17:25 / 19.04.2019
23988

Shahrisabz tumanida «bog‘ kesish kampaniyasi». Fermerlar hokimdan norozi

Yoshligimizda sho‘xlik qilib, yangi ekilgan daraxt yoki meva tugib turgan daraxt shoxlarini sindirsak, katta yoshli insonlar tanbeh berishar, «Uvol qilma, bolam», deya nasihat qilishardi.

Yoshimiz ulg‘ayib, bog‘ yaratish naqadar mashaqqatli mehnat talab qilishini, bir daraxt mevaga kirishi uchun bir necha yil e'tibor, parvarish lozimligini bildik, ko‘rdik.

Shuning uchun ham bog‘bon bog‘idagi daraxtning bir shoxi sinsa ham joni og‘riydi, kuyunadi, mehnatiga achinadi. Agar necha yillik bog‘i bir kunda buzilib, daraxtlari ayovsiz kesib tashlansa-chi, unda uning ahvolini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.

Kun.uz tahririyatiga shu mazmundagi murojaat Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidan yo‘llandi. Unda aytilishicha, bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklarining bir necha yillik bog‘lari, endi mevaga kirgan daraxtlari hokimlik mutasaddilari tomonidan kesib tashlanayotgan ekan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Murojaat asosida Shahrisabz tumani, «Uymovut» mahallasiga yo‘l oldik. Mahalla hududidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklaridagi bog‘ egalari bilan suhbatlashib, ayni vaqtda buzib tashlangan bog‘ o‘rnini ko‘zdan kechirdik. Shudgorga aylantirib ham qo‘yishibdi.

«Bu yerdan bir necha yillardan buyon foydalanamiz. Bog‘ yaratib, hosil olganimizdan buyon aholini, bozorlarni turli mevalar bilan ta'minlab kelayotgandik. 2002 yilda qish qattiq sovuq kelgani tufayli bog‘dagi daraxtlarni sovuq urib ketdi. Bog‘ni qaytadan barpo qildik va 8 gektar yerga hosildor olma, 6 gektar yerga olxo‘ri, gilos kabi turli meva ko‘chatlarini ekdik.

2016 yilda 14 gektarlik bog‘ 7ta fermer xo‘jaligiga ajratilib, bo‘lib berildi. Ko‘pchilik ishli bo‘ldi, oilalar shu bog‘ orqali daromad topib, ro‘zg‘or tebratayotgandi. Ammo yaqinda tuman hokimi Isroil Amanov bog‘imizni «yaroqsiz» degan vaj bilan buzish harakatiga tushdi. Tuman hokimi oldiga bir necha marta bordik. Ammo hokim bo‘lib, biz fuqarolarni umuman eshitishni istamadi.

2019 yilning 16 fevral kuni tuman hokimi o‘rinbosari, yuristi, ichki ishlar xodimlari va yana bir guruh odamlar kelib, hech qanday ogohlantirmasdan to‘satdan bog‘dagi daraxtlarni kesishga tushishdi. Qanday shafqatsizlik bu, axir!? Hokimman, amaldorman, deb nahotki, fuqarolarning huquqlarini oyoqosti qilishsa?! Qanday zamonda yashayapmiz, axir? Zo‘ravonlik davrlari o‘tib ketmadimi, haliyam?

Bog‘imizga, ayniqsa, bu yil hosil berishni boshlayotgan daraxtlarni asrab qolish uchun qarshilik ko‘rsatdik. Hokimning og‘zaki buyrug‘ini ro‘kach qilib, biror hujjat ko‘rsatmasdan yangi hosilga kirgan 3000ta olma daraxtini kesib tashlashdi. Fuqarolarning huquqlarini himoya qiladigan ichki ishlar xodimlari ham bu holatni tomosha qilib, huquqlarimiz buzilishiga jim qarab turishdi.

Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyevga murojaat qildik. Ikki nafar mutasaddi kelib, bog‘ning qolgani buzilmaydi, intensiv bog‘ qilamiz, orasiga paxta ekamiz, deb bizdan tushuntirish xati olib ketishdi. Ammo 2019 yil 5 mart kuni kechasi kelib, yana mevali daraxtlarni kesishibdi. Yarim tun bo‘lgani uchun bu holatdan ertalab xabar topdik. Bu holat uchun izoh so‘rab, yana tuman hokimi oldiga bordik. Hokim «Qolgan bog‘ingni ham buzaman, o‘rniga paxta ekaman, nima qila olasan?», deya ochiq aytdi. Hokimning xalqqa bo‘lgan muomalasini ko‘rib, juda xafa bo‘ldik. Tuman rahbari seni shuncha xo‘rlab o‘tirgandan keyin dardingni kimga aytishni ham bilmaysan », – deydi biz bilan suhbatda Shirin Mamatqulova.

O‘rganish davomida fermerlar bizga bog‘dagi mevali daraxtlarni kesish jarayoni tasvirlangan videokadrlarni ham taqdim etishdi. Albatta, endigina hosilga kirgan daraxtlarga achinadi, kishi.

Ammo tuman hokimi nega, nima sababdan bog‘ni buzish qaroriga keldi?

Shu savolga javob olish maqsadida Shahrisabz tumani hokimligida bo‘ldik. Tuman hokimi Isroil Amanov bilan ko‘rishdik va holat yuzasidan izoh so‘radik.

«Bog‘lar yaroqsiz holga kelib qolgan, yerdan samarasiz foydalanib kelishgan. Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida shunday yo‘l tutmoqdamiz», – deydi tuman rahbari.

Tuman hokimi bilan suhbatimiz jarayonida bog‘ning buzilishi yuzasidan biror hujjat, hokim qarori yoki ishchi guruh xulosasi kabi hujjatlar bor-yo‘qligini so‘radik. I.Amanov hokimlik mutasaddilariga hujjatlarni taqdim etish yuzasidan topshiriq berdi. Hokimlik mutasaddilari esa hujjatlarni yaqin vaqt ichida taqdim etishga va'da berishdi. Afsuski, oradan shuncha vaqt o‘tsa ham bizga bu ma'lumotlar taqdim etilmadi.

Avvalo, bog‘dagi endi hosilga kirgan daraxtlar ayovsizlarcha kesib tashlanishini oqlab bo‘lmaydi. Agar yerdan samarasiz foydalanilayotgan bo‘lsa, bog‘ni saqlab qolish yo‘li bilan zarur choralar ko‘rilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yuqorida ta'kidlanganidek, bu bog‘ qancha mashaqqatlar bilan bunyod etilgan. Iqtisodchi iqtisodiy tomonlarni kalkulyatorga solib, mevali daraxtlarni kesib tashlasa, boshqa soha xodimi kelib, o‘z nuqtai nazari bilan qancha zahmat bilan yaratilgan bog‘ni buzib tashlasa, buning uvoli bo‘lmaydimi? Maqsadlarni muvofiqlashtirib, bog‘ni ham asrab qolish mumkin-ku!?

Tahririyatimizga Shahrisabz tumanidan aynan shu masala yuzasidan yana bir necha fermerdan murojaatlar kelmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, tumanda bog‘i buzilayotgan fermerlar va mahalliy hokimlik o‘rtasida bu masalada nizoli vaziyat yuzaga kelgan.

Kun.uz Qashqadaryo viloyati va Shahrisabz tumani hokimliklari mutasaddilari bu borada zarur choralarni ko‘rishiga ishonch bildiradi va bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top