18:19 / 14.03.2019
113455

Kenjayev ishi. Sudlanuvchilarning pushaymonligi, sud hukmi va otaning e'tirozi

13 mart kuni Jamshid Kenjayevga nisbatan qilingan qotillik yuzasidan olib borilgan jinoyat ishi tugatilib, sud hukmi o‘qildi. Qotillik ishidagi asosiy ayblanuvchi Shodali Qilichov 18 yil muddatga, qolgan sudlanuvchilar Saidazim Kamoliddinov, Alijon Hamrayev va Jahongir Yorqulovning har biri 5 yil muddatga qamaldi.

Hukmni e'lon qilishdan oldin sudlanuvchilarga oxirgi so‘z berildi. Barcha sudlanuvchilar aybiga chin ko‘ngildan pushaymonliklarini bildirib, suddan yengilroq jazo berilishini so‘rashdi. Ularning so‘zlarini tinglagandan so‘ng, sud maslahatga kirib ketdi. Ma'lum muddat o‘tgandan so‘ng, sudlov hay'ati qaytib chiqdi va sud hukmini e'lon qildi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Sud hukmi quyidagicha bo‘ldi:

«O‘zbekiston Respublikasi nomidan hukm 2019 yil 13 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi o‘z binosida, ochiq sud majlisida, raislik Karimov, xalq maslahatchilari Miragzamov va Nishonovdan iborat tarkibda sudya katta yordamchisi Aripov va Dadajonovning kotibligida taraflardan davlat ayblovchisi Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim prokurori Usmonov, sudlanuvchi Qilichov va advokat Sultonov, sudlanuvchi Kamoldinov va advokat Alimqulov, sudlanuvchi Hamroyev va advokat Fayziyev, sudlanuvchi Yorqulov va advokat Husanov hamda jabrlanuvchining qonuniy vakili Mirzamurodova ishtirokida Qilichov va boshqalarga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqib, sudlov hay'ati sudlanuvchilar, jabrlanuvchining qonuniy vakili va guvohlarning ko‘rsatuvlarini tinglab jinoyat ishi xujjatlarini o‘rganib chiqib va ishda mavjud bo‘lgan dalillarga baho berib, sud hukm qildi:

Qilichov Shodali G‘ulomjonovich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qism «v», «j» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilsin va Qilichovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qism «v», «j» bandlari bilan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilansin. Qilichovga nisbatan qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi aslicha qoldirilsin. Jazo o‘tash muddati 2018 yil 9 avgustdan boshlab hisoblansin.

Qilichov Shodali G‘ulomjonovich

Kamoldinov Saidazim Saidakbar o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilsin. Kamoldinovga Jinoyat Kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilansin. Kamoldinovga nisbatan qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi aslicha qoldirilsin. Jazo o‘tash muddati 2018 yil 9 avgustdan boshlab hisoblansin.

Kamoldinov Saidazim Saidakbar o‘g‘li

Hamrayev Alijon Ubaydullayevich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilsin. Hamrayevga Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilansin. Hamrayevga nisbatan qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi aslicha qoldirilsin. Jazo o‘tash muddati 2018 yil 9 avgustdan boshlab hisoblansin.

Hamrayev Alijon Ubaydullayevich

Yorqulov Jahongir Abdumusayevich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilsin. Yorqulovga Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilansin. Hamrayevga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi aslicha qoldirilsin. Jazo o‘tash muddati 2018 yil 9 avgustdan boshlab hisoblansin.

Yorqulov Jahongir Abdumusayevich

Dalillar, marhum Kenjayevga tegishli kiyimlar hukm kuchga kirgach yo‘q qilinsin. Ashyoviy dalillar 4 dona pichoq, 4 dona bita, sudlanuvchi Qilichovga tegishli bo‘lgan bir dona futbolka va shim, Kamoldinovga tegishli bo‘lgan futbolka va Ilyasovga tegishli bo‘lgan kiyim-kechaklar hukm qonuniy kuchga kirgach yo‘q qilinsin. Manfaatdor tomonlarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirilsin.

Sud bunday xulosaga kelishiga demak, sudlanuvchilarning jinoiy harakatlari tergov organi tomonidan Qilichovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qism «v», «j» bandlari bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisoblaydi. Chunki, u tomondan jabrlanuvchi Kenjayevga yetkazilgan tan jarohati uning o‘limiga olib kelgani aniqlangan, shu bilan birga sudlanuvchilar Hamroyev, Yorqulov va Kamoldinovning jinoiy harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb topdi. Chunki, dastlabki tergov va sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, Kenjayevning qo‘lida bo‘lgan pichoqni olish maqsadida harakat qilishgan. Ular Kenjayevning tanasi uchun muhim organlarga tan jarohati yetkazishga real imkoniyatga ega bo‘lsa-da, ular tomonidan bunday harakatlar amalga oshirilmagan.

