11:59 / 18.03.2019
35100

Bosh prokuratura biznesni tekshirish ishlarini muvofiqlashtirish vakolatidan mahrum bo‘ldi 

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

2019 yil 1 apreldan boshlab Bosh prokuratura biznesni tekshirish ishlarini muvofiqlashtirishni to‘xtatadi. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil shug‘ullana boshlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan «Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonda shu haqda aytilgan. 

Belgilab qo‘yilishicha, 2019 yil 1 apreldan:

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan amalga oshiriladi;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarga oid qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish sohasidagi faoliyatini ta'minlashda ishtirok etadi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini amalga oshirish doirasida:

nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;

nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish to‘g‘risidagi buyurtmalarini ko‘rib chiqadi va ularning asosliligini o‘rganadi;

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishga rozilik berish yoki rad etish, shuningdek, ularning muddatlarini uzaytirish yoki ko‘chirish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun nazorat qiluvchi organlarning aybdor mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘radi;

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida yagona hisob va hisobot yuritilishini, shuningdek ushbu sohada nazorat qiluvchi organlarning yagona huquqni qo‘llash amaliyoti yuritilishini ta'minlaydi;

nazorat qiluvchi organlar va tadbirkorlik sub'yektlariga tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish sohasidagi qonunchilik normalari qo‘llanilishi yuzasidan maslahat yordamini ko‘rsatadi;

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish sohasidagi normativ bazani ishlab chiqish va takomillashtirishda ishtirok etadi.

Bundan oldin, O‘zbekiston prokuratura organlari tizimida qator lavozimlar va boshqarmalar tugatilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top