomonidan ariq ko‘priklar va noqonuniy qurilishlar o‘zboshimchalik bilan qurib olingan. Buning natijasida ariqqa suv to‘planib, uylarga ziyon yetkazmoqda. Beton fundament va devorlar ko‘chib tushayotganini ko‘rish mumkin. Sho‘rlangan yer tufayli haqiqatan ham tomorqaga biror narsa ekilmagan.

O‘rganish jarayonida mahallaga yetib kelgan Kattaqo‘rg‘on shahri hokimining qurilish ishlariga mas'ul o‘rinbosari Davron Rahmonov va boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddilaridan mavjud muammolar yuzasidan izoh so‘radik.

«Ko‘rib turganingizdek, ushbu ariqni kengaytirish maqsadida qazish ishlari boshlangan edi. Ammo fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda qurib olingan qurilishlar va ko‘priklar tufayli to‘xtab qoldi. Aholiga tushuntirishlarimiz naf bermayapti. Endi belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘ramiz», – deydi D.Rahmonov.

Mahalla yaqinida Kattaqo‘rg‘on shahar «Dehqon bozori» joylashgan. Unda haftaning uch kunida bozor bo‘ladi.

Bozordan chiqayotgan chiqindilar «Siplon» arig‘i bo‘yiga to‘planib, mahalla hududida xunuk qiyofa kasb etgan.

Ushbu holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar «Toza hudud» davlat unitar korxonasi mutasaddisi bozor ichidagi chiqindilar olib chiqilayotgani, ammo bozor tashqarisidagi chiqindilarga javob bermasligini bildirdi.

Mazkur masala yuzasidan bozor ma'muriyati mutasaddilari bilan ham uchrashdik. O‘zini bozor huquqshunosi deb tanishtirgan mas'ul shaxs bu masalada bor aybni aholining o‘ziga ag‘darib qo‘yaqoldi. Uning aytishicha, bu chiqindilarni aholining o‘zlari tashlamoqda. Ammo aholi bu e'tirozlarni rad etmoqda.

Elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar yuzasidan shahar «Elektr tarmoqlari» korxonasi boshlig‘i Bahodir Rustamov bilan telefon orqali bog‘landik.

«Bu muammodan xabarimiz bor. Ayni vaqtda tarmoqda texnik ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa vaqtincha uzilishlarga sabab bo‘lmoqda. Bugun-erta texnik ishlar yakuniga yetadi va bu muammo bartaraf etiladi», – deydi B.Rustamov.

Mahalla aholisini qiynayotgan asosiy masalalardan biri bu ichimlik suv muammosidir. Aholi 3-4 kilometr uzoqlikdan ichimlik suv tashib, iste'mol qiladi. Ayrimlar xonadonlarda tarnoviga yomg‘ir suvini to‘plash uchun idishlar qo‘yilgan. Aholining ta'kidlashicha, to‘plangan yomg‘ir suvidan kir yuvishda foydalanadi, zarur bo‘lganda qaynatib, iste'mol ham qiladi.

Mahalladagi ichimlik suv, tabiiy gaz va yo‘llarning abgorligi masalalari yuzasidan ham Kattaqo‘rg‘on shahri hokimining qurilish ishlariga mas'ul o‘rinbosari Davron Rahmonov izoh berdi.

«Mahalla aholisi tabiiy gaz tarmog‘idan bir necha yil avval uzilgan. Qayta ulashning imkoni yo‘q. Ayni vaqtda aholi suyultirilgan gaz ballonlari bilan to‘liq ta'minlangan. Bu borada muammo yo‘q. Ammo ichimlik suvi masalasi haqiqatan ham og‘ir vaziyat. Mahallaga ichimlik suv tarmog‘ini tortib kelish qiyin. Shuning uchun mahalla hududidan artezian qazish ma'qul yo‘ldir. Shu maqsadda burg‘ilash ishlarini amalga oshirish zarur. Bu borada burg‘ilash texnikasi bor tadbirkor bilan kelishuvga erishganmiz. Muammoga shu yo‘l orqali ijobiy yechim qilinadi. Mahalladagi ichki yo‘llarni ta'mirlash yuzasidan ham tegishli chora-tadbirlarni olib boramiz», – deydi mutasaddi.

Ushbu mahalla shahar prokurori sektoriga biriktirilgan ekan. Ma'lumki, sektorlar faoliyati tashkil etilgandan so‘ng ishchi guruhlar tomonidan mahalla va xonadonlarda aholi muammolari o‘rganib chiqilgan. Shuncha muammo yig‘ilib qolgan mahallaga shahar prokurori sektori ishchi guruhi kelmaganmi? Kelgan bo‘lsa, nega shuncha muammolar yig‘ilib qoldi va bu borada biror ijobiy yechim qilinmagan?

Aholining aytishicha, ishchi guruhlar keladi, muammoni o‘rganib, suratlarga tushirib, va'dalar berib ketishadi. Ammo natijadan darak yo‘q.

O‘rganishimiz davomida mahalladagi mavjud muammolar yuzasidan mas'ullar tomonidan va'dalar berildi. Muhimi, va'dalar bajarilsa bo‘lgani. Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi va tegishli tashkilotlar mutasaddilari «Nurafshon» mahallasi aholisini qiynayotgan yuqoridagi masalalarga jiddiy e'tibor qaratishlariga ishonch bildiramiz. Aks holda, chiqindiga to‘lgan «Nurafshon» o‘z nomiga mos va xos bo‘lmagan, kishining ta'bini xira qiladigan holatda qolaveradi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi va bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top