17:14 / 02.05.2019
21941

Oltiariqliklar hokimlikdan norozi: Tumandagi ko‘p yillik bog‘ buzilmoqda. Qabriston o‘rnida yangi bog‘ tashkil etishmoqchi

Bizlar arra tortmoqdamiz, arramizning tishi yo‘q,
Arrang tishi bormi deb so‘ragani kishi yo‘q.

Erkin Vohidov

So‘nggi yillarda butun respublika bo‘ylab ko‘p yillik ulkan daraxtlarni kesish holatlari avj oldi. Bu «kampaniya» vodiy hududlarida ham keng miqyosda olib borilmoqda. Yillar davomida odamlarga salqinlik ulashib kelgan daraxtlar o‘rnida biydek ko‘chalar paydo bo‘lmoqda. Oltiariq tumanining bir guruh fuqarolari ushbu holat yuzasidan Kun.uz tahririyatiga murojaat qilishdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Erkin Vohidovning hamshaharlari nimadan norozi?

«Tuman markazidagi bu bog‘ barpo etilganiga 70-80 yil bo‘ldi. Bu tumanimizdagi yagona bog‘. Dam oladigan, hordiq chiqaradigan boshqa joy yo‘q. Bayram tadbirlari ham shu yerda o‘tkaziladi. Lekin 2 yildirki bu bog‘ taqdiri xavf ostida qoldi. Bozorimizdagi tadbirkorlarning joylari buzilishi munosabati bilan ularga aynan shu yerlardan joy berilar ekan. Avvaliga bu joylarni 28ta do‘kon uchun o‘lchab bo‘lib berishdi. Bu birinchi urinish edi. Bu ishlarni aytib Qurilish vaziri To‘xtayevga yozdim. Shundan so‘ng, tuman hokimi bizga «O‘zshaharsozlikLITI»dan ruxsat kutayotgani haqida ma'lumot berdi. Bu tashkilot esa hokimga ruxsat bermadi. Ikkinchi urinishda esa stadionimiz va bu yerdagi choyxonalarni standartlarga javob bermaydi, degan vaj bilan buzmoqchi bo‘lishdi. Ammo ochiq va yopiq sport majmualarini buzish faqatgina Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bu urinish ham o‘xshamadi. Ammo bog‘imiz doim xavf ostida qolavermoqda.

Shuningdek, bog‘ hududida noqonuniy tarzda sud binosi qurilmoqda. Yig‘ilishda hokimning o‘zi bu sud raisi iltimosi bilan qurilganini tan oldi. Davlatning ko‘rsatgan joyi qolib shu yerga qurishibdi. Kuni kecha bu yerda Farg‘ona viloyat hokimi sayyor qabul qildi. Hokimga bu masala bo‘yicha murojaat qildik. Hokim bu bino qurilishi noto‘g‘ri bo‘lganini va bundan bexabarligini aytdi. Bundan tashqari, bu bog‘ daraxtlari kesilishini ham qo‘shimcha qildi. Agar daraxtlar kesilsa biz qayerga boramiz. Mana odamlar dam olyapti. Yagona bog‘imiz kesib tashlansa yoshi ulug‘larimiz dam olgani qayoqqa borishadi? Oltiariq xalqining dam olishga haqqi yo‘qmi?

Prezidentimiz xalq fikri bilan o‘rtoqlashinglar deyapti-ku? Bu noqonuniy qurilgan joyni Erkin Vohidov muzeyiga aylantirish taklifi bilan chiqmoqchimiz», deydi kuyunib Muxtorjon Ismoilov.

«Bu bog‘dagi daraxtlar tarixi uzoq vaqtlarga borib taqaladi. Bu joylar avval o‘rmon bo‘lgan. Keyin bu joy Stalin nomidagi bog‘ga aylantirilgan. Hamma bayramlar shu yerda o‘tkazilgan. Lekin, oxirgi vaqtlardagi rahbarlar sababli bog‘imiz borgan sari qisqarib boryapti. Shu ozgina joy qoldi, xolos. Boshqa salqin joyimiz yo‘q tumanda. Axir, odamlarga bunday ko‘kalamzor joylar kerak-ku?», deydi sobiq hokim Akrom Ergashev.

