14:35 / 08.05.2019
28321

Xarakteri yo‘qolgan jamoa. «Barselona» nega kambeklar qurboni bo‘lmoqda?

Foto: Reuters

Chempionlar Ligasi finaliga «Liverpul» yo‘l oldi. O‘tgan yilgi finaldan so‘ng kimdir Klopp jamoasi keyingi mavsumda ham YeChL finaliga yetib boradi desa, bunga ishonish qiyin emasdi. Lekin yarim finalning ilk o‘yinida Barselonada 0:3 hisobida yutqazgan, javob uchrashuvi oldidan asosiy yetakchilarisiz qolgan mersisaydliklarni finalga chiqadi deb o‘ylash ertakka o‘xshab qoldi.

Messining bir qarashda «Liverpul»ni sindirgan jarima zarbasi, Suaresning super formada ekani, «Barselona»ning Ispaniyada chempionlikni naqd qilib, bor e'tiborni Chempionlar Ligasiga qaratgani, Angliyadagi o‘yinda Muhammad Saloh, Roberto Firmino va Nabil Keytaning maydonga tushmagani — bularning hammasi javob bahsida kataloniyaliklarning imkoniyatlari yuqoriligini ko‘rsatardi.

Ammo «Liverpul» yetakchi futbolchilarisiz ayni damda dunyoning eng zo‘r jamoasidek ko‘rinayotgan «Barselona»ni 4:0 hisobida yengib, fantastik kambekni amalga oshira oldi. Klopp jamoasining buyuk g‘alabasi haqida ko‘p gapirildi, bu chindan ham butun futbol tarixidagi eng esda qolarli kambeklardan biri bo‘ldi. Ammo shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega «Barselona» qatorasiga ikkinchi mavsumda kambeklar qurboni bo‘lmoqda? Tarkibida dunyoning eng zo‘r futbolchisi o‘ynayotgan jamoaga nima yetishmayapti? Quyida shu haqda mulohaza yuritamiz.

Rim oqshomlari...

Rim «Barselona» uchun omadli shahar edi. 2009 yil Gvardiola shogirdlari aynan Rimda «MYu»ni yengib, Chempionlar Ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritishgandi. Messi Ronalduni mag‘lub etgandi o‘sha finalda. Ammo o‘tgan mavsumda Rim Messi va jamoadoshlari uchun omadsiz shaharga aylandi. «Roma» YeChL chorak finalining birinchi o‘yinida «Barselona»ga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berganiga qaramay, o‘z maydonida 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, kataloniyaliklarni musobaqadan chiqarib yuborgandi. O‘sha mag‘lubiyatli o‘yin bilan kechagi «Liverpul»ga qarshi o‘yin bir-biriga juda o‘xshaydi.

Birinchidan, har ikki o‘yinda «Barselona»ning imkoniyatlari ancha yuqori deb baholangandi. Ikkinchidan, «Barselona» ikki qarama-qarshilikda ham birinchi o‘yinda uchta gol farqi bilan g‘alaba qozongandi. Uchinchidan, «Barselona»ni mag‘lub etgan ikki jamoa darvozasida ham Alison Beker o‘ynadi.

«Roma» va «Liverpul» bilan o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar bir-biriga ssenariy borasida ham o‘xshaydi. Rimda ham, Liverpulda ham «Barselona» birinchi golni o‘yin avvalida, hal qiluvchi gollarni o‘yin yakunida o‘tkazib yubordi. Ikkita o‘yinda ham gol urishi kerak bo‘lgan «Barselona» bosim qila olmadi. La Ligada har mavsumda o‘nlab o‘yinlarda qiyin vaziyatlardan chiqib ketgan «Barselona» eng kerak pallada, Chempionlar Ligasining hal qiluvchi bosqichlarida gol urishi kerak bo‘lgan vaqtda hech narsa qila olmayapti.

Kuchsiz xarakter

Foto: Gettyimages.ru/Shaun Botterill

«Barselona» Gvardiola davrida Yevropaning eng zo‘r jamoasiga aylandi. O‘z tarkibida super ijrochilarni jamlagan «Barselona» har qanday jamoa uchun qo‘rqinchli raqibga aylandi. Pepning «Orzular jamoasi» mega darajadagi yulduzlari va boshni aylantiradigan darajadagi chiroyli o‘yinidan tashqari kuchli xarakterga egaligi bilan ham ajralib turardi. Ammo Valverdening «Barselona»sida ana shunday xarakter ko‘rinmayapti.

