18:38 / 21.04.2019
41930

«Kechki bozor, tepki bozor». Nega bozor atrofida ko‘cha savdosi avj olgan?

Ishdan chiqib, uyga shoshayotganingizda, hech bozorga birrovga kirib o‘tganmisiz? Tez kirib-chiqaman, deb o‘ylaysiz, lekin bozor yo‘lagi tiqilinch, hamma shoshgan, odamlar bir-biriga urilib-surilib zo‘rg‘a kirib-chiqadi. Kimdir qo‘lida bir bog‘ piyoz ushlab olgan, kimdir bir baklajka sut, yana birov to‘rtta paypoq ko‘tarib yo‘l ustida turgan. 

Sharq bozori doim gavjum deymiz, lekin nima uchun odamlar bozor darvozalari tagida yo‘lni to‘sib savdo qilishi kerak? Nima uchun odamlar bemalol keng yo‘ldan yurib, xotirjam bozor qilib chiqa olmaydi? Sotuvchilar nega to‘s-to‘polon yo‘l ustida savdo qilishni afzal ko‘radi? Ular nega ozoda, tartibli terilgan rastalar ortida turib o‘z molini sotishni xohlamaydi? Buning sabablarini bilish uchun Yunusobod va Chorsu bozorlari yo‘laklarida turib olib savdo qilayotgan sotuvchilar va o‘z navbatida soliqchi hamda bozor ma'murlari bilan suhbatlashib, ularning fikrini o‘rgandik.

Yoshi o‘ttizdan oshgan, «Yunusobod dehqon bozori» atrofida non sotayotgan kishining aytishicha, kech soat to‘rtdan keyin ko‘pchilik odamlar ishdan qaytayotgan mahal bozorning ichkarisiga kirishdan ko‘ra, yo‘l ustida xarid qilishni qulay deb bilar ekan.

«Men kuni bilan bozor ichida non sotaman, faqat kechki payt bozorning kiraverishiga ko‘chib olaman. Bu payt xaridorlar eng ko‘paygan vaqt, albatta, savdo ham yaxshi bo‘ladi», — deydi u. 

Non sotuvchisining ta'kidlashicha, ichki ishlar xodimlari va bozor nazoratchilari ham kech kirgandan so‘ng uylariga ketadi. Shuning uchun bozor atrofi gavjumlashgani bilan hech kimning ishi yo‘q. 

Foto: Sputnik  Anton Kurilkin

Xuddi shu bozorda olma sotayotgan yoshi 25dan oshgan ayol:

«Agar bozorda joy bo‘lganida edi, men bu yerda savdo qilmagan bo‘lardim. Bozordagi rastalarning o‘z egalari bor, hamma joylar band. Yo‘lakda turib savdo qilish, albatta, hech kimga yoqmaydi, yog‘in-sochin, issiq-sovuq kunlar bizga ham qiyinchilik tug‘diradi. Soliq xodimlari kelib gapirishadi, taqiqlangan yerda savdo qilayotganligimizni bilamiz, lekin tirikchilik qilishimiz kerak, na iloj. Ertalab mashinalar turar joyida ulgurji savdo qilamiz, agar mahsulotimiz sotilmay qolib ketsa, keyin bu yerga olib kelamiz. Yuklarni hali u yoqqa, hali bu yoqqa ko‘tarib yurishga qiynalaman. Agar bozor ichidan joy ajratib, rasta qilib berishsa, tartibli savdo qilar edim», — deya javob berdi.

«Oziq-ovqat bozori yo‘lagida kiyim-kechak sotish mumkin emasligini bilaman», — deydi Yunusobod dehqon bozorida 53 yoshdagi kiyim-kechak sotuvchi ayol. 

Uning aytishicha, «Oilaga yordam qilish uchun, uyiga yaqin bo‘lganligi sababli shu yerda savdo qilishga majbur». 

