09:25 / 13.05.2019
29082

Toshkentdagi kambek va janubliklarning qaytishi. Superliganing 8-turidan xulosalar

Superligamizning navbatdagi tur o‘yinlari ham yomon o‘tmadi. Har holda, yettita o‘yinning ichida kutilmagani bor, kambeki bor, shiddatlisi bor va... kutilganlarini ham ko‘rdik. Reyting tabiiyki muhimlik darajasi bilan tuzilgan.

SURXON – BUXORO – 1:0:

Janubning uyg‘onishi

Ko‘pchilik shu natijani kutgan bo‘lsa-da, aslida termizlik futbolchilarning oxirgi natijalaridan kelib chiqsak, bu g‘alabaning vazni o‘ta og‘ir. Jamoa 7 apreldan buyon o‘z muxlislariga uch ochkolik natija taqdim etmay kelayotganini eslatish bilan kifoyalanamiz. O‘sha Jizzaxdagi fantastik o‘yin tasodif bo‘lgan-ov, degan fikr uyg‘onishi boshlangandiki, «Buxoro» mag‘lub etildi.

Superligamizning kayfiyati baribir zo‘r – birgina g‘alabadan so‘ng «Surxon» uchinchi o‘rinda borayotgan «Bunyodkor»dan bor yo‘g‘i bir ochko kam jamg‘argan holda, oltinchi o‘rinda bormoqda. Janubliklar amaldagi chempioni bilan bo‘ladigan o‘yindan oldin «Qizilqum» bilan mehmonda, «Qo‘qon» bilan o‘z uyida o‘ynaydi, bu esa ochkolar g‘aznasini to‘ldirib qo‘yishga yaxshi imkoniyatlar...

«Buxoro»ning bugungi o‘yiniga, ochig‘i, nima deyishni bilmayapmiz. To‘plar nisbati degan tushunchani olib tashlasak, ayni damda Ashurmatov shogirdlari oxirgi o‘rinda borishmoqda, keyingi hafta balki «Dinamo» bilan vaziyatni o‘nglab olar, a, nima deysiz?!

SO‘G‘DIYoNA – ANDIJON – 2:1:

Kutilgan hodisa

Mazkur o‘yindagi natijani shaxsan men kutgan edim. Ulug‘bek Baqoyev klubga kelgach, jizzaxliklar ruhan o‘zgarishdi va o‘zlariga bo‘lgan ishochni tiklab olishdi. Baqoyev juda muhim pallada keldi o‘zi: Ilk o‘yini «Metallurg» bilan va yutsa bo‘ladigan klub. Buyog‘iga muxlislar «Paxtakor» va «Navbahor»dan uchralgan mag‘lubiyatlarni to‘g‘ri tushunib turishlari ham mumkin edi.

Ammo klubning «Andijon» bilan bo‘ladigan o‘yinda ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q edi. Shunday bo‘lib chiqdi ham, endi Baqoyev shogirdlari iyunning oxirida «Loko» bilan bo‘ladigan uchrashuvga qadar o‘zi bilan teng klublar bilan bahs olib boradi va tabiiyki, muxlislar bu o‘yinlardan imkon qadar ko‘proq ochkolar kutishmoqda: jamoa bu vaqt mobaynida Olmaliqda mehmon bo‘ladi, «Buxoro»ni qabul qiladi, Navoiyga boradi, qo‘qonliklarni kutib oladi. Necha ochkoga umid qilsa bo‘ladi, hurmatli jizzaxliklar?!

«Andijon»ning keyingi raqiblariga bir qarang-da endi: «Paxtakor»ni kutib olish va «Navbahor» stadionida «qaynash»... Sabr tilaymiz!

NASAF – QIZILQUM – 1:1:

Qarshiga yaxshigina qarshilik

Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari osonlik bilan uch ochko egasi bo‘lishadi, deb o‘ylagandim. Biroq notekis o‘yin ko‘rsatayotgan navoiylik futbolchilar «Nasaf»ga yetarli qarshilik ko‘rsatishdi, qoyil. Natijada – ikki jamoaga ham ma'qul kelmaydigan durang! Ikkisi ham turnir jadvalida u qadar yuqorilay olishmadi, ammo tushib ham ketishmadi, shukr qilishsin.

