20:00 / 20.04.2019
33076

Afrosiyobga kelgan koreys elchilari - qadimiy devorlaridagi suratlar nimalardan hikoya qiladi

«Men O‘zbekistonga kelayotganimda 1400 yil oldingi bir kunni yodga oldim. U qadimiy koreys davlati elchilari Samarqandga kelgan kundir. Otga yoki tuyaga minib dam olmasdan mashaqqat chekib kelishlariga ikki oycha vaqt ketgandir? Baland tog‘ tizmalari, adirlar va cho‘llardan o‘tib, qor va yomg‘irda qolib, ba'zida jazirama va sovuq bilan kurashib uzoq vaqt sarflagan bo‘lsalar kerak. Bugun siz azizlar kabi 1400 yil oldin O‘zbekistonning qadimiy ahli ham uzoqdan kelgan mehmonlarni iliq kutib olgan. Mustahkam do‘stlik va ishonch Afrosiyobning g‘arbiy devoridagi suratda o‘z aksini topgan. Garchi, Koreya va O‘zbekiston bir-biridan uzoqda bo‘lsa ham qadimiy koreys davlati davridan boshlab elchilari kelib ketadigan do‘st davlatlar bo‘lgan».

Samarqandda mehmon bo‘lar ekan Janubiy Koreya Prezidenti Mun Je In mana shu so‘zlarni izhor etdi. Uzoq yillar Janubiy Koreya hududidagi qadimiy davlatlar va yurtimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalar haqdagi aniq ma'lumotlar kamyob edi. O‘tgan asrning o‘rtalarida topilgan qadimiy surat esa ta'bir joiz bo‘lsa, tarix ilmini ostin-ustun qilib yubordi. Aslida hammasi mana bunday boshlangan edi:

Samarqand shahrining tarixiy qismida 6-7 asrlarda gullab-yashnagan Afrosiyob shahri qoldiqlari yotibdi. Ushbu yirik arxeologik yodgorlik Samarqand shahri tarixidan darak beruvchi muhim yodgorliklardan biri. Qadim shaharning maydoni 219 gektarni tashkil qiladi. Arxeologlar bir-birini bosib turgan 11ta madaniy qatlam borligini aniqlagan. Shaharning zamonaviy relefida qudratli qal'aning xarobalari, ko‘hna mudofaa devorlari, qachonlardir shaharga suv keladigan kanalning vayronalarini oson ajrata olish mumkin.

Afrosiyob boshiga tushgan ayanchli voqealarning biri shuki, 1965 yil Samarqand shahridagi qurilishi rejalashtirilgan yangi ko‘cha aynan ana shu qadimiy shahar xarobalari ustidan o‘tishi belgilandi. O‘sha vaqtda Samarqandda, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ziyolilar qanchalik qarshilik qilishmasin, yo‘l qurilishi boshlanadi.

Yo‘l o‘tadigan hudud tekislanayotgan vaqtda esa butun insoniyat uchun nodir topilma, bir qator davlatlar, umuman dunyo tarixi haqida ma'lumot beruvchi devoriy suratlar topiladi. Eng yomoni, buldozer devoriy suratni qoq o‘rtasidan ikki bo‘lib o‘tgan edi. Bu bugungi kunda mavjud yer yuzidagi tarixiy devoriy suratlarning eng yiriklaridan biri edi.

Devoriy suratlarning qismi ham juda noyob va ulkan ahamiyatga ega bo‘lgani uchun darhol muzeyga jo‘natiladi. Undan nusxa ham ko‘chiriladi.

90-yillardan boshlab ana shu devoriy surat jahondagi ko‘plab arxeolog, tarixchilar bir qator mamlakatlardagi ilmiy institutlarni o‘ziga jalb eta boshladi. Negaki, ushbu devoriy suratlar ilk o‘rta asr davrining nodir san'at asari, qadimgi So‘g‘diyona hayoti va madaniyati to‘g‘risida so‘zlash bilan birga boshqa davlatlar madaniyatidan ham hikoya qiladi. Xususan, Afrosiyob shohi Varxumanning saroyida chizilgan deb hisoblanayotgan ushbu devoriy suratlarning «Elchilar xonasi» deb nomlangan qismi qadimgi davlatlar tarixiga yangilik kiritishi oydinlashdi. Yanayam aniqrog‘i, devoriy suratda bir qator qadimiy davlatlar, jumladan, Koguryo davlatidan tashrif buyurgan elchilar surati ham tasvirlangan edi. Bu esa 6-7 asrlardayoq ikki davlat o‘rtasida aloqalar mavjud bo‘lganini tasdiqlaydigan juda muhim fakt edi.