«Bozor orqasidagi ikki xonali kvartirada yashayman. Bitta bolasi bilan turmushidan ajrab kelgan qizim men bilan yashaydi, olgan aliment pulini uy sotib olish uchun yig‘adi. Men esa ro‘zg‘orni but qilishga harakat qilaman. Oldin sotiladigan molimni tanish sotuvchilarga nasiyaga berib ketardim, ammo foyda qila olmadim. Bir yildan beri shu yerga kelib savdo qilaman, ertalab soat o‘n-o‘n birlardan to kechki sakkizlargacha turli ob-havo, chang-to‘zon sharoitlarda turib ishlayman, tushlikni ham shu yerda qilaman. Xaridorlar sotib olsin, deb qayer gavjum bo‘lsa, o‘sha yoqqa borib turaman. Magazinlarga xaridorlar ko‘p kirmaydi, narsalari chang bosib ketadi, men esa bu yerda ustiga kamroq narx qo‘yib bo‘lsa ham tezroq sotib ketsam deyman». 

Chorsu dehqon bozoridagi tuxum sotuvchi ayol faqat bir-ikki oy kechki paytlari kelib tuxum sotib ketishi, rastaga xaridorlar ko‘p bormasligi, odamlar yo‘l-yo‘lakay bozor qilib ketishga odatlanganliklarini sabab qildi.

Foto: Mahalladosh.uz

Chorsuda 35 yoshdan oshgan olma sotayotgan ayol:

«Bozorning ichkarisida rastada mahsulot sotishni xohlardim, ammo to‘lovlarini bajara olmayman. Qariyalar, yosh bolalilar, imkoniyati cheklanganlar zinalardan chiqib-tushishga qiynaladi, shunga yo‘l-yo‘lakay sotib olib ketaveradi. Metrodan chiqib shoshilib turganlar tepa bozorga chiqqisi kelmaydi, chunki ishdan charchab qaytayotgan bo‘ladi. O‘zimdan misol, kartoshka kerak bo‘lib qolsa, to‘g‘risi yuqoriga chiqib, u yoqdan og‘ir yuk bilan tushish qiyinchilik tug‘diradi. Iloji bo‘lsa, shu yo‘limdan chiqqanini olib ketaversam, bir-ikki so‘m qimmatiga bo‘lsa ham deyman. Tepa kiyim-kechak, past esa dehqon bozori bo‘lganida yaxshi bo‘lardi, sabzavot mevalarni og‘ir qilib ko‘targandan ko‘ra to‘rtta kiyim olib tushish yengil-da. 

Bozor ma'muriyatidan tinmay kelishadi, ular «ketinglar» deydi, haydaydi, baribir kelib turib olaveramiz, favqulodda holat paytlarida, yong‘in xavfsizligi yo‘li bo‘lganligi uchun ruxsat yo‘q o‘zi, lekin bekor o‘tirgandan ko‘ra shu yerda harakat qilib bola-chaqamni yeb-ichishi-yu o‘qishiga oz bo‘lsa ham yordam qilay deyman. Yuqorida rastalarning sharoitlari yaxshi, chiroyli bo‘lgani bilan u yoqda turish uchun mablag‘ ko‘proq bo‘lishi kerak, sifatli mol olib qimmatroq sotish kerak. Qolaversa, kunlik patta, soliq to‘lovlari bor, men esa arzon narsa sotib olib, ustiga oz narx qo‘yib sotaman, chunki qimmatga mahsulot olib keyin sota olmay qolishim mumkin». 

25 yoshdan oshgan qulupnay sotuvchi:

«Bozorning pastki qismida o‘tiradiganlarning ko‘pchiligi tepada savdo qila olishmaydi, chunki to‘lovlari qimmat va xaridorlar kamroq bo‘ladi. Men o‘zim qonuniy ruxsat etilgan joyda ishlayman va to‘lovlarni amalga oshiraman. Savdo yaxshi bo‘lmasa, ikki tomon bir-birini ayblaydi.To‘g‘ri, pastdagilar ham ro‘zg‘or tebratadi o‘sha yerda savdo qilishga o‘rganib qolgan, lekin ular pastda o‘tirishmasa, xaridorlar majbur tepa bozorga chiqadi».  