Keyingi turda qarshilik yigitlarni Qo‘qon safari kutib turibdi, so‘ng «Lokomotiv» bilan uydagi bahs. «Qizilqum»da esa, taqvim endi osonlashadi: «Surxon»ni qabul qiladi, Samarqandga boradi, «So‘g‘diyona»ni kutib oladi va keyingina «Paxtakor» bilan o‘ynaydi. Navoiyliklarga ham o‘sha savol: Aktamov shogirdlaridan kamida necha ochko kutyapsizlar?!

BUNYoDKOR – QO‘QON 1912 – 2:1

Taqvimning farqi yo‘q jamoa

Ha, «Bunyodkor» yigitlari (bolalari) kayfiyati shunday. Akademiyadan chiqqan iqtidorlarning navbatdagi qurboni – «Qo‘qon 1912» jamoasi bo‘ldi. Vodiyliklar «Bunyodkor» bilan tengma-teng o‘ynashdi va shuning o‘ziyoq ularga yaxshi natija...

«Qaldirg‘ochlar» ikki penaltidan kiritilgan gol evaziga yengishdi-ku, dersiz, ha, ko‘p fint ishlatadigan, ko‘p hujum qiladigan va ko‘proq raqib jarima maydonchasi ichida o‘ynaydigan jamoalar odatda boshqalarga qaraganda ko‘proq penalti ishlashadi-da. Majbur bo‘lib yiqitishadi. «Bunyodkor»ni to‘xtatib qolish shunday xun hisobiga amalga oshmoqda.

Abramov shogirdlaridan borib, keyingi turda kim bilan o‘ynaysizlar, deb so‘ralsa, bilishmasa ham kerak. Haqiqatan ham, ularga nima qizig‘i bor?! Ularni qabul qiladigan «temiryo‘lchilar» bilan bekobodliklar o‘ylashsin ko‘proq – bu bolalarni qo‘pollik ishlatmasdan boshqacharoq yo‘l bilan qanday to‘xtatib qolishni. Ishoning, shu o‘yin bilan keyingi ikki turdan so‘ng ham Abramov jamoasi uchinchi o‘rindagi joyini hech kimga bo‘shatmagan holda kulib tursa, men ajablanmayman.

Darvoqe, 11-turda rohatlanarkanmiz: «Bunyodkor» «Nasaf» bilan to‘qnash keladi. O‘h, ikki ajoyib uslubga ega yosh yigitlar o‘rtasidagi bahs mavsumning eng ajoyib o‘yiniga aylanib ketsa kerak.

DINAMO – OTMK – 1:0:

Samarqand qal'asi mustahkam

Ha, tarkibi pro-liga bo‘lib yotgan «Dinamo» o‘z muxlislarini xursand qilishda davom etmoqda. Davron Fayziyev qo‘l ostidagi kamtar masalliqdan ajoyib taom tayyorlamoqda.

Samarqandliklarni Samarqandda hech kim mag‘lub eta olmayapti. «Navbahor» bilan kechgan dramatik o‘yindan so‘ng jamoa Andijonda yana bir dramaga qo‘l urgan, biroq baribir muxlislariga anchadan buyon g‘alaba taqdim etmayotgandi. Jizzax mag‘lub etilgan oqshomdan keyingi qurbon – OTMK. Olmaliq jamoasi o‘ziga kela olmayapti. Oradagi bitta g‘alaba Qosimov shogirdlari kayfiyatini yaxshilamadi. «Bunyodkor» va «Nasaf»dan qabul qilingan zarba juda og‘ir kelgan, shekilli...

«Paxtakor» stadioniga borishdan avval OTMK «So‘g‘diyona»ni qabul qiladi va muxlislar shu o‘yindangina uch ochko umid qilib turgan bo‘lishsa, ajabmas.