«Manchester Siti»ning «Byornli» va «Lester»ga qarshi oxirgi ikki o‘yinini ko‘rsangiz, unda Gvardiola jamoasi super xarakter ko‘rsatganiga guvoh bo‘lasiz. «Manchester Siti» aynan kuchli xarakter hisobiga Angliyada «monopoliya o‘rnatib oldi». Pepning jamoasi juda ko‘p qiyin o‘yinlarni yutdi.

Ernesto Valverde yaxshi murabbiy, uning jamoasi tartibli o‘yin ko‘rsatadi, xohlasa kuch tejab g‘alaba qozona oladi, lekin uning «Barselona»si kerak vaqtda «yona olmaydi». To‘g‘risi, murabbiyning xarakteri jamoasiga ham o‘tib qoladi. Masalan, Klopp har qanday xotirjam futbolchini ham maydonda «yonadigan» jangchiga aylantira oladi.

YeChLni ketma-ket 3 marta qo‘lga kiritgan «Real» haqida ham shunday deyish mumkin. Zidanning «Real»ida La Ligada hech nima qila olmaydigan Garet Beyl Chempionlar Ligasi finalida akrobatik gol urib, qahramonga aylanishi mumkin. Marko Asensio ham qolgan o‘yinlarda o‘zini ko‘rsata olmasligi mumkin, lekin YeChL finallarida u super hujumchiga aylanib ketadi.

Valverdening «Barselona»sida mana shunday xarakter yetishmadi. Klub rahbariyati buni to‘g‘ri anglab, Arturo Vidal va Kevin-Prins Boateng kabi qoni qaynoq futbolchilarni sotib oldi. Faqat Vidalning transferi o‘zini oqladi, ammo murabbiy undan to‘g‘ri foydalana olmayapti.

«Barselona»ga Karles Puyol kabi futbolchi ham yetishmayapti. Xuddi bugungi «MYu»ga Pol Skoulz kabi futbolchi yetishmayotgani kabi. To‘g‘ri, futbolda taktika, individual mahoratning o‘rni beqiyos, ammo Chempionlar Ligasi yarim finali kabi o‘yinlarda jangchilar maydonga chiqishi kerak. Jorjino Veynaldum kabi odatda qora ishlarni qilib yuradigan tayanch zonasidagi jangchilar, Divok Origi kabi butun mavsum asosan zaxirada o‘tirib katta o‘yinlarda porlaydigan jangchilar.

«Barselona»ga oxirgi ikki mavsumda mana shunday jangchilar yetishmadi. Uzoq davom etadigan La Ligani jamoa super ijrochilari bilan osongina yutib ketishi mumkin, lekin Chempionlar Ligasi pley-offidagi ikki o‘yindan iborat «janglar»da boshqacharoq o‘ynash kerak. Albatta, Messi kabi Chempionlar Ligasini 4 marta yutib qo‘ygan futbolchilarga bu musobaqani qanday yutishni o‘rgatish shart emas, ammo «Barselona» boshqacha o‘ynashni boshlamasa, Yevropani hali beri zabt eta olmaydi. Chempionlar Ligasini yutish «Barselona» uchun qanchalik muhimligini anglash uchun musobaqaning oxirgi uchta mavsumida kim g‘olib bo‘lganiga boqish kifoya. Ha, «Barselona» azaliy raqibi «Real»ning oldida tili qisiq bo‘lmasligi uchun ham bu mavsum Chempionlar Ligasini yutishi kerak edi.

Klub rahbariyati o‘tgan mavsumda Valverdeni kechirdi, lekin «Liverpul» bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng rahbariyat Valverde masalasini ko‘rib chiqsa kerak. «Barselona»ni «orzular jamoasi»ga aylantirgan yigitlar ham ikki yildan buyon takrorlanayotgan omadsizlikni og‘ir qabul qilgani aniq. Kim bilsin, balki Xavi «Barselona» murabbiyiga aylanar, balki Inesta, balki Puyol klubga yordam berishga shoshilar? Balki Germaniya va Angliyaga «komandirovka»ga borishga ulgurgan Gvardiola sevimli jamoasiga qaytar. Xullas, «Barselona» nimadir qilishi kerak. Aks holda hal qiluvchi katta o‘yinlarda jamoani Valverde aytganidek bosib, o‘tib ketaverishadi...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top