Salat sotayotganlardan biri:

«Odamlar shoshilib ketayotganda tepaga chiqib ketolmaydi, shu yerda o‘tirganimiz uchun odamlar rahmat aytib ketadi». 

Shuningdek, yong‘oq sotuvchining aytishicha, bir qop yong‘oq bilan rastada turishga to‘lov qilib turganining foydasini qila olmas ekan: «Kechgacha hayda-hayda bo‘ladi, to‘g‘ri noqonuniy savdo qilyapmiz, lekin rastada turish uchun bizda ko‘proq mablag‘ bo‘lishi kerak unga ko‘pchilikning sharoiti ko‘tarmaydi. Misol uchun katta tadbirkorlar ham avval oz miqdordagi mahsulotdan ish boshlagan, nasib qilsa biz ham tepa bozorda turamiz». 

Ko‘pchilik noqonuniy sotuvchilarning rastalarda turib, qonuniy savdo qilishlari uchun turli to‘lovlarning miqdori yuqoriligi sabab qilib keltirildi.

Bozor ma'murlari va soliq xodimlarining aytishicha, yo‘l ustida savdo qiladigan aksariyat sotuvchilar soliq, patta va yana boshqa shunga o‘xshash to‘lovlardan qochib, ko‘chada savdo qilishni afzal biladi.

«Chorsu dehqon bozori» AJ direktorining Xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Egamberdiyevning aytishicha, noqonuniy savdo qilishning oldini olish bo‘yicha ushbu bozorga biriktirilgan soliq, ichki ishlar xodimlari birgalikda noqonuniy savdo qilayotganlar bilan profilaktik suhbat va qonuniy faoliyat yuritishlari uchun tushuntirish ishlari olib boriladi.

«Ularga nisbatan chora ko‘rishga bizning vakolatimiz yo‘q, faqat profilaktika ishlarini olib boramiz. Biroq bu ishlar natija bermayapti, chunki ular soliqdan, davlatga pul to‘lashdan qochishyapti, buning tagida esa shaxsiy manfaat yotadi. Hech qanday hujjatlarsiz kelib mahsulot sotishadi, oldiga borsak aravalarini olib qochishadi, bozor 20 gektar maydonni egallasa, noqonuniy savdo bo‘yicha to‘rtta xodim 50ta aravaning ortidan quvlab yetolmaydi. Ba'zan to‘polon bo‘lib ketsa, hokimlar ham kelishadi», — deya ta'kidlaydi u.

Noqonuniy savdo qilayotganlar bozor atrofida ko‘p bo‘lganliklari sababli ham xaridorlar tepa bozorga chiqmaydi. Ular patta to‘lamaydi, patent ochmaydi, shuning uchun ham tabiiy ravishda narxlar arzon bo‘ladi.

Foto: Mahalladosh.uz

Toshkent shahar hokimiyati tomonidan belgilangan tariflar mavjud bo‘lib, shu asosida pul undiriladi, belgilangan miqdordagi pulni oshirib yoki tushirib ham bo‘lmaydi, deb ta'kidlab o‘tdi.

«Yunusobod dehqon bozori» ning raisi Bekzod Latipovning fikricha, yo‘l ustida savdo qiladigan kishilar soliq to‘lashdan tashqari, ko‘p hollarda odamlarni aldab, sifati buzilgan mahsulotlarni sotishadi.

«Bozor tashqarisida yo‘laklarda turib noqonuniy savdo qilayotganlar bozorda qolib ketgan mahsulotini olib chiqib «dehqonman», deb aldab sotishadi, ulardan mahsulot sotib olgan xaridorlar ertasi kun bozorga shikoyat qilib kelishadi. Tib-laboratoriya tekshiruvi ularning mahsulotini, ko‘pincha, yaroqsiz deb aniqlaydi», — deydi u.

Raisning bildirishicha, Yunusobod dehqon bozorida 1600ta savdo rastasi bo‘lsa, shundan 900tasi band, qolgan 700ta rasta esa bo‘sh turibdi. 