«Eskilarda «Yaxshidan bog‘ qoladi, yomondan dog‘» degan maqol bor. Men shu bog‘dan sal naridagi uyda tug‘ilganman. Erkin aka Vohidov bilan bir ko‘chada. Bu adibimizga bog‘ Marg‘ilonda tashkil etildi. Biz shuni tushunolmayapmiz. Mayli, qayerda bo‘lsa ham borarmiz deymiz. Bu bog‘imiz bir tarafi 50 metr, bir tarafi 150 metr joyda. Shuning ham bir chekkasini sudga joy qilishibdi. Sud binosi aslida boshqa joyda bo‘lishi kerak. Bizga qolsa shu bog‘ga Erkin Vohidovni nomi berilsa, noqonuniy qurilgan sud binosi kutubxonami yoki adib nomiga muzey qilsak bo‘ladi-ku? Ruxsat berilsa, Oltiariq xalqi, yoshlarimizning o‘zi bu ishni qilib olishadi. Farg‘ona kanalini 45 kunda qazigan xalq uchun bu ishni qilish hech narsa emas», deydi Ma'rufxo‘ja Buzrukxo‘jayev.  

«Qo‘limda Vazirlar Mahkamasining farmoyishi turibdi. Unga ko‘ra, har bir tuman markazida 10 gektardan bog‘ tashkil qilish lozim. Bizda tayyor bog‘ bor. Hujjatda yo‘lakchalar, o‘rindiqlar tashkil etilishi belgilangan. Kecha Farg‘ona televideniyesidan kelishdi va bu daraxtlar sog‘liqqa zararligi haqida ko‘rsatuv qilib ketishdi. Bu aholiga ziyon emish, qurib qolgan emish. Daraxtlar kesilar emish. Men endi bir fuqaro sifatida Konstitutsiyamizning 35-moddasiga ko‘ra ariza, taklif va shikoyat berish huquqim borligi sabab, taklif bildirmoqchiman. Buzilgandan so‘ng, bu joyda nima qilinadi? Do‘kon qurmoqchi bo‘lishsa, bizga do‘kon kerak emas. Bizda yuzlab bunday savdo do‘konlari bor. Istirohat bog‘imiz esa yagona. Shu bog‘ qolishini so‘raymiz», deydi Shuhratillo Alixonov.

Hafsalasi pir bo‘lgan bolalar bog‘chasi egasi

Bog‘ haqida yoshi ulug‘larning fikrlarini eshitdik. Ular ko‘p yillardan beri Oltiariqning muhim qismi bo‘lib kelgan bog‘ni saqlab qolish uchun haqli e'tirozlar bildirishmoqda. Agar bu joy ham buzilsa, ularga boshqa dam oladigan, salqin joy qolmaydi. Bu bog‘ buzilishi nafaqat oddiy aholiga, balki tadbirkorlikka ham zarar keltirishi mumkin ekan. Shu masalada, ushbu bog‘ bir chetidagi bolalar maydonchasi egasi Muazzamxon O‘tanova o‘z shikoyatlarini bildirib o‘tdi.

«2010 yili xususiy do‘konimiz bor edi. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan buzilishi aytilgan edi. Yer talab qilganimizda bizga bu joylar attraksion qilish uchun berildi. Yer ajratilganidan beri mana 8 yil bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida bu yerni shunday ko‘rinishga keltirdik. O‘zimiz yemadik, ichmadik. Shu yerni chiroyli qilish uchun harakat qildik. Endi esa yonimizga sud binosi qurilgan, bizning attraksionlar buzilib bu joy olib qo‘yilar ekan. Bu bog‘ qanday yo‘q qilinadi, hayronmiz. Bu sud binosi bizning attraksionni ham to‘sib qoladi. Biz Oltiariq xalqi uchun, bolalar uchun shuncha mehnat qilgandik. Agar shunaqa bo‘laversa, davlatga ishonchimiz qoladimi?», deydi tadbirkor ayol.

Adib uyiga ziyorat

Oltiariqlik shikoyatchilar bilan suhbatlashganimizdan so‘ng, marhum adib Erkin Vohidov xonadoniga ham kirib o‘tdik. Adibning amakivachchasi Rustamjon Vohidov bilan uchrashdik.  

