16:08 / 26.04.2019
9009

O‘zbekiston aholisi mahalliy budjet sarfini nazorat qilishi mumkin

O‘zbekistonda ilk bora hududlardagi tuman(shahar)lar mahalliy budjetlarida (daromadlarni orttirib bajarishdan) shakllangan qo‘shimcha mablag‘larning kamida 10 foizi aholi tomonidan taklif etilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Endilikda har bir O‘zbekiston fuqarosi o‘zining yashab turgan tuman yoki shahrining mahalliy budjetida (daromadlarni orttirib bajarishdan) hosil bo‘lgan qo‘shimcha mablag‘larning kamida 10 foizini nimaga ishlatilishi to‘g‘risida har chorak, ya'ni uch oyda bir marotaba taklif berishi yoki taklif bergan boshqa fuqarolarning takliflaridan bittasiga ovoz berishi bilan hal qiladi.

Tadbirlar uchun taklif berish yo ularni ovozga qo‘yish O‘zbekiston Moliya vazirligining «Ochiq budjet» (openbudget.uz) axborot portali orqali onlayn tarzda avtomatik ravishda qabul qilinadi.

Axborot portalida ovozga qo‘yish natijasida eng ko‘p ovoz olgan tadbir g‘olib bo‘lib, tegishli hudud budjetidan shakllangan qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan tegishli miqdorlarda moliyalashtiriladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 avgustdagi «Budjet ma'lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi PQ-3917-son qarorida «2019 yildan boshlab budjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirishni nazarda tutadigan mexanizmi»  joriy etilishi belgilangandi.

Mavzuga oid
Top