«Ularda bozorga raqobatdosh mol yo‘qligi uchun bozorda savdo qila olishmaydi.To‘lovlar bank kassalaridan onlayn tarzda ham qabul qilinadi. Rastalarning bo‘sh yoki bandligi ikkita monitor orqali ko‘rsatiladi, ishlashni istagan fuqaro bo‘sh rastaga joylashishi mumkin. Joylarda shaffoflik, hech qanday egalik huquqi yo‘q. Ba'zilar «bir kun, bir oy yoki boshqa ish topgunimcha savdo qilaman», deganlarga ham joy beramiz. 

Odamlarda shunday tushuncha borki, bozorda yangi kelganlarni olibsotarlar sindirib yuborishadi deb o‘ylaydi, lekin aksincha, unday emas, kim kelib arzon sifatli mahsulot sotsa, xaridorlarni bir soatda ham yig‘a oladi», — deydi u.

Davlat soliq qo‘mitasi profilaktika boshqarmasining boshlig‘i Nodir Erkayev:

«Agar noqonuniy tadbirkorlik faoliyati aniqlansa, bugungi kunda soliqchilarning birinchi vazifasi — noqonuniy tadbirkorlikni bartaraf qilish bo‘yicha profilaktik suhbat o‘tkazish. Prezidentning siyosati shunday bo‘lyaptiki, tadbirkorni borib bo‘g‘ib, endi ish boshlaganni bankrotlikka kiritib qo‘ymay, avval rasmiy ogohlantiriladi, agar haqiqiy tadbirkor bo‘ladigan bo‘lsa, ogohlantirilgandan so‘ng o‘z faoliyatini qonuniylashtiradi. Agar ikkinchi marta borib tekshirilganda ham noqonuniy faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ma'muriy huquqbuzarlik bayonnomasi rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga topshiriladi va moli vaqtinchalik olib qo‘yiladi», — deydi u.

Erkayev yning aytishicha, bozorning kirish darvozasi bilan bozorning orqa tarafidagi rastalar orasida patta pulida farq bo‘lishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritildi. 

«Ko‘pincha xaridorlar bozorning kirish darvozasidan boshlangan rastalardan zarur mahsulotini sotib olib ketaveradi, bozor oxirigacha borishga ehtiyoji qolmaydi. Masalan, bozorning boshidagi rastalar 1 metr kvadratiga 25 ming so‘m bo‘lsa, oxiriga esa 15 ming so‘m qilinsin, ya'ni odamlar ko‘p o‘tadigan kirish joyidagi narx, bozorning kam qatnaydigan orqa qismidagidan pastroq narxda bo‘lishi ertaga o‘z natijasini beradi, chunki agar sotuvchining ko‘p miqdordagi to‘lovni amalga oshira olmasa, bozorning orqa tarafidagi savdo rastalarida bemalol kamroq patta va soliq pulini to‘lab savdo qilishlari mumkin bo‘ladi», — deydi u. 

Maqola tayyorlash jarayonida rastada turib savdo qilmayotgan sotuvchilarda turli xil holatlar kuzatildi: kimdir umuman pul to‘lashni xohlamaydi, ba'zilar to‘lovni qimmatlik qilayotgani yoki rastada turib yaxshi savdo qila olmayotganini sabab qilib keltirdi, kimdir xaridorlarning istagiga bog‘liq omillarni vaj qildi. Bozorda qonuniy savdo qilishlari uchun soliqchilar tomonidan Vazirlar Mahkamasiga berilgan taklif ijobiy qabul qilinsa, noqonuniy savdoni oldini olishga ma'lum miqdorda yechim bo‘lish ehtimoli mavjud. 

Shunga qaramay, aholida savdo madaniyati, xaridorda tovarning kelib chiqishiga qiziqish paydo bo‘lishi lozim. Shuningdek, bozor ma'muriyati savdoqulay bo‘lishi uchun turli qiyinchiliklarni bartaraf etishi, kezi kelsa, to‘lovlarni undirishda shaffoflikni yo‘lga qo‘yishi kerak.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid
Top