«Dinamo» esa, «Loko» bilan bellashishdan avval Buxoroga boradi, «Qizilqumni» qabul qiladi va Qo‘qonda o‘ynaydi. Fayziyev mana shu o‘yinlardan besh-olti ochko tortib olsa kerak.

PAXTAKOR – NAVBAHOR – 2:2:

Eng zo‘r to‘qnashuv

Eng zo‘r o‘yinni oxirida bermayotganimizga sabab bor, navbati kelganda aytamiz. Hozir esa, uchrashuvning o‘ziga to‘xtaladigan bo‘lsak, shunday bo‘lishi kutilgan edi: «Paxtakor» kuchliroq o‘yin ko‘rsatishi, «Navbahor» munosib javob berishi, muxlislar shovqin-suroni va hakamlar haqidagi qandaydir gap-so‘zlar...

Shaxsan men uchun Zokir Qodirov o‘yinni yomon boshqarmadi. To‘g‘ri, tizgin ba'zi vaziyatlarda qo‘lidan chiqib ketgandir, ammo «Paxtakor» stadionidagi bunday to‘qnashuvda kim ushlab tura oladi? Shuningdek, hakamning xato qarorlari o‘yin taqdiriga jiddiy ta'sir o‘tkazdi, deya olmayman. Penaltiga shubham yo‘q. Sariq kartochkalarni o‘z vaqtida berdi.

Aut... To‘g‘ri, yosh bola ham biladigan qoida. Biroq, bu qadar shovqinda insoniy faktor bilan ham xato qilishi mumkin. Ayniqsa, u golli vaziyatga aloqador bo‘lmasa, jiddiy olish shartmas. Mayli, nima bo‘lganda ham Zokir Qodirov chetlatildi. O‘yin esa, muxlislar uchun turning ajib lahzalarini taqdim etdi. «Navbahor»ning kambeki bizga YeChLdagi ingliz klublarini eslatib yubordi. Namanganlik futbolchilarni o‘sha kambekka undagan muxlislari bo‘ladi. Shularning haqqi-hurmati Kanchelskis shogirdlari irodali futbol ko‘rsata olishdi. Kasyan va O‘runov raqib jamoasi yulduzlari darajasida o‘ynab berishdi. Ochig‘ini aytganda, natija o‘yinga mos bo‘ldi. «Navbahor» hisobni tenglashtira olgani uchun ham yutqazishga haqqi yo‘q edi.

Keyingi turlarga qaraydigan bo‘lsak, «Navbahor» «Metallurg» bilan oson bo‘lmagan o‘yin o‘tkazadi va so‘ng vodiy derbisida «Andijon»ni qabul qiladi. Uydagi ikki o‘yinda katta sahnada yana namanganlik muxlislar, shubhasiz...

MeTALLURG – LOKOMOTIV – 0:0:

Temiryo‘ldagi to‘siq

Ha, «Lokomotiv» peshqadamning ochko yo‘qotganidan unumli foydalanishi kutilgan edi. Biroq, «Metallurg» doimgidek tishini ko‘rsatdi. Uchrashuvning bir soatini temiryo‘lchilar bir o‘yinchisiz o‘tkazishdi. Hisob ochilmadi natijada. Fyodorov shogirdlari «Paxtakor» bilan uch ochkolik farqni qisqartira olishmadi. Keyingi turlarda amaldagi chempion o‘z o‘yinlari bilan ko‘pchilikning suyuklisiga aylanib qolgan «Bunyodkor» va «Nasaf» bilan bahs yuritadi. Bekobodliklar esa, Namanganga tashrif buyurishadi. Kanchelskis jamoasi bilan bir ochkolik farq borligini hisobga olsak, 9-turda ko‘proq o‘sha bahsga e'tiborimizni qaratamiz. Zo‘rroq o‘yinlar oldinda, shekilli?!

Turnir jadvalidagi holat

Xayrulla Hamidov 

Mavzu
Superliga
8 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining yangi mavsumiga - Superliga-2019 turniriga start berildi
Barchasi
Top