11:35 / 14.03.2019
34502

O‘zbekistonda ba'zi avtoraqamlarni onlayn auksion orqali sotish taklif qilindi 

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekistonda ba'zi avtoraqamlarni onlayn auksion orqali sotish to‘g‘risida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda barcha sohalar singari yo‘l harakat xavfsizligi sohasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. 

“Xususan, avtoraqamlar onlayn auksioni orqali “chiroyli raqamlar” savdosining yo‘lga qo‘yilishi bu sohada korrupsiya va tanish-bilishchilik kabi salbiy holatlarni sezilarli darajada pasaytirdi. Hozirda auksion savdolari orqali davlat budjetiga tushgan mablag‘lar xalqimiz farovonligi uchun yo‘naltirilmoqda. Biroq ba'zi “ko‘zgusimon raqamlar” (masalan, 717, 727, 747, 515, 171, 212, 383, 818 va boshqalar) nima uchundir auksion savdolariga joylashtirilmaydi. Mazkur raqamlar ham o‘ziga xos qiymatga ega bo‘lib, ko‘zga yoqadigan, chiroyli raqamlar sirasiga kiradi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Bildirilishicha, bunday raqamlarga talab juda yuqori bo‘lib, ularning eskicha berilishi turli korrupsion holatlarga olib kelyapti. Chet ellarda bunday raqamlar ham ochiq auksion orqali sotiladi.

“Aholining bunday raqamlarga bo‘lgan yuqori talabini inobatga olgan holda, ularni taxminan 1 mln. so‘mdan boshlang‘ich narx bilan auksionga qo‘yish (ma'lumot uchun, 066 va 220 kabi raqamlarning boshlang‘ich bahosi 2 mln. so‘mdan ortiqni tashkil qiladi) foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu orqali biz fuqarolarda chiroyli raqamlarni olishda qandaydir noqonuniy usullar emas, qonuniy tarzda qo‘lga kiritish imkoni yaratilardi. Shu sababli mazkur turdagi avtoraqamlarni ham onlayn auksion orqali sotishni taklif qilaman”, - deyiladi murojaatda.

Bundan oldin, O‘zbekistonda onlayn auksion orqali avtomobil raqamlari sotuvi keskin kamaygani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top