12:57 / 04.05.2019
4156

Agrobank “Mehr ulashing” nomli xayriya aksiyasi o‘tkazdi

Joriy yilning 3 may kuni “Agrobank” ATB Bosh ofisi xodimlari Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida “Mehr ulashing” nomli donorlik xayriya aksiyasini o‘tkazdi.

Ushbu aksiya Muqaddas Ramazon oyi arafasida bank xodimlarini ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemor bolalarning hayotini saqlab qolishda ko‘maklashish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Qon xastaliklari, jumladan, og‘ir darajadagi kamqonlik, qon saratoni (leykoz), qon ivish tizimi ishining buzilishi (gemofiliya) kabi kasalliklar bilan og‘rigan bolalar, albatta, donorlar ko‘magiga muhtoj. Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida ham shu turdagi kasalliklar bilan og‘rigan bolalar qalbida ezguliklar bilan yashaydigan insonlar – donorlar muruvvatidan bahramand bo‘lmoqda.

Aksiya doirasida Agrobankning 70 dan ortiq xodimlari bemor bolalar holidan xabar oldilar. Ishtirokchilar Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, donorlar tomonidan qon topshirish va u yerda qonning saqlanishi, sog‘likni saqlash muassasalarida ishlatilishi va shu kabi muhim jarayonlar haqida yaqindan tanishishdi.

Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, donorlar qoni bilan bemorlar hayotini saqlab qolish va aholining qonga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, favqulodda holatlarda, murakkab jarrohlik amaliyotlarida, patologik tug‘ruq jarayonlarida va jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladi.

“Mehr ulashing” aksiyasi tadbirida bank tomonidan bemor bolalarga 200 dan ortiq turli janrdagi kitoblar va o‘yinchoqlar ham ulashildi.

Top