Shunday qilib, mazkur yodgorlikning vaqt ta'sirida yemirilib borayotgani sababli So‘g‘diyona fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi tashabbusi bilan Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamkorligida «Afrosiyob devoriy suratlarini asrab-avaylash uyushmasi»ga asos solindi. Loyiha YuNeSKOning Toshkentdagi vakolatxonasi ko‘magida ishga tushirildi. 2014 yilda Samarqand shahridagi Afrosiyob muzeyida noyob qadimiy yodgorlik hisoblangan «Elchilar xonasi» devoriy suratlarining restavratsiya ishlari boshlandi. Bu ish hukumatimiz hamda AQSh, Shveytsariya, Fransiya va Janubiy Koreya davlatlari ko‘magida davom ettirildi.

– «Elchilar xonasi» devoriy suratlarida o‘sha davrdagi bir qator davlatlardan Afrosiyob hukmdori saroyiga tashrif buyurgan elchilar tasviri mazkur suratlarning umuminsoniy ahamiyatini yanada oshiradi, - deydi Afrosiyob muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov. – Xususan, unda 6-7 asrlardagi Koguryo davlati vakillari tasvirlangani Janubiy Koreya tarixida ham yangilik deb baholandi va koreyalik olimlar bilan hamkorlikda keng miqyosdagi o‘rganish ishlari boshlab yuborildi.

2015 yilda Janubiy Koreyaning «Shimoliy-Sharqiy Osiyo tarixi» fondi ko‘magida mazkur davlat tarixchi olim va mutaxassislari hamkorligida devoriy suratlarning vaqt ta'sirida yemirilgan qismlarini ham qayta tiklashga kirishildi. Shuningdek, yana bir muhim ishga qo‘l urildiki, bu O‘rta Osiyo tarixida ilk marta va hatto dunyo tajribasida ham kamdan kam uchraydigan tajribadir. Xullas, Janubiy Koreya va O‘zbekiston olimlari hamkorligida to‘liq ilmiy asoslangan holda qadimiy Afrosiyob shahri o‘sha davrda qanday bo‘lgan bo‘lsa xuddi o‘sha holatda «qayta tiklandi». Aniqrog‘i, qadimiy shahar maketi va shahar ko‘rinishining 3D formatdagi videolavhasi tayyorlandi.

Buning uchun dastlab bugungi kunning eng zamonaviy texnologiyalari orqali shahar qoldiqlari skaner qilindi. Shaharning o‘rni yuqori sifatli, havodan va yon tomonlardan 3D fotoapparatlarida suratga olindi. Maxsus apparatlarda test analizlari olindi va hatto har bir surat mikroskop orqali o‘rganib chiqildi. Barcha devorlar qoldiqlari tadqiq etilib, taqqoslanib, kompyuter grafikasi asosida ilmiy asoslangan holda tiklab borildi. Devoriy suratlarni tiklashda ham, shahar ko‘rinishini tiklashda ham ultrabinafsha va infraqizil nurlar orqali o‘sha ranglarning aniq holatini tiklashga erishildi. Va nihoyat, qadimiy shahar to‘laligicha, o‘z vaqtida qanday bo‘lgan bo‘lsa shundayligicha videolavha shaklida ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ldi. Bu esa tarix fanida misli ko‘rilmagan yutuq edi. Biz endi Samarqandning 6 asrda qay ko‘rinishda bo‘lganini bilamiz.

Bugun Samarqandga tashrif buyurayotgan sayyohlarning aksariyati «Afrosiyob» muzeyiga tashrif buyurib, yuqoridagi tasvirlarni hamda devoriy suratlarni tomosha qiladi. Mazkur suratlar haqda yurtimiz olimlari ham bir necha marta Janubiy Koreyada bo‘lishdi. Dunyoning bir qator mamlakatlari, xususan, Janubiy Koreyada ko‘plab ko‘rsatuvlar tashkil etildi.

Ana shu tariqa, qadimiy bir surat – ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiga yo‘l ochib bergan edi.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Top