16:14 / 06.05.2019
17119

Allamjonov: «So‘z erkinligi bo‘lmagan yurtda rivojlanish va taraqqiyot ham bo‘lmaydi» 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston «Chegara bilmas muxbirlar» nohukumat tashkilotining so‘z erkinligi reytingida 53,52 ko‘rsatkich bilan 160-o‘rinni egalladi. Ikki yil oldin 169-o‘rinda edik, o‘tgan yili esa 165-o‘rinda.

Hisobotda o‘zbek jurnalistlari so‘nggi ikki yilda majburiy mehnat va korrupsiya kabi dolzarb mavzularda yoza boshlagani, biroq media sohasida hali ichki senzura kuchli ekani ta'kidlangan

«Bu - mamlakatda so‘z erkinligini ta'minlash, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qilinadigan ishlar hali ko‘p degani. Ommaviy axborot vositalarini himoya qilsak, dalda bersakkina o‘tkir mavzular qalamga olinadi», - deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

Tojikiston reytingda o‘tgan yili 149-o‘rinda edi, bu yil esa 161-o‘rinda. Rossiya ham o‘tgan yilgiga nisbatan bitta pog‘ona yo‘qotgan — 149-pog‘ona. Qirg‘iziston esa reytingini 15 pog‘onaga yaxshilagan — 83-o‘rin.

«Mazkur hisobot o‘zimizga tutilgan oyna — so‘z erkinligi bo‘lmagan yurtda rivojlanish va taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Bugungi siyosat, bugungi islohotlar esa ana shu so‘z va matbuot erkinligiga chambarchas bog‘liq», - deydi Allamjonov.

Ma'lumot uchun, matbuot erkinligi reytingi «mahalliy jurnalistlarning erkinlik darajasi»ga ko‘ra saralangan 180ta davlat ro‘yxatidan iborat.

U turli davlatlardagi jurnalistlar, yuristlar va sotsiologlarning maxsus anketasiga berilgan javoblariga ko‘ra tuziladi. Anketa savollari jurnalistlar ishi bilan bog‘liq keng doirali mavzularni qamrab oladi — qonunchilik, o‘zini o‘zi senzura qilish, medianing erkinligi, fikrlar plyuralizmi, turli institutlar va idoralarning jurnalistlar bilan ishlashga tayyorligi va hokazo.

Bundan tashqari, baholashda o‘ldirilgan, qamoqqa tashlangan jurnalistlar soni, shuningdek jinoiy ta'qib qilinayotgan blogerlar va jurnalistlar assistentlari kabi ayrim qo‘shimcha mezonlar ham hisobga olinadi.

«Ayrim nashrlar og‘riqli mavzularda yoza boshladi. Ammo mamlakatda uzoq vaqt hukmronlik qilgan senzura va o‘z-o‘zini senzura qilishdan xalos bo‘lish uchun hali ko‘p ish qilish kerak», - deyiladi hisobotda O‘zbekiston haqida.

Mavzuga oid
Top