Shu bilan birga, jabrlanuvchining vakili Mirzamurodovaning ish bo‘yicha boshqa tungi klubning boshqa qo‘riqchilari javobgarlikka jalb qilinmagani tergov organi tomonidan sudlanuvchilar Hamroyev, Yorqulov va Kamoldinovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi bilan noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilingani haqidagi fikrlari yuzasidan quyidagilarni bildiradi. Ya'ni, sudlanuvchilar Hamroyev va Yorqulov aniqlangan holatlarga ko‘ra, bitalar bilan Kenjayevning chap qo‘liga va o‘ng yelka bo‘g‘imi kurak sohalariga tan jarohati yetkazgan. Kamoldinov esa qo‘lidagi pichoqni tortib olish harakatlarini ko‘rmasdan, aksincha yonida bo‘lgan pichoq bilan Kenjayevning dumbasiga ikki marta urib tan jarohati yetkazgan. Bu holatlar esa ish yuzasidan o‘tkazilgan sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalari bilan aniqlangan. Demak, Hamroyev va Yorqulov tomonidan Kenjayevga yetkazilgan tan jarohatlari og‘irlik darajasi bo‘yicha o‘rta-og‘ir tan jarohatlariga kirishi Kamoldinov tomonidan Kenjayevga yetkazilgan tan jarohati esa og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘liqni qisqa muddatga olib kelgan yengil tan jarohatlari yetkazilgani aniqlangan. Bunday holatlarda sud ularning harakatlari 277-modda 3-qismi «g» bandi bilan kvalifikatsiya qilingan deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, jabrlanuvchi tomonidan mazkur holat bo‘yicha tungi klubning boshqa ishtirokchilari ham javobgarlikka tortilmagani haqida vajlar keltirdi. Demak, ish hujjatlariga ko‘ra, dastlabki tergov organi tomonidan tergovning 2018 yil 21 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, mazkur qaror yuzasidan ushbu tungi klubda qo‘riqchi vazifasida ishlagan Iskandarov Farrux Qudrat o‘g‘li va Melis Anvarovich Azimovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ushbu jinoyat ishi alohida ish yurituvga ajratilgan.

Bundan tashqari, sud majlisida ko‘rib chiqilgan videoyozuvga ko‘ra, tungi klubning boshqa qo‘riqchilari Kenjayevga nisbatan biror xatti-harakat qilgani aniqlanmadi. Demak, sud sudlanuvchilarga nisbatan jazo tayinlashda jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan holatlarni va kelib chiqqan oqibatlarni inobatga oldi. Jumladan, dastlabki tergov va sudda aniqlangan holatlarga ko‘ra, jabrlanuvchi Kenjayev jinoyat sodir etishda turtki bergan huquqqa xilof xulq-atvori, ya'ni mast holatda bo‘lgan Kenjayev jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan xizmat vazifasini olib borayotgan Ilyasovning yuziga tarsaki urib, unga va Mirzayevga pichoq bilan tan jarohati yetkazib, ularga nisbatan yengil va og‘ir tan jarohati yetkazgan. Mazkur holat bo‘yicha dastlabki tergov organi tomonidan Kenjayevning harakatlarida Jinoyat Kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi va 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi «ye» bandi bilan nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsada, uning vafot etgani inobatga olinib, tergovchining qaroriga asosan jinoyat ishining Kenjayevga nisbatan qismi Jinoyat-protsessual Kodeksining 84-moddasi 1-qismi 3-bandiga asosan harakatdan tugatildi.  

Moddiy va ma'naviy zarar masalasiga keladigan bo‘lsak, jabrlanuvchining qonuniy vakili tomonidan ushbu sodir etilgan jinoiy harakatlar natijasida, garchi ular tomonidan keltirilgan bo‘lsa-da, qilingan sarf-xarajatlarni tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etilmadi. Shu sababli, sud jabrlanuvchi qonuniy vakiliga ish bo‘yicha moddiy va ma'naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi. Bu jinoyat ishi bo‘yicha moddiy va ma'naviy zararni undirish haqida murojaat qilishdan mahrum etmaydi. Shu sababdan, tasdiqlaydigan hujjatlar bilan apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasiga murojaat qilish huquqlari mavjud.

Agar hukmdan norozi taraflar bo‘lsa, hukm e'lon qilingan kundan boshlab sudlanuvchi va jabrlanuvchi hukm nusxasini olgan kundan boshlab 10 sutka ichida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng esa kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqlari tushuntirib o‘tiladi. Sud majlisi yopiq deb e'lon qilinadi».

Sud hukmi o‘qilgandan so‘ng, Kun.uz muxbiri marhum Jamshid Kenjayevning otasi Yoqubjon Kenjayevdan sud hukmiga munosabat so‘radi.

Yoqubjon Kenjayev

«Hukmdan norozimiz. Bu Qilichov degani uchinchi yo to‘rtinchi marta odam o‘ldirishi. Bu o‘ta xavfli retsidivist. Umrbod qamoq jazosi berish kerak edi. Qolganlarga 10-15 yildan berish kerak edi. To‘rt kishi o‘tiribdi. U yerda o‘n bir kishi bo‘lishgan. Oldiga o‘rtoqlarini yaqinlashtirishmagan. Yotgan odamning oldiga hech kim yaqinlashtirilmagan. Atrofini o‘rab turishgan. Bolam bechora 45 daqiqa atrofida yotgan. Bu qanaqa vahshiylik? Bu inson bolasi qilmaydigan vahshiylik. Ulamolar aytganidek, farzand dog‘i eng yomoni, hech kimga farzand dog‘ini ko‘rsatmasin. Bolamni mahalla-ko‘ydagilar biladi. Hech yomon tarafini ko‘rsatmas edi. Biz apellyatsiyaga beramiz», deydi marhumning otasi.

Mavzu
Tungi klubdagi fojia
9 avgust kuni kechqurun Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Aurum 898 tungi klubida (sobiq «Niagara») kelib chiqqan pichoqbozlik oqibatida erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjayevning vafot etishi bilan bog‘liq voqea shov-shuvga aylandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top