09:11 / 07.03.2019
40578

MTS O‘zbekistondagi korrupsiya ishi bo‘yicha AQSh hukumatiga 850 mln dollar jarima to‘laydigan bo‘ldi

Foto: RIA Novosti / Kirill Kallinikov

Rossiyaning MTS mobil operatori AQShning qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar komissiyasi va adliya vazirligi bilan O‘zbekistondagi sobiq sho‘'ba korxonasi atrofidagi tergov yuzasidan kelishuv tuzdi va bu kelishuv doirasida 850 mln dollarlik jarima to‘laydi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatida xabar qilindi.

Kompaniyada ta'kidlanishicha, kelishuv MTSning 2004 yildan 2012 yil o‘rtalarigacha O‘zbekistonda olib borgan faoliyati bilan bog‘liq tergovga nuqta qo‘yadi. Kompaniya jarimani bu maqsadlar uchun zaxiralangan mablag‘lardan to‘lab beradi. 

2015 yil bahorida AQSh adliya vazirligi Niderlandiya prokuraturasi bilan birgalikda Vimpelcom, MTS va TeliaSonera kompaniyalarining Gulnora Karimova bilan aloqasi borligi ta'kidlanadigan Takilant kompaniyasi bilan bitimlari yuzasidan tergov boshlagan. O‘sha yil avgustida AQSh hukumati Yevropaning 5 ta davlatiga ushbu ish bo‘yicha bir mlrd dollarlik aktivlarni muzlatib qo‘yish iltimosi bilan murojaat qilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, aloqa operatorlari korrupsiyaviy sxema yordamida Gulnora Karimova bilan bog‘liq tuzilmalarga O‘zbekiston bozoriga chiqish, chastotalar olish va boshqa bitimlarni amalga oshirish huquqi evaziga yuzlab million dollar o‘tkazishgan. 2016 yilda Vimpelcom ushbu ish doirasida 795 mln dollar to‘lab bergan.

Top