«Bu bog‘ni kesish juda noto‘g‘ri ish bo‘ladi. Ota-bobomiz bog‘ni bu holatga olib kelish uchun qancha ter to‘kkan. Juda katta chinorlarimiz bor edi, ko‘pchiligi kesilib ketdi. Bu judayam yomon. Marg‘ilonda akam nomi qo‘yilgan xiyoboni tashkil etildi. Lekin o‘zining yurti bo‘lgan Oltiariqda qilinsa ham bo‘lardi-ku? Marg‘ilonga borsam, yoshi kattalar meni chaqirib bu bog‘ aslida marhum Ma'murjon Uzoqov nomidagi bog‘ edi. Erkin akadan kam joyi yo‘q deyishdi. To‘g‘ri gapirishdi», deydi adibning qarindoshi.

Qabriston ustiga qurilayotgan bog‘

Aslida bir bog‘ chinorlari kesilishi bo‘yicha kelgan joyimizda yana bir shikoyat mavzusiga duch keldik. Bu yangi qurilayotgan bog‘ joyi haqida ekan. Ma'lum bo‘lishicha, bog‘ oldin bu joyda bo‘lgan qabriston o‘rniga qurilayotgan ekan. Shikoyatchilardan birining so‘zlarini keltirib o‘tamiz: «Yaqin tarixda ham bu qabriston foydalanishda bo‘lgan. Mening ota-onam, bobolarim va ikki farzandim ham hozir shu yerda yotibdi. Bu yangi qabriston edi. Men o‘zi tadbirkor edim. Murojaat qilsam, shu joyga do‘kon qurishimni taklif qilishdi. Qanday qilib? Ikki farzandim, bobo va enalarim yotgan bo‘lsa? Qaysi joyda kim yotibdi aniq aytib berishim mumkin. Yana bir jihat, viloyat hokimi shu yuz yillarga borib taqaladigan bog‘ni kesarmish. Viloyat hokimi qanday buni aytyapti, hayronman. Axir, u prezidentimizning ishonarli odami-ku?», deydi Tohirjon Tojiboyev.

E'tirozlarning barchasini xolis tomon sifatida oxirigacha tingladik. Endi bu shikoyatlar o‘rinlimi yoki yo‘q? Buni bilish uchun tuman hokimiyati tomon yo‘lga otlandik. Bu joyda mas'ul hokim o‘rinbosarini topish qiyin bo‘lmadi. Shikoyatchilar vakillari va hokimiyat tomon bilan muloqot boshlandi.

Hokimiyatdagi bahs

«Daraxtlar kesilishi osongina aytiladigan jarayon emas. Har bir daraxtning kesilishi uchun alohida ekologiyadan ruxsat olinadi, narx belgilanadi. Keyin qaror qabul qilinadi», deydi hokim o‘rinbosari Nazirjon Nazarov.

Amaldorning bu so‘zlariga javoban shikoyatchi Ismoilov Muxtorjon e'tiroz bildirdi: «Viloyat hokimi yaqinda sayyor qabul qildi. O‘sha majlisda ham shuni ko‘tarib chiqdik. Viloyat hokimi meni yoniga chaqirib bu bog‘ kesilishi, daraxtlar eskirib qolgani haqida gapirdi. Daraxtlar yaxshi holatda turganini, o‘zi mushtdekkina bog‘imiz borligini aytdim. Bu bog‘imiz ham buzilsa, odamlar qayoqqa boradi? Bog‘ni kesish bu sizning fikringiz, lekin xalq bunga qarshi, dedim».

«Hamma narsa o‘zgaryapti. Kelajakda tuman markazlari kengayishi bor. O‘zidan-o‘zi hech kim kesib, buzib tashlamaydi. Qaysidir farmon yoki qarorga asoslanib bo‘ladi hammasi. Hozircha bu joylarni buzish rejada yo‘q. Yangi bog‘ ham tashkil qilinyapti. Hozircha buzish uchun hech qanday asos yo‘q bizda», deydi mansabdor shaxs.

Shundan so‘ng, shikoyatchilar hokim o‘rinbosariga o‘z e'tirozlarini bildirishdi. Hokimiyat va mahalliy aholi o‘rtasidagi bu tortishuvlar hozir ham davom etmoqda. Oltiariqning bahavo hududi bo‘lgan ushbu bog‘ daraxtlari masalasi hamon ochiqligicha qolmoqda.

Bahodir Ahmedov – muxbir
Muhammadjon G‘aniyev - tasvirchi

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top